Giyohvandlik - insoniyat kelajagiga tahdid qilishdir
Giyohvandlik - insoniyat kelajagiga tahdid qilishdir
Har yili 26-iyun sanasi dunyo miqyosida Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana insoniyatni tashvishga solayotgan eng jiddiy muammolardan biri - giyohvandlik va noqonuniy narkotik moddalar aylanmasiga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida belgilangan.
Bugungi kunda giyohvandlik nafaqat alohida shaxsning, balki butun jamiyatning sog‘lig‘i, xavfsizligi va taraqqiyotiga tahdid solayotgan global muammoga aylangan. U insonning jismoniy va ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazibgina qolmay, oilalar buzilishi, jinoyatchilikning ortishi, ma’naviy inqiroz va ijtimoiy muammolarning kuchayishiga ham sabab bo‘lmoqda.
Giyohvand moddalar inson organizmiga qaramlik hosil qiluvchi, uning ongiga, tafakkuriga va hayot tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xavfli vositalardir. Bir qarashda oddiy qiziqish yoki atrofdagilarga taqlid sifatida boshlangan bu illat ko‘pincha insonning butun hayotini izdan chiqaradi. Ayniqsa, yoshlar orasida giyohvandlikning tarqalishi har qanday jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Yoshlar - har bir xalqning kelajagi, mamlakat taraqqiyotining tayanchi hisoblanadi. Ularning sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol bo‘lib voyaga yetishi davlat va jamiyatning eng muhim vazifalaridan biridir. Shu bois yoshlarni turli zararli illatlardan, jumladan, giyohvandlikdan asrash bugungi kunning dolzarb masalalaridan sanaladi.
Giyohvandlikning oldini olishda avvalo oila muhim o‘rin tutadi. Farzand tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, mehr va e’tibor ko‘rsatish yoshlarni turli yot g‘oyalar va zararli odatlardan himoya qilishga xizmat qiladi. Shuningdek, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilikning hamkorligi bu boradagi profilaktik ishlarning samaradorligini oshiradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, giyohvandlik va boshqa zararli illatlarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Turli ma’rifiy uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va targ‘ibot tadbirlari orqali yoshlar ongida bu illatning salbiy oqibatlari haqida tushunchalar mustahkamlanmoqda.
Muqaddas islom dini inson salomatligini asrashni ulug‘ ne’mat sifatida qadrlaydi. Dinimizda inson aqlini zaiflashtiruvchi, sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi va jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday vositalardan uzoq bo‘lishga da’vat etiladi. Giyohvandlik esa nafaqat insonning jismoniy sog‘lig‘iga, balki uning ma’naviy kamolotiga ham putur yetkazadi. Shu sababli dinimiz bunday illatlardan qat’iy qaytaradi.
Alloh taolo Qur'oni karimda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni butun bashariyatga O'zi tarafidan elchi qilib yuborishining qator sabablaridan biri sifatida toza pok narsalarning halolligi va nopok, zararli narsalarning haromligini ummatlariga bildirish ekanini shunday bayon etadi:
... يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِالْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ ...
(سورة الآعراف/157)
ya'ni: “... U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...” (A'rof surasi 157- oyat).
Dinimiz halol qilib bergan narsa pokdir. Pokiza rizq topish uchun harakat qilish esa ibodat darajasidadir. Agar buning aksi, bo'lsa o'sha narsa harom va uni iste'mol qilgan kishilar gunohkor bo'ladi. Darhaqiqat, insonga zarar keltiruvchi narsalardan ayniqsa eng ulug' ne'mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan. Bu haqda Ummu salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar:
"نَهَى رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ عَنْ كُلِّ مُسْكِرٍ وَمُفْتِرٍ
(رواه الإمام ابو داود)
ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Hozirda ayrim yoshlar orasida (“Tramadol”, “Lirika” kabi) psixotrop dori vositalari iste'moliga odatlanish holatlari uchramoqda. Vaholanki, bu dori vositalarida giyohvand moddalaridagi kabi o'ziga o'rgatib qo'yishdek xususiyat bor. Tabiiyki, bu giyohvandlikning yangicha ko'rinishini paydo qiladi. Dinimizda har qanday bo'shashtiruvchi va mast qiluvchi vositalar harom qilingan!
Giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki tibbiyot muassasalarining vazifasi emas. Bu - har bir ota-ona, pedagog, mahalla faoli va jamiyat a’zosining burchidir. Faqatgina hamjihatlik va birdamlik orqali yosh avlodni ushbu xavfli illatdan himoya qilish mumkin.
“Xadichai kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ham talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni mustahkamlash va turli zararli illatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar, sport musobaqalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Zero, ma’rifat va sog‘lom tarbiya giyohvandlikka qarshi kurashning eng samarali vositalaridan biridir.
Bugun biz ushbu global muammo haqida chuqurroq o‘ylashga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga va yosh avlodni turli zararli illatlardan asrash yo‘lida yanada faol bo‘lishga chorlaydi.
Yoshlarimiz sog‘lom, ma’naviy yetuk va Vatan ravnaqi uchun xizmat qiladigan komil insonlar bo‘lib voyaga yetsin. Giyohvandlikka qarshi kurashda barchamiz birlashaylik va sog‘lom jamiyat qurish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shaylik.
Gulrux Maxamedova
“Xadichai kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasi o‘qituvchisi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية