22.06.2026
9

HADISLARDA OILA VA FARZAND TARBIYASI

HADISLARDA OILA VA FARZAND TARBIYASI

 

Butun olamlar Robbisi Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar, U Zotning soʻnggi elchisi, oila va tarbiya bobida butun bashariyatga eng goʻzal namuna boʻlgan Hazrati Muhammad Mustafoga, U zotning oila aʼzolari hamda sahobalariga mukammal salovatu durudlar boʻlsin.

Islom manbalarida, xususan, nabaviy hadislar va hanafiy mazhabi fiqhida oila hamda farzand tarbiyasi masalasi shunchaki axloqiy tavsiya emas, balki jamiyatning ma’naviy qoʻrgʻoni va huquqiy poydevori sifatida talqin etiladi. Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk muhaddislarimiz rivoyat qilgan asarlarda oiladagi tinchlik va totuvlik bevosita jamiyat barqarorligiga ta’sir etuvchi bosh omil sifatida baholangan. Paygʻambarimiz sollalohu alayhi va sallam oʻzlarining muborak hadislarida:”Sizlarning yaxshingiz oilasiga yaxshilik qiladiganingizdir, men esa oilasiga eng ko’p yaxshilik qiladiganingizman”, deb marhamat qilganlar. 

Oilani moddiy jihatdan ta’minlash borasida ham ulkan targʻibotlar kelgan boʻlib, kishi oʻz qaramogʻidagilariga sarflaydigan mablagʻi eng ajri ulugʻ ehsonlardan sanaladi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda kishi Alloh yoʻlida, qul ozod qilishga yoki miskinlarga ehson qilgan dinorlaridan koʻra, oʻz oilasiga sarflagan dinori ajr jihatidan afzalroq ekani uqtiriladi. Bu esa erkak kishining oilasi oldidagi mas’uliyati qanchalik sharafli ekanini koʻrsatadi. Shu bilan birga, “Moʻminlarning imoni eng mukammali xulqi goʻzal boʻlganidir va sizlarning eng yaxshingiz ayollariga yaxshi muomala qiladiganingizdir”, degan koʻrsatma oila ichidagi osoyishtalik birinchi navbatda xushxulqlikka asoslanishini tasdiqlaydi.

Hadisi shariflar asosida shakllangan tarbiya metodlarini oʻrganar ekanmiz, ularning har bir yosh davriga xos psixologik va pedagogik tamoyillarga boy ekanini koʻramiz. Tarbiyaning eng birinchi poydevori ota-onaning shaxsiy namunasidir, chunki bola eshitganidan koʻra koʻrganiga koʻproq ergashadi. Rasululloh sollalohu alayhi va sallam bolalar bilan muloqotda doimo rostgoʻylikni birinchi oʻringa qoʻyganlar. Sahobalardan Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu hikoya qilgan hadisda, onasi uni chaqirib, kel bir narsa beraman deganida, Paygʻambarimiz alayhissalom undan nima bermoqchi boʻlganini soʻraydilar. Onasi xurmo bermoqchi boʻlganini aytganida, agar hech narsa bermaganingizda, sizga bitta yolgʻon yozilardi, deya ogohlantiradilar. Bu ogohlantirish bola tarbiyasida kichik narsalarda ham yolgʻon ishlatish murgʻak qalbning buzilishiga olib kelishini koʻrsatadi.

Bolaga qattiqqoʻllik va qoʻpollik bilan emas, balki mehr-shafqat hamda hissiy muloqot orqali yondashish lozimligi dinimizning bosh talablaridan biridir. Bir kuni Aqra ibn Hobis ismli sahobiy Paygʻambarimiz alayhissalomning nabiralari Hasanni oʻpayotganlarini koʻrib, mening oʻnta farzandim bor, birortasini ham oʻpmaganman, deydi. Shunda Rasululloh alayhissalom unga qarab: “Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi”, deb marhamat qiladilar. Boshqa bir rivoyatda esa rahm-shafqat qilmagan kishining qalbidan baraka va baxt tortib olingani ta’kidlanadi. Farzandlar, xususan, qiz bolalar tarbiyasiga alohida urgʻu berilgan boʻlib, ulamolarimiz buni jamiyatning kelajagini shakllantirish deb bilishadi. Hadisi sharifda kim qiz bolalar bilan sinalsa, ya’ni qiz farzand koʻrib, ularga chiroyli muomala qilsa, ularni chiroyli odob va ilm bilan voyaga yetkazsa, oʻsha qizlar ota-onasi uchun doʻzax oʻtidan parda boʻlishi xushxabar qilingan. Imom Ahmad rivoyat qilgan boshqa bir hadisda esa kishining oʻz farzandiga chiroyli odob berishi har kuni beva-bechoralarga yarim so' don sadqa qilishidan afzalroq va xayrliroq ekani bayon etilgan.

Farzandlarni yoshligidan boshlab muayyan tartib-intizomga va mas’uliyatga oʻrgatish ham nabaviy koʻrsatmalarda oʻz aksini topgan. Bolalaringiz yetti yoshga yetganida ularni namoz oʻqishga buyuring, degan hadis yoshlik davridan boshlab insonda mas’uliyat tuygʻusini, ruhiy poklikka boʻlgan intilishni sekin-asta shakllantirish lozimligini koʻrsatadi. Bu oʻrinda buyurish soʻzi urish yoki majburlashni emas, balki goʻzal tushuntirish va odatlantirishni anglatadi. Farzandlarga munosabatda, ayniqsa, ularga hadya ulashishda jiddiy adolat qilish shartligi ta’kidlanadi. Noʻmon ibn Bashir raziyallohu anhuning otasi unga bir hadya bermoqchi boʻlib, Rasululloh alayhissalomni bunga guvoh qilmoqchi boʻlganida, u zot barcha farzandlaringga shunday hadya berdingmi, deb soʻraydilar. Yoʻq degan javobni eshitgach, unday boʻlsa meni zulmga guvoh qilmang, Allohdan qoʻrqinglar va farzandlaringiz oʻrtasida adolat qilinglar, deya qaytaradilar.

Ushbu axloqiy, ma’naviy va pedagogik qarashlar hanafiy mazhabi fiqhida qat’iy huquqiy majburiyatlar, ya’ni vojibotlar shakliga keltirilgan. Imom Abu Hanifa va u kishining shogirdlari asarlarida farzandning huquqlari u hali dunyoga kelmasidan oldin, munosib umr yoʻldosh tanlash va nasabning pokligini saqlashdan boshlanishi bayon etilgan. Bola dunyoga kelgach esa, uning oziq-ovqati, kiyimi va turar joyini ta’minlash, ya’ni nafaqa majburiyati otaning zimmasidagi qat’iy qarz hisoblanadi. Shuningdek, farzandni goʻdaklik davrida emizish onaning vazifasi boʻlsa, onaning ta’minoti ham otaning zimmasidadir. Bola ma’lum yoshga yetguncha onasining bevosita parvarishi va gʻamxoʻrligida boʻlish huquqiga, ya’ni hizona huquqiga ega boʻladi. Hanafiy ulamolari farzandga zaruriy diniy-axloqiy bilimlarni berish, mustaqil rizq topishi uchun biror foydali kasb-hunar oʻrgatish hamda voyaga yetganda uni oilali qilishni ota-onaning eng muhim burchlaridan deb ta’kidlaydilar. Bu jarayonda farzandlar oʻrtasida munosabatda moddiy va ma’naviy jihatdan adolat qilish shart boʻlib, ularni asossiz ajratish fiqhimizda makruh amal sanaladi. Ushbu huquqiy va pedagogik mezonlar hanafiy mazhabining Burhoniddin Margʻinoniyning "Al-Hidoya", Alouddin Kosoniyning "Badoyi' us-sanoyi'" va Ibn Obidinning "Roddul muxtor" kabi moʻtabar klassik manbalarida mukammal tizimga solingan. Bu asarlarda oilaviy munosabatlar va farzand haqlari hayotiy dalillar bilan toʻliq yoritib berilgan.

Xulosa qilib aytganda, hadislar va hanafiy fiqhi asosida shakllangan oila tizimi bolani faqat quruq ta’qiqlar bilan cheklamaydi. Aksincha, uni mehr, shaxsiy namuna, ilm va qat’iy huquqiy kafolatlar orqali yetuk shaxs qilib shakllantirishni maqsad qiladi. Oila mustahkamligi va farzand kamoloti — ota-onaning oʻzaro hurmati hamda farzand oldidagi Alloh belgilab qoʻygan burchlarini toʻliq ado etishlari bilan chambarchas bogʻliqdir. Sunnatga muvofiq qilingan har bir tarbiya jamiyat uchun solih bir shaxsni yetishtirib beradi.

Paygʻambarimiz Muhammad Mustafoga, u zotning oila aʼzolariga, barcha sahobalariga va ularga goʻzallik bilan ergashgan solih bandalarga Alloh taoloning salovati hamda salomi boʻlsin.

Xadichai kubro ayol-qizlar o’rta 

maxsus islom ta’lim muassasasi

hadis fani o’qituvchisi

Azizova Feruza

Другие новости

Alloh taoloning go‘zal ismlari ichida «Ar-Rohman» ismining o‘rni va mazmuni
06.07.2026 3
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYMالْحَمْدُ لِلَّهِ ذِي الْأَسْمَاءِ الْحُسْنَى وَالصِّفَاتِ الْعُلَى، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ خَيْرِ الْوَرَى، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أُولِي الْفَضْلِ وَالتُّقَى.Go'zal ismlar va oliy sifatlar sohibi bo'lgan Alloh taologa...
Подробнее
Arab tilini o'rganishning ahamiyati
06.07.2026 4
Arab tili dunyoda o‘rganish jihatdan eng qiyin bo‘lgan tillarning ikkinchisi bo‘lsada, nega insonlar ushbu tilni o‘rganishga intilishadi? Bu savolning javobi tilning nafaqat mukammal lisoniy tuzilishida, balki uning insoniyat tarixidagi o‘rni,...
Подробнее
“AL-XAROJ” ASARINING HANAFIY FIQHIDAGI O‘RNI
03.07.2026 5
Abu Yusuf rohimahullohning “Al-Xaroj” asarlari moliyaviy va iqtisodiy fiqh sohasida yozilgan eng muhim manbalardan biri bo‘lib, undan keyingi ko‘plab olimlar chuqur foydalanganlar. Ular orasida:-Yahyo ibn Odam (vafoti 203-hijriy) - “Al-Xaroj”...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry