Arab tilini o'rganishning ahamiyati
Arab tili dunyoda o‘rganish jihatdan eng qiyin bo‘lgan tillarning ikkinchisi bo‘lsada, nega insonlar ushbu tilni o‘rganishga intilishadi? Bu savolning javobi tilning nafaqat mukammal lisoniy tuzilishida, balki uning insoniyat tarixidagi o‘rni, ma’naviy yuksalishdagi ahamiyati va o‘lmas qadr-qiymatidadir. Ushbu til o‘zining ko‘p asrlik tarixi davomida insoniyat sivilizatsiyasiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatgan lisonlardan biri bo‘lib kelgan va bugungi kunda ham o‘z jozibasini zarracha yo‘qotgan emas.
Arab tili deganda insonlarning xayoliga birinchi navbatda Islom dini keladi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki aksariyat ajam bo‘lgan, ya’ni arab bo‘lmagan musulmonlar Allohning kalomi bo‘lgan Qur'oni Karimni arab tilida to‘g‘ri tilovat qilish, uning har bir oyatidagi ilohiy xitobni chuqur anglash va tushunish uchun o‘rganishadi. Bu ularga ruhiy dunyosida yanada o‘zgacha zavq va halovat bag‘ishlaydi. Zero, har bir mo‘min-musulmon uchun muqaddas kitobni tarjimalar orqali emas, balki aynan nozil qilingan asl holatida o‘qish eng oily maqsad hisoblanadi.
Bunga qo‘shimcha ravishda, butun insoniyat uchun hayot qo‘llanmasi bo‘lgan Allohning kalomini tushunib yetish hamda unga pok qalb ila amal qilish har bir musulmon kishi uchun bu dunyodagi va oxiratdagi eng katta baxt ekanligi ham barchamizga ma'lumdir. Zero, arab tilining har bir harfi ortida chuqur hikmat, har bir kalimasida cheksiz ma'no va balog‘at yashiringandir. Uni o‘rganish insonga nafaqat til borasida mukammal bilim beradi, balki qalbga ruhiy xotirjamlik, ichki poklik hamda tafakkurning o‘zgacha bir yuksalishini hadya etadi. Qur'on oyatlarining o‘sha betakror, mo‘jizaviy ohangini bor vujudi bilan his qilish — bu tilni chin dildan o‘rganuvchilar uchun beriladigan eng go‘zal mukofotdir.
Shu bilan birga, arab tilini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj faqatgina musulmon sharqi yoki dindor insonlar orasidagina cheklanib qolmaydi. Dunyodagi eng noyob ilmiy, falsafiy va tarixiy asarlarning juda katta qismi aynan arab tilida yozilgani sababli ham, qaysi soha vakili bo‘lishidan qat'iy nazar, o‘z malakasini oshirishni istagan, o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, dunyoqarashini kengaytirib, yanada ko‘proq ma'lumotli bo‘lishni maqsad qilgan har bir inson bu tilni o‘rganishga harakat qiladi va unga ehtiyoj sezadi.
Bu borada bizning buyuk ajdodlarimiz va ota-bobolarimizning qoldirgan o‘lmas merosini eslamaslikning mutlaqo iloji yo‘q. Imom Buxoriy, Ibn Sino, Al- Farobiy, AlXorazmiy va Beruniy kabi butun dunyo taraqqiyotiga va ilm-fan rivojiga ulkan, beqiyos hissa qo‘shgan buyuk zotlar o‘zlarining dunyoni larzaga solgan falsafiy, tibbiy, matematik, astronomik va diniy asarlarini aynan shu tilda bitishgan. Jamiyat falsafasi, borliq qonuniyatlari hamda aniq fanlar asoslarini mukammal o‘rganishni istagan g‘arb va sharq olimlari hamon ushbu nodir manbalarga, qo‘lyozmalarga tayanib ish ko‘rmoqdalar. Demak, tarixiy haqiqat eshiklarini ochish va chinakam ilm-fan kalitiga ega bo‘lish ham aynan arab tilini bilish bilan bevosita bog‘liqdir.
Shuningdek, bugungi kunning zamonaviy talablari va global o‘zgarishlari nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, biznes va tadbirkorlik sohasidagi insonlar xalqaro miqyosda rivojlanishni, o‘z faoliyat chegaralarini kengaytirishni xohlasalar, ularga arab tili qatori bir qancha dunyo tillarini mukammal bilish foydadan xoli bo‘lmaydi, balki hayotiy zaruratga aylanadi. Hozirgi kunda iqtisodiy jihatdan dunyoning eng tez rivojlanayotgan, ulkan sarmoyalar, innovatsiyalar va zamonaviy arxitektura markaziga aylangan Yaqin Sharq davlatlari bilan yirik hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ularning o‘ziga xos boy madaniyati hamda biznes mentalitetini to‘g‘ri tushunish uchun arab tili eng mustahkam va ishonchli oltin ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bu til bugungi global iqtisodiyotda, xalqaro diplomatiyada va yirik siyosiy arenalarda hamisha yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda.
Arab tili dunyoda xalqaro tashkilotlar tomonidan rasman tan olingan eng nufuzli tillarning to‘rtinchi o‘rnida turadi. Shu bilan birga, u eshitilishi nihoyatda yoqimli va ohanggi go‘zal bo‘lgan, jonli suhbat jarayonida inson nutq a'zolarining barchasidan to‘liq va mukammal foydalaniladigan, ta‘rifiga so‘z ojiz bo‘lgan aziz va mukarram tildir. Uning har bir tovushi, har bir harfining maxrajlari insonda o‘zgacha bir nutqiy madaniyatni va lisoniy nafosatni shakllantiradi. Garchi uning grammatik qonun-qoidalari nihoyatda murakkab, sinonimlar xazinasi juda boy va o‘ziga xos balog‘at ilmiga ega bo‘lishiga qaramasdan, bu tilni chin dildan sevgan va unga samimiy muhabbat qo‘ygan inson uchun hech qanday qiyinchilik haqiqiy to‘siq bo‘la olmaydi. Zero, har bir qiyinchilik ortida doim bir go‘zallik, yengillik va mukammallik yashirinadi.
Barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatlashgan tillari bo‘lgan, balog'ati yuksak va eng qadimiy tillardan bo‘lgan arab tilini mukammal o‘rganib, o‘rgatish va bu borada buyuk ota-bobolarimizga munosib avlod bo‘lishni Alloh hammamizga muyassar aylasin.
Mas'ul ustoz: R. Mannobjonova
Bajaruvchi: Sh.Yunusova
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية