19.10.2026
8

Ona tili - millatning mangu hayot manbai va ma’naviyat sarchashmasi



 

✍️ Insoniyat tarixining qaysi sahifasiga nazar tashlamaylik, har bir millatning o‘zligi, ruhiy olami va tafakkur tarzi, avvalo, uning tilida namoyon bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Til shunchaki tovushlar majmuasi yoki o‘zaro muloqot vositasi emas, balki millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik, milliy o‘zlik va mustaqillikning muhim ramzidir.
O‘zbek tili bugungi yuksak maqomiga osonlikcha erishgani yo‘q. Uning bosib o‘tgan yo‘li ziddiyatlar va sinovlarga boy. Sobiq ittifoq davrida milliy tilimizning ijtimoiy hayotdagi mavqei cheklanib, rasmiy idoralar, ilm-fan va boshqaruv sohalarida rus tilining ustuvorligi kuzatildi. Bunday sharoitda ona tilimizning mavqeini tiklash, uni davlat tili sifatida e’tirof etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar milliy o‘zlikni anglash jarayonining muhim qismiga aylandi. Xalqimiz va ziyolilarimizning sa’y-harakatlari natijasida 1989-yil 21-oktabrda "Davlat tili haqida"gi Qonun qabul qilindi. Bu tarixiy voqea milliy o‘zlikni anglash va mustaqillik sari intilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
🗣 Bugungi kunda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish hamda barcha sohalarda keng qo‘llanilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ona tilimizning xalqaro maydonda tanilishi, ilmiy va madaniy aloqalardagi ishtirokining kengayishi uning zamonaviy dunyodagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbek tili boy lug‘at tarkibi, nozik ma’no qirralari va betakror ohangi bilan ajralib turadi. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zining "Muhokamat ul-lug‘atayn" asarida turkiy tilning keng ifoda imkoniyatlarini asoslab, uning badiiy va ilmiy salohiyatini namoyon etgan. Biz so‘zlashayotgan til - hazrat Navoiyning g‘azallari, Zahiriddin Muhammad Boburning she’riyati, Abdulla Qodiriyning romanlari orqali asrlar osha yetib kelgan bebaho ma’naviy xazinadir.
Zamonlar o‘zgarishi bilan til oldidagi talablar ham yangilanib bormoqda. Bugungi kunda o‘zbek tilini nafaqat adabiyot va san’at, balki zamonaviy ilm-fan, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar sohasida ham keng qo‘llash muhim vazifalardan biridir. Ilmiy atamalarni o‘zbek tilida aniq va tushunarli ifodalash, zamonaviy texnologiyalar sohasida milliy til imkoniyatlaridan samarali foydalanish uning rivoji va zamon bilan hamnafasligini ta’minlaydi.
Ona tili - onamizning allasi, bolaligimizning eng samimiy sadosi, milliy qadriyatlarimiz va ma’naviyatimizning ajralmas qismidir. Uni asrash, rivojlantirish va kelajak avlodga boyitilgan holda yetkazish har birimizning sharafli burchimizdir. Buning uchun tilimizning sofligiga e’tibor berish, so‘zlarni o‘rinli qo‘llash, imlo va adabiy til me’yorlariga rioya qilish, ona tilimizning ilm-fan va kundalik hayotdagi qo‘llanish doirasini kengaytirishimiz lozim.
Zero, til yashasa - millat yashaydi, til rivojlansa - millatning ma’naviy salohiyati yuksaladi. Ona tilimizni e’zozlash, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish va uni kelajak avlodga munosib yetkazish barchamizning muqaddas mas’uliyatimizdir.

✍ Tayyorladi: taʼlim muassasasi talabasi M.Muhammadnabiyeva‌‌

✏️ Mas'ul: ta'lim muassasasi matbuot kotibi M.Mamadaliyeva

 

 

Другие новости

Tinchligimizni qadriga yetaylik
27.10.2026 5
Vatan – insonning tug‘ilgan, kindik qoni to‘kilgan joyidir. Bolalik, yoshlik davri o‘tadigan, ta’lim-tarbiya topadigan joydir. Safar qilsa, mudom qumsaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi, tinchligi yo‘lida xizmat qilish, uni yomon...
Подробнее
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari
13.10.2026 11
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari Azaliy va abadiy mavjud bo‘lgan, barcha mavjudodlarni yo‘qdan bor qilgan, sherigi va o‘xshashi bo‘lmagan Alloh taologa hamdu sanolar, Uning buyukligi, jaloli va jamoliga munosib maqtovlar...
Подробнее
"USTOZ — OTANGDEK ULUG‘"
08.10.2026 14
#maqolaAnnotatsiya. Ushbu maqolada ustozning inson hayotidagi o‘rni, yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishdagi mas’uliyati hamda ustoz va shogird o‘rtasidagi munosabatlar haqida fikr yuritiladi. Ustozning shogirdga faqat bilim emas, balki hayotiy...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry