27.06.2026
7

Matbuot - haqiqat va ma’rifat minbari

Har bir davrning o‘z qahramonlari bo‘ladi. Ular orasida jamiyat hayotidagi voqea-hodisalarni xolis yoritib, xalqning dardu tashvishlari, orzu-intilishlari va yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazib beradigan jurnalistlar, muharrirlar, noshirlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois mamlakatimizda har yili 27-iyun sanasi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana axborot sohasida fidokorona mehnat qilayotgan minglab ijodkor va mutaxassislarga hurmat va ehtirom ifodasidir.

Bugungi kunda dunyo misli ko‘rilmagan axborot oqimi davrini boshdan kechirmoqda. Inson hayotining deyarli barcha jabhalari axborot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qoldi. Jamiyat taraqqiyoti, siyosiy barqarorlik, ma’naviy yuksalish va iqtisodiy rivojlanishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Chunki axborot insonning dunyoqarashini shakllantiradi, uning fikrlashi va hayotga bo‘lgan munosabatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Matbuot azaldan jamiyatning ko‘zgusi sifatida e’tirof etib kelinadi. U xalqning kayfiyati, ehtiyojlari va muammolarini aks ettiradi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni ta’minlaydi. Haqqoniy va xolis jurnalistika demokratik jamiyatning muhim ustunlaridan biri hisoblanadi. Chunki ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillarini qaror toptirishda ommaviy axborot vositalarining hissasi beqiyosdir.

Yangi O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishi, soha vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, jurnalistika nufuzini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda axborot maydonini kengaytirish, zamonaviy media platformalarni rivojlantirish, internet jurnalistikasi va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada bugungi kunda jurnalistlar va blogerlar jamiyat hayotidagi muhim voqealarni tezkor yoritish, mavjud muammolarni ko‘tarib chiqish va ularning yechimiga ko‘maklashishda faol ishtirok etmoqda.

Jurnalistlik kasbi tashqaridan qaraganda qiziqarli va jozibador ko‘rinishi mumkin. Biroq uning ortida katta mas’uliyat, zahmat va fidoyilik mujassam. Har bir xabar, maqola yoki ko‘rsatuv ortida tinimsiz izlanish, dalillarni tekshirish, voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur o‘rganish kabi mashaqqatli mehnat yotadi. Jurnalistning asosiy vazifasi haqiqatni izlash va uni xalqqa yetkazishdan iboratdir. Bu esa yuksak kasbiy mahorat, mustahkam bilim va vijdon talab etadi.

Axborot asrida yolg‘on ma’lumotlar, asossiz xabarlar tez tarqalmoqda. Bunday sharoitda jurnalistlarning mas’uliyati yanada ortadi. Xolislik, aniqlik, haqqoniylik va odob-axloq me’yorlariga rioya qilish jurnalist faoliyatining eng muhim tamoyillaridir. Chunki birgina noto‘g‘ri axborot minglab insonlarning fikri va qarorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Muqaddas islom dinida ham so‘z mas’uliyatiga katta ahamiyat beriladi. Qur’oni karim va hadisi shariflarda rostgo‘ylik, adolat va haqqoniylik ulug‘lanadi. Har qanday ma’lumotni tekshirib ko‘rish, yolg‘on xabarlardan tiyilish va inson sha’niga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatmaslik haqida ko‘plab ko‘rsatmalar mavjud. Shu jihatdan qaraganda, jurnalistikaning eng muhim tamoyillari dinimiz targ‘ib etgan ezgu qadriyatlar bilan hamohangdir.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari nafaqat yangilik tarqatuvchi, balki ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchisi sifatida ham muhim vazifani bajarmoqda. Milliy qadriyatlarimizni asrash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ilm-ma’rifatga da’vat etish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish kabi ezgu ishlarda matbuotning o‘rni beqiyosdir.

Ayniqsa, internet nashrlari, televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi materiallarning keng targ‘ib etilishi jamiyatning ma’naviy yuksalishiga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda diniy-ma’rifiy mavzularni ilmiy asosda va xolis yoritayotgan jurnalistlar ham alohida e’tirofga loyiqdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi jamoasi matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining jamiyat taraqqiyoti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar rivoji hamda xalqimizning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish yo‘lidagi xizmatlarini yuksak qadrlaydi. Ezgulik, ma’rifat va milliy qadriyatlarni targ‘ib etishda, yosh avlod qalbida yurtga muhabbat va insoniy fazilatlarni shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining hissasi katta ekanini e’tirof etadi.

Fursatdan foydalanib, 27-iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan mamlakatimizdagi barcha jurnalistlar, muharrirlar, tele va radio boshlovchilari, operatorlar, fotomuxbirlar, noshirlar, matbuot kotiblari, blogerlar hamda axborot sohasida faoliyat yuritayotgan barcha fidoyi insonlarni samimiy muborakbod etamiz.

Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, cheksiz ijodiy ilhom, kasbiy faoliyatingizda yangi yutuq va zafarlar tilaymiz. Haqiqat va adolat yo‘lidagi sharafli xizmatlaringiz, xalqimiz manfaatlari va Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona mehnatingiz bardavom bo‘lsin.

Qalamingiz o‘tkir, so‘zingiz ta’sirchan, nigohingiz teran bo‘lsin! Yurtimiz osmonida ma’rifat va haqiqat mash’alasini yoqib kelayotgan barcha matbuot fidoyilariga chuqur hurmat va ehtirom izhor etamiz.

Gulrux Maxamedova

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi boshlig‘i, o‘qituvchi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bitiruvchisi.

 

Другие новости

Alloh taoloning go‘zal ismlari ichida «Ar-Rohman» ismining o‘rni va mazmuni
06.07.2026 3
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYMالْحَمْدُ لِلَّهِ ذِي الْأَسْمَاءِ الْحُسْنَى وَالصِّفَاتِ الْعُلَى، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ خَيْرِ الْوَرَى، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أُولِي الْفَضْلِ وَالتُّقَى.Go'zal ismlar va oliy sifatlar sohibi bo'lgan Alloh taologa...
Подробнее
Arab tilini o'rganishning ahamiyati
06.07.2026 4
Arab tili dunyoda o‘rganish jihatdan eng qiyin bo‘lgan tillarning ikkinchisi bo‘lsada, nega insonlar ushbu tilni o‘rganishga intilishadi? Bu savolning javobi tilning nafaqat mukammal lisoniy tuzilishida, balki uning insoniyat tarixidagi o‘rni,...
Подробнее
“AL-XAROJ” ASARINING HANAFIY FIQHIDAGI O‘RNI
03.07.2026 5
Abu Yusuf rohimahullohning “Al-Xaroj” asarlari moliyaviy va iqtisodiy fiqh sohasida yozilgan eng muhim manbalardan biri bo‘lib, undan keyingi ko‘plab olimlar chuqur foydalanganlar. Ular orasida:-Yahyo ibn Odam (vafoti 203-hijriy) - “Al-Xaroj”...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry