06.07.2026
67

Alloh taoloning go‘zal ismlari ichida «Ar-Rohman» ismining o‘rni va mazmuni

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

الْحَمْدُ لِلَّهِ ذِي الْأَسْمَاءِ الْحُسْنَى وَالصِّفَاتِ الْعُلَى، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ خَيْرِ الْوَرَى، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أُولِي الْفَضْلِ وَالتُّقَى.

Go'zal ismlar va oliy sifatlar sohibi bo'lgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo'lsin. Yaratilganlarning eng afzali, Robbisining go'zal ismlari va komil sifatlarini insoniyatga mukammal tarzda yetkazgan sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning pok ahli baytlariga, fazilat va taqvo egalari bo'lgan sahobalariga hamda ularga go'zal suratda ergashgan barcha mo'min-musulmonlarga salovot va salomlar bo'lsin.

Alloh taoloni Uning go'zal ismlari va oliy sifatlari orqali tanish islom aqidasining eng muhim va sharafli mavzularidan biridir. Zero, banda Robbisini qanchalik to'g'ri tanisa, Unga bo'lgan muhabbati, ta'zimi, tavakkuli va ibodati ham shunchalik mukammal bo'ladi. Shu bois Qur'oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlarida Alloh taoloning go'zal ismlarini o'rganish va Unga o'sha ismlar bilan duo qilishga alohida e'tibor qaratilgan.

Alloh taolo marhamat qiladi:

«﴿وَلِلَّهِ الْأَسْمَاءُ الْحُسْنَى فَادْعُوهُ بِهَا﴾»

Ma'nosi: «Allohning eng go'zal ismlari bordir. Bas, Unga o'sha ismlar bilan duo qiling». (A'rof surasi, 180-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:

««إِنَّ لِلَّهِ تِسْعَةً وَتِسْعِينَ اسْمًا، مِائَةً إِلَّا وَاحِدًا، مَنْ أَحْصَاهَا دَخَلَ الْجَنَّةَ».»

Ma'nosi: «Albatta, Allohning to'qson to'qqizta ismi bor. Kim ularni o'rganib, ma'nolarini anglab va ularga muvofiq amal qilsa, jannatga kiradi».

Alloh taoloning go'zal ismlaridan biri bo'lgan «Ar-Rohman» ismi Qur'oni karimda ko'p marotaba zikr qilingan bo'lib, Alloh taoloning barcha maxluqotga cheksiz rahmat ko'rsatuvchi Zot ekanini anglatadi. Hatto Qur'oni karimning ellik beshinchi surasi ham aynan ushbu ulug' ism – «Ar-Rohman» nomi bilan atalgan.

Alloh taolo marhamat qiladi:

«﴿الرَّحْمٰنُ ۝ عَلَّمَ الْقُرْآنَ ۝ خَلَقَ الْإِنسَانَ ۝ عَلَّمَهُ الْبَيَانَ﴾»

Ma'nosi: «Mehribon Zot. U Qur'onni ta'lim berdi. Insonni yaratdi. Unga bayon qilishni o'rgatdi». (Rahmon surasi, 1–4-oyatlar).

Bu oyatlarda avvalo «Ar-Rohman» ismining zikr qilinishi, so'ngra Qur'on ta'limi tilga olinishi haqiqiy rahmatning eng oliy ko'rinishi hidoyat va ilohiy vahiy ekaniga dalolat qiladi. Zero, dunyo ne'matlari vaqtinchalik bo'lsa, Qur'on va hidoyat insonni abadiy saodatga eltadi.

Ko'pchilik rahmatni faqat ne'mat berish, mol-dunyo ato etish yoki sog'lik in'om qilish bilan bog'laydi. Holbuki, «Ar-Rohman» ismining tajallisi bundan ancha kengroqdir. Ba'zan Alloh taolo bandasiga ne'mat beradi, ba'zan esa uning foydasi uchun ayrim ne'matlarni olib qo'yadi. Demak, masalaning asosi berish yoki olishda emas, balki banda uchun haqiqiy manfaat nimada ekanidadir.

Shu bois: «Ar-Rohman sifatining asosi berishmi yoki olishmi?» degan savol tug'iladi. Javob shuki, Alloh taoloning rahmati doimo bandasining haqiqiy foydasiga qaratilgan bo'ladi. Agar berish banda uchun hidoyat va saodat bo'lsa, beradi. Agar olish uning tavbasi, hushyor tortishi va oxiratini obod qilishi uchun foydali bo'lsa, olib qo'yadi. Har ikki holat ham ilohiy rahmatning ko'rinishidir.

Ulamolar «Ar-Rahim» va «Ar-Rohman» ismlari orasidagi nozik farqni ham bayon qilganlar. Alloh taolo Ar-Rahim sifati bilan bandasiga sog'lik, rizq, mol-dunyo, maskan va boshqa dunyoviy ne'matlarni ato etadi. Ar-Rohman sifati bilan esa bandasini hidoyatga boshlaydi, qalbini iymon bilan ziynatlaydi, tavbaga muvaffaq qiladi, solih amallarga yo'naltiradi va uning abadiy hayoti bo'lgan oxiratini obod etadi.

Bandaning Allohning xos rahmatiga sazovor bo'lishi ham sabablar bilan bog'liq. Kim Allohning alohida rahmatini istasa, itoat va ibodatda bardavom bo'lishi, halol mehnat qilishi, molidan infoq etishi, miskin va muhtojlarga yordam berishi, yetimlarga mehr ko'rsatishi, bevalarni qo'llab-quvvatlashi, qo'shnilar holidan xabar olishi, ilm majlislarida qatnashishi, ko'zini haromdan tiyishi hamda tilini zikr va Qur'on tilovati bilan mashg'ul qilishi lozim.
Ana shunday amallar orqali banda Alloh taoloning xos rahmatiga sazovor bo'ladi va Uning muqarrab bandalari safidan joy olishga umid qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning «Ar-Rohman» ismi Qur'oni karim va sunnat nurlarida porlab turuvchi ulug' haqiqat bo'lib, uning lug'aviy va istilohiy ma'nolari, aqidaviy mohiyati hamda mo'min hayotidagi tarbiyaviy ahamiyati inson qalbini rahmat, umid va muhabbatga to'ldiradigan buyuk ma'rifat manbaidir. Mo'min kishi Allohning rahmatini faqat berilgan ne'matlarda emas, balki Uning har bir taqdirida hikmat va mehr borligiga iymon keltirgan holda anglaydi. Robbisini «Ar-Rohman» ismi bilan tanigan banda Unga yanada ko'proq muhabbat bilan yuzlanadi, tavakkul qiladi va hayotining barcha jabhalarida Uning rahmatidan umidvor bo'lib yashaydi.

Tayyorladi: D.Islomova
Mas'ul: J.Gaipova

Другие новости

Tinchligimizni qadriga yetaylik
27.10.2026 5
Vatan – insonning tug‘ilgan, kindik qoni to‘kilgan joyidir. Bolalik, yoshlik davri o‘tadigan, ta’lim-tarbiya topadigan joydir. Safar qilsa, mudom qumsaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi, tinchligi yo‘lida xizmat qilish, uni yomon...
Подробнее
Ona tili - millatning mangu hayot manbai va ma’naviyat sarchashmasi
19.10.2026 8
✍️ Insoniyat tarixining qaysi sahifasiga nazar tashlamaylik, har bir millatning o‘zligi, ruhiy olami va tafakkur tarzi, avvalo, uning tilida namoyon bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Til shunchaki tovushlar majmuasi yoki o‘zaro muloqot...
Подробнее
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari
13.10.2026 11
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari Azaliy va abadiy mavjud bo‘lgan, barcha mavjudodlarni yo‘qdan bor qilgan, sherigi va o‘xshashi bo‘lmagan Alloh taologa hamdu sanolar, Uning buyukligi, jaloli va jamoliga munosib maqtovlar...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry