O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi
O‘ttiz to‘rt yil davomida qancha zahmat, sinovli kunlarni boshdan kechirdik, mustaqil taraqqiyotga intilib, milliy tiklanish yo‘lini bosib o‘tdik. Bugunga kelib hayotimiz tubdan o‘zgardi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotchilik siyosati nafaqat O‘zbekistonni taraqqiyotning milliy yuksalish bosqichiga olib chiqdi, balki Markaziy Osiyoda yangicha munosabatlar shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bugun islohotlar, munosabatlar, qarashlar yangi, yondashuvlar, ijrolar yangicha. Davlatimiz rahbari aytganidek, bugun biz kechagi odamlar emasmiz, mutlaqo shiddatli bir davrda, yangi O‘zbekistonda yashayapmiz. Ongimiz, dunyoqarashimiz, fikrlarimiz o‘zgarmoqda. Qadamlarimiz salmoqli, mo‘ljalimiz baland, murodimiz yuksak. Bu o‘zgarishlar tufayli jahon hamjamiyati mamlakatimizga nisbatan “Yangi O‘zbekiston” iborasini qo‘llamoqda. Agar O‘zbekistonni yaxlit bir vujud deb oladigan bo‘lsak, bugun uning qalbi limmo-lim orzularga to‘la. Eng muhimi, bu orzularning juda tez sur’atda ro‘yobga chiqayotganidir.
O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohada davlat siyosati konsepsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 25-fevralda farmon bilan tasdiqlangan, davlatning diniy masalalarga yondashuvini belgilab beruvchi yangi strategik hujjatdir. Boy milliy-tarixiy tajriba va umuminsoniy qadriyatlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan ushbu konsepsiya O‘zbekistonning ko‘p konfessiyali va ko‘p millatli jamiyatida barqaror muhit yaratishga qaratilganini qayd etish mumkin.
Konsepsiya qabul qilinganidan buyon nisbatan qisqa muddat o‘tganiga qaramay, uning huquqiy, ijtimoiy va siyosiy sohalardagi dastlabki samaralarini hamda mamlakat ijtimoiy rivojlanishiga ta’sirini sarhisob qilib, bir qator jihatlarni ajratib ko‘rsatish mumkin.
Konsepsiyani qabul qilishning huquqiy asoslari barcha zarur proseduraviy jarayonlarni o‘z ichiga olgani bilan ajralib turadi. Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohada davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish bir qancha muhim qonunchilik bosqichlarini bosib o‘tdi. 2025-yil fevral oyi boshida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Muhokamalardan so‘ng huquqshunos va jamiyatshunos mutaxassislar tomonidan ekspertlar darajasida qizg‘in ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ngina qonunchilik bosqichlari boshlandi. Yakuniy bosqich 2025-yil 25-fevralda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qonun imzolanishi bo‘ldi, shundan so‘ng hujjat kuchga kirdi. Konsepsiya O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasiga asoslanib, mamlakatimizni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida belgilab beradi. Konstitutsiyaning 35-moddasida barcha fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlangan bo‘lib, har bir shaxsning istalgan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqi mustahkamlangan, shuningdek, diniy qarashlarni majburan singdirish taqiqlangan. Konsepsiyaning muhim huquqiy jihati uning konstitutsiyaviy normalarga muvofiqligi va diniy erkinlikni hurmat qilish bilan dunyoviylik tamoyillarining integratsiyalashuvidir.
Konsepsiya fuqarolarning diniy tanlov erkinligini, ya’ni o‘zlari xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqlarini kafolatlashga qaratilgan. Shuningdek, ushbu hujjat Yangi O‘zbekiston sharoitida jamiyat barqarorligini ta’minlash yo‘lida quyidagi strategik maqsadlarni amalga oshirishni nazarda tutadi:
– davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarda qonun ustuvorligi prinsipini ta’minlash orqali fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish;
– ijtimoiy tinchlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, ya’ni jamiyatda hamjihatlik va ijtimoiy birlikni qaror toptirish, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni erta bosqichda aniqlab ularning oldini olish.
– davlat boshqaruvida dunyoviylik prinsipini takomillashtirish, mavjud huquqiy bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf etish;
– davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasida diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan meyoriy-huquqiy asoslarni rivojlantirish;
– sohada malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot va ekspert-tahliliy loyihalarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish;
– diniy masalalar bo‘yicha davlat siyosatini tizimli ravishda yoritish va bu boradagi axborot makonini shakllantirishda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va media vakillarining hamkorligini kuchaytirish.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, konsepsiya diniy siyosat sohasidagi asosiy tushunchalarni, jumladan, “vijdon erkinligi”ni belgilab beradi hamda davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning huquqiy asoslarini belgilaydi.
Hujjatda vijdon erkinligini konstitutsiyaviy huquq sifatida to‘liq ro‘yobga chiqarish diniy qadriyatlar va e’tiqodlarni hurmat qilish, himoya qilish va uyg‘un rivojlantirish uchun zarur ijtimoiy muhit yaratilgan dunyoviy davlatdagina mumkinligi ta’kidlangan.
Avvalo, vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohada davlat siyosati konsepsiyasi mamlakatimiz siyosiy boshqaruvida dunyoviylik tamoyillarini mustahkamlaydi. Mazkur hujjatda O‘zbekiston dunyoviy davlat ekani, unda demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari asosida diniy tashkilotlarga mutanosib munosabat ta’minlanishi ta’kidlangan.
Ta’kidlash joizki, bunday yondashuv, albatta, diniy an’ana va qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan zamonaviy dunyoviy davlat qurish yo‘lidagi siyosiy yo‘nalishni mustahkamlaydi.
Ulamolarimizning aytishlaricha, mustabid tuzum sohiblari 1920 yildan turkistonlik musulmonlarni muqaddas Haj ziyoratiga borishini taqiqlab qo‘ygan ekan. Shu bois 1944-yilgacha hech kim haj ziyoratiga borolmagan. Keyinchalik, jahon hamjamiyati e’tirozlari tufayli Haj va Umra ziyoratiga yiliga 5-10 nafargina odamga ruxsat berilgan.
Hozirgi kunga kelib esa tubdan o‘zgargan barcha sohadagi islohatlar hamda jahon e’tirof etayotgan shart-sharoitlar afsuski bu ota-bobolarimiz bir paytlardagi orzusi edi. So‘ngi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohatlar amalga oshirilmaqda.Ushbu ezgu o‘zgarishlar markazida, avvalo, inson qadri, uning manfaatlari va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish masalasi turibdi
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik faqat huquqiy yoki siyosiy emas, balki ma’naviy va madaniy fenomen sifatida ham jamiyat barqarorligi, milliy birlik va demokratik taraqqiyotning asosiy omiliga aylangan.
Jamiyatda millatlararo totuvlikni kuchaytirish bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash garovi ekanligini yana bir karra isbotlaydi.
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية