24.06.2026
43

Alloma Ibn Hojib 

Alloma Ibn Hojib 
(Nahv ilmidagi "Al-Kofiya" asari muallifi) 
(Hijriy 570-646 = Milodiy 1174-1249) 


            Hayoti va ilmiy faoliyati
            Nahv olimi, molikiy faqihi, Abu Amr Usmon ibn Umar Jamoliddin ibn Hojib rahimahulloh. Uning otasi amir Izzuddin as-Salohiyning hojibi (eshik ogʻasi/qoʻriqchisi) boʻlgan, shu sababli u bu nom bilan “Ibn Hojib” – hojibning oʻgʻli nomi bilan tanilgan. U asli kurd boʻlib, hijriy 570-yili Isna shahrida (Misrning janubiy qismida) tugʻilgan.
            Yoshlik chogʻlarida Qohirada Qur’oni Karimni, soʻngra Imom Molik rahimahulloh mazhabidagi fiqhni, keyin esa arab tilini oʻrgandi. U arab tili ilmlarida yetuklikka erishdi va uni yuksak darajada oʻzlashtirdi. Shundan soʻng Damashqqa koʻchib oʻtdi va u yerdagi jome’ masjidining molikiylar dars xalqasida dars berdi. Odamlar undan ta’lim olish uchun yopirilib keldilar, u esa ularga doimiy ravishda dars berib, turli fanlarda chuqur bilimga ega boʻlib ilm dengizga aylandi. Unda arab tili ilmi koʻproq ustunlik qilar edi va u Alloh taoloning bandalari orasida eng oʻtkir zehnlilaridan biri edi.
           Keyinroq esa Qohiraga qaytib, oʻsha yerda yashadi va odamlar undan ilm olishda davom etdilar. Soʻngra yashash uchun Iskandariyaga koʻchib oʻtdi, ammo u yerda uzoq qolmadi va hijriy 646-yili oʻsha yerda vafot etdi.


Asarlari


Uning asarlaridan eng mashhurlari:
- Nahv boʻyicha "Al-Kofiya"
- Sarf boʻyicha "Ash-Shofiya"
- Molikiy fiqhiga oid 60 ta kitobdan ajratib olingan va "Jomi’ al-Ummahot" deb ham nomlanuvchi "Muxtasar al-Fiqh"
- Aruz ilmidagi "Al-Maqsad al-Jalil" qasidasi
- "Al-Amoliy an-Nahviyya"
- Usul al-fiqh boʻyicha "Muntaha as-sul val-amal fi ilmay al-usul val-jadal"
- "Muxtasar muntaha as-sul val-amal"
- Zamaxshariyning "Al-Mufassal" asariga yozilgan "Al-Izoh" sharhi.

Alloma Ibnul Hojibning barcha asarlari nihoyatda goʻzal va foydalidir. Alloh taolo uni keng rahmati bilan siylasin, jannatning keng toʻrlariga joylashtirsin va undan foyda oluvchilar nomidan uni yaxshilik bilan mukofotlasin.

          Abu Abdulloh Shamsuddin Zahabiy qalamiga mansub barchaga ma’ruf “Siyaru a’lamin nubala” asarida Ibnul Hojib haqida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:

          Shayx, imom, alloma, qori, usuliy olim, faqih, nahvshunos, dindorlar va islom millatining Jamoliddini Abu Amr Usmon ibn Umar ibn Abu Bakr ibn Yunus al-Kurdiy, Isna shahrida tugʻilgan, molikiy mazhabiga mansub hamda koʻplab asarlar muallifidir. U 570-yili yoki 571-yili — roviy bu borada shubhalangan — Sa’id (Yuqori Misr) oʻlkasining Isna shahrida tugʻilgan boʻlib, uning otasi amir Izzuddin Musk as-Salohiyning hojibi (eshik ogʻasi) boʻlgan.


           Ilmiy safari va ustozlari
           Abu Amr Qohirada ilm bilan mashgʻul boʻldi, Qur’onni yod oldi va Shotibiydan ba’zi qiroatlarni oʻzlashtirdi hamda undan "At-Taysir" asarini eshitdi. U "Al-Mubhij" yoʻllari bilan Shihob al-Gʻaznaviydan qiroat qildi va yetti xil qiroat boʻyicha Abul Judga tilovat qilib berdi. U Abul Qosim al-Busiriy, Ismoil ibn Yosin, Bahouddin al-Qosim ibn Asokir, Fotima binti Sa’d al-Xayr va boshqa bir jamoa olimlardan hadis eshitdi, shuningdek, fiqh ilmini Abul Mansur al-Abyoriy va boshqalardan oʻrgandi.


           Ilmiy salohiyati va e'tiroflar
          U olamdagi eng zakovatli insonlardan edi, arab tili (nahv) va mantiq (ilm an-nazar) ilmida peshqadam boʻlib, Damashq jome’ masjidida va Nuriyya molikiyya madrasasida dars berdi. Undan koʻplab shogirdlar yetishib chiqdi, yozgan asarlari butun olamga tarqaldi. U nahv olimlariga nozik masalalarda xilof fikr bildirib, ularga raddiya berib boʻlmaydigan qat’iy e’tirozlarni keltirardi.
Abul Fath ibn al-Hajib, Abu Amr Ibnul hojibning tarjimai holida shunday dedi: “U faqih, muftiy, munozarachi, bir necha ilmlarda peshqadam boʻlib, oʻzidagi dindorlik, taqvo, tavoze’, bagʻrikenglik va takallufdan yiroqlik xislatlari bilan birga ilmi dengiz boʻlgan zotdir”.
Men (muallif) aytaman: Soʻngra Damashq hokimi ash-Shaqif shahrini faranglarga  berib qoʻyganida, u va Shayx Izzuddin ibn Abdusalom Damashqdan koʻchib ketishdi. U Misrga kelib, Al-Foziliyya madrasasida mudarrislik qildi.
Ibn Xallikon dedi: “U Alloh xalqlari orasida eng zehnli insonlardan biri edi. Guvohlik berish uchun huzurimga koʻp bor kelardi, men undan arab tilining ba’zi oʻrinlari haqida soʻraganimda, u katta xotirjamlik va toʻla ishonch bilan eng balogʻatli darajada javob berardi. Keyin u Iskandariyaga koʻchib oʻtdi, biroq u yerdagi muddati uzoqqa choʻzilmadi: oʻsha yerda hijriy 646-yil, shavvol oyining 26-kunida vafot etdi”.


           Shogirdlari va undan qilingan rivoyatlar
          Men (muallif) aytaman: Shayximiz al-Muvaffaq ibn Abul Ala unga yetti qiroat bilan Qur’on tilovat qilib bergan. Undan al-Munziriy, ad-Dimyotiy, Abu Muhammad al-Jazoiriy, Abu Ishoq al-Foziliy, Abu Ali ibn al-Xallol, Abul Hasan ibn al-Baqqol va bir jamoa olimlar hadis rivoyat qilishgan. Undan bir jamoa arab tilini oʻrgandi, ulardan biri shayximiz Raziuddin al-Qusartiniy boʻlib, uning kitoblari puxtaligi va goʻzalligi sababli odamlar orasida toʻliq maqbullikka erishgan.

 

 

“Al-Vafiya bi maqosidil Kafiya” hamda “Siyaru a’lamin nubala” asarlari asosida

Mohira Nigmatova tayyorladi




 

 

 

Другие новости

Tinchligimizni qadriga yetaylik
27.10.2026 5
Vatan – insonning tug‘ilgan, kindik qoni to‘kilgan joyidir. Bolalik, yoshlik davri o‘tadigan, ta’lim-tarbiya topadigan joydir. Safar qilsa, mudom qumsaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi, tinchligi yo‘lida xizmat qilish, uni yomon...
Подробнее
Ona tili - millatning mangu hayot manbai va ma’naviyat sarchashmasi
19.10.2026 8
✍️ Insoniyat tarixining qaysi sahifasiga nazar tashlamaylik, har bir millatning o‘zligi, ruhiy olami va tafakkur tarzi, avvalo, uning tilida namoyon bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Til shunchaki tovushlar majmuasi yoki o‘zaro muloqot...
Подробнее
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari
13.10.2026 11
Yaratuvchining borligiga salaf ulamolarning dalillari Azaliy va abadiy mavjud bo‘lgan, barcha mavjudodlarni yo‘qdan bor qilgan, sherigi va o‘xshashi bo‘lmagan Alloh taologa hamdu sanolar, Uning buyukligi, jaloli va jamoliga munosib maqtovlar...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry