Yoshlar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining poydevorlaridir
Har bir xalqning ertangi kuni, taraqqiyoti va ravnaqi uning yosh avlodiga bog‘liq. Yoshlar jamiyatning eng faol, izlanuvchan va bunyodkor qatlami bo‘lib, mamlakat kelajagini belgilovchi asosiy kuch hisoblanadi. Shu bois ham O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etilib, ularning har tomonlama kamol topishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
O‘zbekistonda 30-iyun sanasi Yoshlar kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu bayram 2017-yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’sis etilgan bo‘lib, yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Shundan buyon har yili ushbu sana yurtimiz bo‘ylab katta shodiyona va ko‘tarinki ruhda nishonlanib kelinmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi, ilm-fan, sport, madaniyat va san’at sohalarida o‘z iste’dodini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ta’lim tizimining takomillashuvi, zamonaviy o‘quv maskanlarining barpo etilishi, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar buning yaqqol ifodasidir.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy maqsadlaridan biri - ma’naviy yetuk, Vatanga sadoqatli, keng dunyoqarashga ega va raqobatbardosh yoshlarni voyaga yetkazishdir. Chunki bugungi yoshlar ertangi kun rahbarlari, olimlari, shifokorlari, muhandislari, ustozlari va yurt ravnaqiga hissa qo‘shadigan fidoyi insonlaridir. Ularning har bir yutug‘i mamlakatimizning yutug‘i, har bir muvaffaqiyati esa xalqimizning faxridir.
Muqaddas dinimizda ham ilm olish, ezgulik qilish, ota-onaga hurmat ko‘rsatish, jamiyatga foyda keltirish kabi fazilatlar alohida ulug‘langan. Yoshlar qalbida ana shu yuksak qadriyatlarni shakllantirish, ularni komil inson etib tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Ma’naviy barkamol avlodgina xalq va davlat taraqqiyotining mustahkam poydevorini yarata oladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ham yoshlarning chuqur bilim olishi, yuksak ma’naviyat va go‘zal axloq sohibasi bo‘lib voyaga yetishi uchun alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talaba-qizlar diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallash bilan bir qatorda, milliy qadriyatlarimiz, ona Vatanga muhabbat, insonparvarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalanmoqda.
Muassasa jamoasi yoshlarning ilm-ma’rifatga bo‘lgan intilishi, jamiyat hayotidagi faolligi va ezgu ishlardagi tashabbuslarini yuksak qadrlaydi. Zero, ma’rifatli va odobli yoshlar jamiyatning eng katta boyligi, millatning bebaho xazinasi hisoblanadi. Ularning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi va rag‘batlantirilishi mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omillaridan biridir.
Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizdagi barcha yigit-qizlarni, xususan, ilm yo‘lida izlanayotgan, jamiyat ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishga intilayotgan yoshlarni samimiy muborakbod etamiz. Sizlarga mustahkam sog‘lik, ulkan marralar, ilm-fan va kasbiy faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt-saodat hamda ezgu niyatlaringizning ro‘yobini tilaymiz.
Yurtimiz yoshlarini ilmli, ma’rifatli, vatanparvar va xalqimizga munosib farzandlar etib kamol toptirsin. Ularning qalbida ezgulik, mehr-oqibat va yuksak ma’naviyat tuyg‘ulari doimo mustahkam bo‘lsin.
"Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasi Raqamli ta’lim texnologiyalar markaz boshlig‘i, oʻqituvchi Gulrux Maxamedova
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية