10.11.2025
96

Murobaha savdosining zamonaviy ko‘rinishlari

Murobaha savdosining zamonaviy ko‘rinishlari

Savdo-sotiq va unga oid masalalar insoniyat tarixining ajralmas qismi bo’lib, bu sohaning taraqqiyoti turli davrlar va mamlakatlarda har xil shakllarda namoyon bo’lgan. Islom dini halol tijoratni rag‘batlantirib, unga adolat va shaffoflik tamoyillarini tatbiq etadi. Qur’oni karimda ham Alloh taolo Niso surasida:

يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَأۡكُلُوٓاْ أَمۡوَٰلَكُم بَيۡنَكُم بِٱلۡبَٰطِلِ إِلَّآ أَن تَكُونَ تِجَٰرَةً عَن تَرَاضٖ مِّنكُمۡۚ

“Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Magar o‘zaro rozilik ila tijorat bo‘lsa, mayli”[1], deya marhamat qilgan.

Hozirgi zamonga kelib ham musulmon yoxud aholisining ko‘p qismi musulmon bo‘lgan mamlakatlar orasida shariat hukmlariga asoslangan islomiy moliya tarmog‘ini rivojlantirish, aholi orasida keng yoyish dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelmoqda. Chunki, bugunga kelib islomiy moliya tarmog‘i jahonda jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan hamda o‘zida innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini jamlagan sohalardan biri hisoblanadi.

Qur’oni karim va hadislarda  ribodan qochish muhimligi ta’kidlanadi. Shuning uchun ham islom moliyasida foizsiz kreditlash va adolatli tijoriy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida turli alternativ yo’llar ishlab chiqilgan. Ulardan eng ko‘p qo‘llaniladiganlaridan biri – murobaha savdosi hisoblanadi.

Shar’iy manbalarda murobaha savdosi tavliya savdosi bilan yonma-yon zikr etiladi. Bunga sabab, murobaha savdosi sotadigan odam bir narsani o‘zi olgan bahodan ziyoda bir ma’lum foyda olmoqni shart qilib bay qilmoqdir. Tavliya esa, sotmoqda shart qilmoq, ya’ni, bu bay o‘zi olgan bahoga, ya’ni o‘ziga qaysi bahoga tushgan bo‘lsa, o‘sha bahoga bermoqni shart qilgay.[2] Mazkur ikki savdo turi joiz hisoblanadi.

Quduriy rahimahulloh aytadi: Murobaha savdosi avvalgi savdo bitimida qo‘lga kiritilgan narsani avval to‘langan badal ustiga foyda qo‘yib (ya’ni avvalgi savdoda mol evaziga nimani badal o‘laroq bergan bo‘lsa, ikkinchi savdoda molni aynan o‘sha badal evaziga, ustiga qo‘shimcha qo‘yib sotib oluvchiga) sotishdir.[3]

Zamonaviy fiqhiy adabiyotlarda murobahaga quyidagicha ta’rif beriladi: Murobaha shunday savdo turi bo‘lib, unda sotuvchi savdo molining tannarxini va qo‘yilayotgan ustamani, ya’ni o‘z foydasini xaridorga ochiq-oydin bildiradi. Murobahada foyda tomonlar kelishuviga binoan yaxlit pul miqdori ko‘rinishida yoki molning tannarxi ustiga ma’lum miqdorda kelishilgan foiz qo‘yib shakllangan bo‘lishi mumkin. [4]

Aslini olib qaraladigan bo‘lsa, murobaha oddiy tannarx+ustama asosidagi savdodir. Ammo hozirgi kunda to‘lovni kechiktirish g‘oyasi kiritilgandan keyin, murobaħa savdosidan mijozning mahsulot sotib olishi uchun moliyalashtirish maqsadida ham foydalanish amalga kiritildi. Shuning uchun ham, murobaha islomiy moliyalashtirishning eng maqbul shakl hisoblanmaydi. Uni faqat boshqa savdo turlari ishlamaydigan hollardagina ishlatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Murobaha asosan chegarali bo‘lgan moliyaviy muomaladir, undan chetga chiqish faqat foizli moliyaviy amaliyotga olib kelishi mumkin. Shu sababli, bu savdoni shariat talablariga muvofiq amalga oshirishda juda ehtiyotkor bo‘lish zarur.

Zamonaviy jamiyatda halol savdo tamoyillarini kengroq qo‘llash va murobaha tizimini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tizim faqat moliyaviy manfaat emas, balki odamlar o‘rtasidagi ishonch va halollik muhitini shakllantirishga ham xizmat qiladi. Kelajakda murobaha va unga o‘xshash halol savdo usullarini kengroq joriy qilish orqali jamiyatning barqaror rivojlanishiga erishish mumkin.[5]

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Qur’oni karim.
  2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf / Tafsiri Hilol. 1-juz. “HILOL-NASHR” nashriyoti, Toshkent, 2017. 528 b
  3. Burhonuddin Marg‘inoniy / Hidoya sharh bidoyatil mubtadi.  4-jild. “HILOL-NASHR” nashriyoti, Toshkent, 2020. 604 b
  4. Maqsudxoja ibn Mansurxo‘ja/ Majma’ ul-Maqsud. 2-qism. “Adolat”, Toshkent, 1996-yil. 608 b
  5. Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy / Islom moliyasiga kirish.“Azon kitoblari” nashriyoti, Toshkent, 2023. 288 b
  6. Y.A.Baydaulet / Islomiy moliya asoslari. “O‘ZBEKISTON” NMIU, Toshkent, 2019. 432 b

INTERNET MANBALARI

  1. https://islommoliyasi.uz/uz/
  2. https://t.me/s/diniysavollar

 

 


1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol, 1-juz. “HILOL-NASHR” nashriyoti. Toshkent, 2017.-B.526.

[2] Maqsudxoja ibn Mansurxo‘ja. Majma’ ul-Maqsud. 2-qism. “Adolat”, Toshkent, 1996-yil.-B.59.

[3] Burhonuddin Marg‘inoniy. Hidoya sharh bidoyatil mubtadi.  4-jild. “HILOL-NASHR” nashriyoti, Toshkent, 2020.-B.161.

[4] Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy. Islom moliyasiga kirish.“Azon kitoblari” nashriyoti, Toshkent, 2023.-B.115.

[5] Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy. Islom moliyasiga kirish.“Azon kitoblari” nashriyoti, Toshkent, 2023.-B.115.

Tayyorladi: Muhsina Yusufiy
Mas’ul ustoz: Surayyo Ibragimova

Другие новости

Tinchligimizni qadriga yetaylik
27.10.2026 5
Vatan – insonning tug‘ilgan, kindik qoni to‘kilgan joyidir. Bolalik, yoshlik davri o‘tadigan, ta’lim-tarbiya topadigan joydir. Safar qilsa, mudom qumsaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi, tinchligi yo‘lida xizmat qilish, uni yomon...
Подробнее
Ona tili - millatning mangu hayot manbai va ma’naviyat sarchashmasi
19.10.2026 8
✍️ Insoniyat tarixining qaysi sahifasiga nazar tashlamaylik, har bir millatning o‘zligi, ruhiy olami va tafakkur tarzi, avvalo, uning tilida namoyon bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Til shunchaki tovushlar majmuasi yoki o‘zaro muloqot...
Подробнее
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari
13.10.2026 11
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari Azaliy va abadiy mavjud bo‘lgan, barcha mavjudodlarni yo‘qdan bor qilgan, sherigi va o‘xshashi bo‘lmagan Alloh taologa hamdu sanolar, Uning buyukligi, jaloli va jamoliga munosib maqtovlar...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry