17.11.2025
41

Alloh taoloning Qur’oni karimda kelgan ism sifatlari tahlili

Alloh taoloning Qur’oni karimda kelgan ism sifatlari tahlili.

 

Islom aqidasining eng muhim poydevorlaridan biri – bu Alloh taoloni Uning o‘zi ta’riflagan tarzda tanish va unga iymon keltirishdir. Qur’oni karimda Allohning zotiga xos bo‘lgan ko‘plab ism va sifatlar bayon etilgan bo‘lib, ular musulmon kishining aqidasi, ma’naviyati va dunyoqarashini shakllantirishda beqiyos o‘rin tutadi.  Qur’onda kelgan ilohiy sifatlar Allohning ulug‘ligini, rahmatini, adolatini, hikmatini, qudratini va boshqa cheksiz kamolotlarini ifodalaydi. Har bir ism o‘zida chuqur ma’no, tarbiyaviy xulosa va aqidaviy asosni mujassam etadi. Shu bois, ularni o‘rganish nafaqat ilmiy izlanish, balki insonning ruhiy poklanishi, qalb tarbiyasi va iymon mustahkamligining ham asosiy unsurlaridan biridir.  Allohning borligiga ishongan odam U zotni yaxshi tanishi kerak, bu ilmni hosil qilish uchun inson albatta aqoid faniga murojaat qiladi. Uni tanishda ma'rifat hosil qilishi lozim boʻladi. Inson biror narsani bilganida unga ishonishni boshlaydi. 

وَلِلَّهِ ٱلۡأَسۡمَآءُ ٱلۡحُسۡنَىٰ فَٱدۡعُوهُ بِهَاۖ

Allohning goʻzal ismlari bordir. Bas, Unga oʻsha(ism)lar ila duo qiling”   [1]degan.

         Qur’oni Karim va Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hadislarida Allohning bir necha ism va sifatlari bayon etilgan bo‘lib, bu musulmon insonni ushbu ism va sifatlarni bilishga chorlaydi. Chunki bu ismlar mo‘min keltirgan iymonini, ya’ni Xoliqini tanishiga katta yordam beradi. Ya’ni Qur’on va sunnatda kelgan Allohning ism va sifatlari mo‘min uchun o‘z Parvardigoriga bo‘lgan e’tiqodini mustahkamlash va Uning zoti haqidagi fikrlarini mustahkamlashga  asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi.   Allohning barcha ismlari go‘zaldir. Mo‘min-musulmon banda Allohga duo qilganida, o‘sha go‘zal ismlar ila duo qilmoği lozim.  Alloh taolo o’z kalomida:

هُوَ اللَّهُ الْخَالِقُ الْبَارِئُ الْمُصَوِّرُ لَهُ الْأَسْمَاء الْحُسْنَى يُسَبِّحُ لَهُ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَهُوَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ

U Alloh Xoliq, Bori, Musavvirdir. Barcha go‘zal ismlar Unikidir. Osmonlaru yerdagi barcha narsalar Uni poklab yod etadilar. Yana U Aziz va Hakimdir”[2],  — degan.

“Hashr” surasining bu so‘nggi oyatida Allohning bir necha go‘zal ismlari haqida so‘z boryapti.   

Xoliq – yaratuvchi;

Bori – yo‘qdan bor qiluvchi;

Musavvir – maxluqotlarning suratini shakllantiruvchi.

Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, e’tiqod va ibodat faqat yagona Allohning o‘ziga bo‘lmog‘i kerak. Barcha qalblar faqat Ungagina talpinishi lozim. Alloh taolo shundoq zotki, siz bilan biz bilgan va bilmagan barcha narsalarni biladi. Osmonlar va yerda Alloh bilmagan narsa yo‘q, demak, Ungagina ibodat qilish kerak.

Qur’oni karimda:

هُوَ اللَّهُ الَّذِي لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْمَلِكُ الْقُدُّوسُ السَّلَامُ الْمُؤْمِنُ الْمُهَيْمِنُ الْعَزِيزُ الْجَبَّارُ الْمُتَكَبِّرُ سُبْحَانَ اللَّهِ عَمَّا يُشْرِكُونَ

U Alloh, Undan o‘zga iloh yo‘q zotdir. U – Malik, U – Quddus, U – Salam, U – Mo‘min, U – Muhaymin, U – Aziz, U – Jabbor, U – Mutakabbirdir. Alloh Ungа shirk keltirayotgan narsalardan pokdir” 

Avvalgi oyat kabi bu oyati karima ham Alloh vahdoniyatining isboti ila boshlangan va Uning bir necha ismlarini eslatmoqda, jumladan:

 Malik – haqiqiy egadir, Undan o‘zga ega yo‘q. Shuning uchun bandalar faqat Unga qul bo‘ladilar. Hech vaqtda bir qulga ikki xo‘ja bo‘lmaydi. Shuning uchun insonlar o‘zlariga o‘xshagan insonlarga emas, balki yagona yaratanga, haqiqiy egaga qul bo‘lishlari lozim.

Quddus – barcha ayblardan holi, noloyiq sifatlardan pok. Mutlaq muqaddaslik va mutlaq poklik Allohning O‘ziga xosdir.

Salom – nuqsonlardan salomat, shuningdek, tinchlik-xotirjamlik va rohat beruvchi zot. Alloh “Salom” sifati ila bandalarga tinchlik, omonlik, xotirjamlik ato qiladi.

Mo‘min – iymon va omonlikni beruvchi.

Muhaymin – hamma narsani qamrab oluvchi, ya’ni, Alloh bandalarning barcha holatlariga guvoh bo‘lib turadi, Undan hech narsa maxfiy qolmaydi.

Aziz – barchaning ustidan g‘olib.

Jabbor – oliy qadr, ulug‘, Uning oldida o‘zgalar o‘zini xor tutadi.

Mutakabbir – kibryosi va ulug‘ zot.

     

 

                                                       Tayyorladi: Ta’lim muassasasi talabasi  F. Tavakalova

                                                        Mas’ul ustoz: Ta’lim muassasasining aoqid fani o’qituvchisi S.Muhamedxodjayeva


 

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tafsiri Hilol”. “HILOL-NASHR” nashriyoti, Toshkent, 2022. A’rof surasi, 180-oyat, 2-juz, B.123

[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tafsiri Hilol”. “HILOL-NASHR” nashriyoti, Toshkent, 2022. Hashr surasi, 23-oyat, 6-juz, B.116

Другие новости

Sendan yetimlar haqida so‘raydilar
20.04.2026 2
Sendan yetimlar haqida so‘raydilar Islom dinida yetimlarga rahm-shafqat qilish, ularning huquqlarini himoya qilishga targ‘ib qilingan ko‘plab oyat-hadislar bor. Islom tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak sahobalar, tobe’inlar va taba’ tobe’inlar davrlarida musulmonlarning...
Подробнее
UZR SOHIBLARIGA DOIR FIQHIY HUKMLAR
19.04.2026 2
UZR SOHIBLARIGA DOIR FIQHIY HUKMLARUzr sohibi badanidan uzluksiz tahorat sindiruvchi narsa chiqib turgan kishidir. Masalan bavlni tuta olmaslik, ich ketishi, uzluksiz yel kelib turishi, ko‘zdagi kasal sabab undan rangi o‘zgargan,...
Подробнее
Jihod tushunchasini soxtalashtirayotganlardan ogoh boʻlaylik
10.04.2026 9
Oxirgi yillarda jihod qilayotganini daʼvo qilib urush boʻlayotgan yurtlarga ketib qolayotganlar haqidagi xabarlar koʻpaydi. Bunga sabab boʻlayotgan narsa esa jihodning asl mohiyati, uning qanday amal ekani haqida ilmga ega boʻlmaslikdir....
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry