16.09.2026
23

BOBUR ASARLARIDA ZARURIY MASALALARNING YORITILISHI

BOBUR ASARLARIDA ZARURIY MASALALARNING YORITILISHI

 

Tarixiy kitoblarda Zahiriddin Muhammad Boburning shohlik, sarkardalik va olimlik isteʼdodidan tashqari fiqh ilmini mukammal bilgani ham keltiriladi. Jumladan, Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” (Sevimli zotlar yodnomasi) asarida Bobur haqida bunday soʻzlar bor: “Fiqh masalalarini yana bir risolada mubayyan qilganki, yozuvchisi donishmandligidan nishonadir. Turkiy va forsiyda yaxshi sheʼrlari bordir. Oʻshal fiqh risolasining nomi “Mubayyan” dir”. “Mubayyan” asari Temuriylar davri ijtimoiy-madaniy hayoti haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Shayx Zaynuddin ibn Qutbiddin al-Hanafiy al-Xavofiy ushbu asarga sharh yozib, uni «Mubayyan” deb nom qoʻyadi[1]. 

Bobur Mirzo “Mubayyan”da eng muhim islomiy ilmlarni saralab, oʻzining din olimi, faqih ekanini ham koʻrsatgan. “Mubayyan” Hindiston yurishlari davrida, hijriy 928-yili (mil. 1521) sheʼriy yoʻlda tasnif etilgan. Asarda ahli sunna val jamoa aqidasi ravshan bayon qilingan. Bobur asarni oʻz valiahd oʻgʻillari Nosiruddin Humoyun va Komron Mirzolarga dastur-ul amal sifatida moʻljallab, ularning siymosi orqali butun xalq ommasiga besh farz fiqhiy masalalarini taʼlim qiladi[2].

Darhaqiqat, asarda muqaddas islom dinining besh rukni: iymon-eʼtiqod, namoz, roʻza, zakot  va  haj masalalari  goʻzal  sheʼriy tilda  bayon  etilgan.

 “Mubayyan” asarining asosiy tayangan manbalari muborak 
“Muxtasar ul-Viqoya” hamda “Hidoya”i  sharif  kitoblaridir. Asardagi  duo  matnlari esa  asosan  kutubi sittada, yaʼni  olti  ulugʻ muhaddisning  kitoblarida  kelgan hadislardan  hamda  Imom Gʻazzoliyning “Ihyo-u ulumid-din”  asaridan  tanlab olingan.

AVVALGʻI FARZNING BAYONI

(Birinchi farzning bayoni)

Bobur, avvalgʻi farz qil taʼrif –

Kim, bor insonga avval ul taklif.

Budur iymon, men aytayin, eshiting,

Har ne dermen, ani  koʻngulga biting.

Muʼmanun  bihqakim  boʻlur tahqiq,

Qilgʻay iqror til, koʻngul tasdiq[3].

Bobur, endi birinchi farzning taʼrifini bayon qil, chunki insonga avval shu narsa taklif qilingan – yuklangan, buyurilgan. Bu (birinchi farz) iymon keltirishdir, buni eshiting va har aytgan soʻzimni koʻngilga yozib qoʻying.

Birinchi iymon keltiriladigan narsa, tahqiq qilinib, oʻrganilib, haqiqati yuzaga chiqarilganda, (Allohning yakka-yagonaligini va hazrati Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va Rasuli ekanliklarini) til bilan iqror qilib, qalb bilan tasdiq qilmoqdir[4].

 

OLTI MUʼMAN BIHNING ZIKRI

(Iymon keltirish shart boʻlgan olti narsaning bayoni)

Oltidur muʼmanun bih, ey moʻmin,

Aytayin barchasin, eshit mendin.

Avval iymon Xudogʻa kelturgil,

shirk cherigin zamirdin surgil.

Dogʻi bilkim, malak erur mavjud,

Borchasi abd-u, Tengridur maʼbud.

Bor uchunchi Kitobi iqrori,

Tengri tavfiq bersa, dey bori.

Yana bil anbiyosini barhaq,

Roʻzi oxirni dogʻi bil mundoq.[5]

Ey moʻmin! (Ey Allohga va Uning Rasuliga ishongan kishi!) Ishonish – iymon keltirish shart boʻlgan narsa oltitadir. Men barchasini aytayin, sen eshit (uqib ol).

Avval Allohga iymon keltirgin va shirk lashkarini (Allohga biror narsani sherik qilish fikrlarini) zamiringdan sidirib tashlagin. Ikkinchi, bilginki, farishtalar bordir (va bu haqiqatdir), hammasi bandadir,  Alloh  esa maʼbud  –  yagona ibodat  qilinadigan Zotdir.

Uchinchi, ilohiy Kitoblarni iqror qilmoq, yaʼni ularga ishonmoq shartdir, Alloh yordam bersa, barchasini batafsil aytayin. Toʻrtinchi, Allohning paygʻambarlarini barhaq deb (hech birining orasini ajratmasdan) iymon keltir, yana (beshinchi) oxirat kunini ham shunday haq deb ishon.

Yana bilgil Xudodin, ey hamdam,

Yaxshiliq boʻlsa, gar yamonliq ham.

Ushbularkim, borin dedi Bobur,

Bilgasenkim, mufassali iymondur.

Bu mufassalki, men dedim holiy,

Lek filjumla bordur ijmoli,

sharhi birla barin bayon qilayin,

Bilmagan boʻlsangiz, ayon qilayin.

(Oltinchi),  ey  hamdamim, doʻstim,  yana,  har qanday  yaxshilik  va yomonlik boʻlsa, Allohdan deb bilgin va ishongin. Bobur aytgan bu narsalar (iymoni mufassal) iymonning mufassali – tafsili, keng bayonidir[6].

Lekin  men  hozir aytgan  bu  mufassalning –  keng  tafsilning, umuman, ijmoli – qisqa ifodasi bordir.  Men barchasini sharhi bilan bayon qilayin va bilmagan boʻlsangiz, ayon qilayin, ravshan bildirayin.

Demak, iymonning shartlari oltitadir: Allohga, farishtalariga, kitoblariga, Paygʻambarlariga, oxirat kuniga, qazo va qadarga – yaxshilik va yomonlik Allohdan ekanligiga ishonmoqdir (“Al-fiqhul akbar”)[7].

Xadichai Kubro ayol-qizlar o`rta 

maxsus  islom ta`lim muassasasi 

o`qituvchisi, ToshDO‘TAU doktoranti 

Gulruh Kenjaboy Mirzo qizi

 


 

[1] G’aybulloh as-Salom, N.Otajon. Jahongashta “Boburnoma”, Toshkent.:1996, -B. 19

[2] I.Ramazonov. Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy-ijodiy merosining  milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishidagi o’rni. Toshkent: “Ziyo” nashriyoti 2018.- B. 29

 

[3] M.Kenjabek. Mubayyan va nasriy bayoni, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. Toshkent.:2014, -B. 13

[4] O’sha asar. B. 15

[5] M.Kenjabek. Mubayyan va nasriy bayoni, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. Toshkent.:2014, -B. 18

 

[6]  O’sha asar. B.20

[7] Abdulqodir Pardayev. Sharhu aqidatil Imom at Tahoviyya; Toshkent:  Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi. 2018.- B. 29

 

Другие новости

Tinchligimizni qadriga yetaylik
27.10.2026 5
Vatan – insonning tug‘ilgan, kindik qoni to‘kilgan joyidir. Bolalik, yoshlik davri o‘tadigan, ta’lim-tarbiya topadigan joydir. Safar qilsa, mudom qumsaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi, tinchligi yo‘lida xizmat qilish, uni yomon...
Подробнее
Ona tili - millatning mangu hayot manbai va ma’naviyat sarchashmasi
19.10.2026 8
✍️ Insoniyat tarixining qaysi sahifasiga nazar tashlamaylik, har bir millatning o‘zligi, ruhiy olami va tafakkur tarzi, avvalo, uning tilida namoyon bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Til shunchaki tovushlar majmuasi yoki o‘zaro muloqot...
Подробнее
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari
13.10.2026 11
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari Azaliy va abadiy mavjud bo‘lgan, barcha mavjudodlarni yo‘qdan bor qilgan, sherigi va o‘xshashi bo‘lmagan Alloh taologa hamdu sanolar, Uning buyukligi, jaloli va jamoliga munosib maqtovlar...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry