27.10.2026
5

Tinchligimizni qadriga yetaylik

Vatan – insonning tug‘ilgan, kindik qoni to‘kilgan joyidir. Bolalik, yoshlik davri o‘tadigan, ta’lim-tarbiya topadigan joydir. Safar qilsa, mudom qumsaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi, tinchligi yo‘lida xizmat qilish, uni yomon ko‘zdan, qora kuchlardan himoya qilish, uning sha’nini yuqori ko‘tarish – bularning barchasi Alloh subhanahu va taologa bo‘lgan muhabbatimizning, U Zotning habibi, Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatimizning mahsulidir. Zero, Alloh subhanahu va taolo bu tuyg‘uni insonning fitratiga qo‘shib yaratgan. Bu tuyg‘u nafaqat insonda, balki boshqa maxluqotlarda ham bor. Vatanni yaxshi ko‘rish, vatanni qumsash tinchlikka intilish tuyg‘usi jonivorlarda ham bor. Baliq suvga, hayvon o‘zining iniga, hasharot uyasiga intiladi. O‘sha aqli yo‘q jonivorlar ham, tinchlikni ne’mat biladi, xatto hasharotlar ham o‘zining uyini taniydi, uni quradi, unda jufti bilan yashab, naslini davom ettiradi, zarur paytda vatanini himoya qiladi. Shunday ekan, aqlu zakovat, tafakkur ato etilgan, borliqdagi mavjudotlarning gultoji bo‘lgan insonda esa bu tinchlik tuyg‘u yuksak darajada rivojlangan bo‘lishi lozim.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne’mat ekanligini ta’kidlab shunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”. (Imom Buxoriy va Imom Termiziy).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim. Ulug‘ ne’mat - mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikdan xotirjamlikka berilish, ogohlik va sezgirlikni yo‘qotishga mutlaqo haqqimiz yo‘q. Uni asrab-avaylash, himoya qilish faqat muayyan sohalar xodimlarining vazifasi, deganlar qattiq yanglishadi. Bu yo‘lda barchamiz yanada jips bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishimiz kerak. O‘z uyingni o‘zing asra, degan gapda hikmat ko‘p, uning ma’nosi keng. Zero, tinchlik uchun doimo kurashish kerak, uni hech kim yaratib bermaydi. Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi

Afsuski, Alloh taoloning ulug‘ ne’mati bo‘lmish tinchlikdan hamma ham barobar bahramand emas. Chunki, dunyoning turli burchaklarida notinchliklar hukm surmoqda. Shuning uchun ham biz doimo tinchlik va mehr-oqibatni o‘zida mujassam etgan muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etishni dolzarb vazifa sifatida bilamiz.

Dunyoda urush olovi yoqilib turgan mamlakatlarni oling, qanchadan-qancha begunoh kishilarning halok bo‘layotganini guvohi bo‘lasiz. Boshqa diyorlarda boʻlayotgan notinchliklar, vahimalar bizni tinch va osoyishta yashayotganimiz uchun yanada koʻproq shukr qilishga chorlaydi.

Barchamiz ona Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetib, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun o‘z hissamizni qo‘shib, el-yurt taqdiri, kelajagi uchun qayg‘urib umrguzaronlik qilaylik. Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, beg‘ubor osmon, osoyishta hayot, xotirjamlik tilaylik! Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror aylasin, jannatmakon yurtimizni tinch, mehnatkash xalqimizni farovon, osmonimizni musaffo etsin.

Tinchlik bardavom bo‘lishi uchun bizdan talab qilinadigan narsa, ushbu ne’matga shukr keltirish va tinchlikka rahna soluvchi kuchlarga beparvo bo‘lmasligimizdir. Agar bu ne’matga shukr qilinmasa, Alloh taolo buning o‘rniga xavf-xatarni almashtirib qo‘yadi, bundan Allohning o‘zi asrasin!

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta’lim muassasasi hadis fani oʻqituvchisi

J.Jamol

Другие новости

Ona tili - millatning mangu hayot manbai va ma’naviyat sarchashmasi
19.10.2026 8
✍️ Insoniyat tarixining qaysi sahifasiga nazar tashlamaylik, har bir millatning o‘zligi, ruhiy olami va tafakkur tarzi, avvalo, uning tilida namoyon bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Til shunchaki tovushlar majmuasi yoki o‘zaro muloqot...
Подробнее
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari
13.10.2026 11
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari Azaliy va abadiy mavjud bo‘lgan, barcha mavjudodlarni yo‘qdan bor qilgan, sherigi va o‘xshashi bo‘lmagan Alloh taologa hamdu sanolar, Uning buyukligi, jaloli va jamoliga munosib maqtovlar...
Подробнее
"USTOZ — OTANGDEK ULUG‘"
08.10.2026 14
#maqolaAnnotatsiya. Ushbu maqolada ustozning inson hayotidagi o‘rni, yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishdagi mas’uliyati hamda ustoz va shogird o‘rtasidagi munosabatlar haqida fikr yuritiladi. Ustozning shogirdga faqat bilim emas, balki hayotiy...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry