18.05.2026
6

Haj- ulug‘ ibodat

Haj- ulug‘ ibodat

 

Haj islom dinining besh ruknidan biri bo‘lib, imkoniyati yetgan har bir musulmonga umrida bir marta  farz qilingan ibodatdir. Har yili ko‘plab musulmonlar haj qilish uchun Makka shahriga borib, haj amallarini bajaradilar.

 

Haj so‘zi lug‘atda "ulug‘ narsani qasd qilish" degan ma’noni anglatadi. Istilohda esa "maxsus makonda maxsus amallar bilan maxsus ibodatni ado etish"dir. Hajning farzligi haqida Qur’oni Karimda ushbu oyat nozil bo‘lgan:

 

وَلِلَّهِ عَلَى ٱلنَّاسِ حِجُّ ٱلْبَيْتِ مَنِ ٱسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا.

“Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlarga Alloh uchun Baytni haj qilmoq burchdir.” (Oli imron surasi 97-oyat).

 

Bu oyatdan bilinib turibdiki, haj ibodati hammaga ham farz bo‘lmaydi, balki "Odamlardan yo‘lga qodirlariga" farz bo‘ladi.

Haj - ulug‘ ruhiy ozuqa beradigan ibodat bo‘lib, unda musulmon bandaning vujudi Alloh taologa taqvosi muhabati va payg‘ambarimizga mo‘min- musulmonlarga bo‘lgan muhabbati ziyoda bo‘ladi, dunyoning turli taraflaridagi din qardoshlariga nisbatan do‘stlik tuyg‘ulari jo‘shib, mustahkamlanadi.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ:

«مَنْ حَجَّ لِلَّهِ فَلَمْ يَرْفُثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمِ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ»

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Kim Alloh uchun haj qilib, behayo so‘z va gunohlardan saqlansa, onadan tug‘ilgan kundagidek pok bo‘lib qaytadi.”

Bu hadis haj ibodatining naqadar ulug‘ va savobli amal ekanini ko‘rsatadi.

 

        Hajning ma’naviy ahamiyati

 

Haj ibodati inson qalbini poklaydi, sabr va tavozega o‘rgatadi. Haj davomida musulmon ko‘plab mashaqqatlarni boshdan kechiradi. Bu esa insonning irodasini mustahkamlaydi. Haj musulmonlar o‘rtasidagi birlik va tenglikni namoyon qiladi. Turli millat, til va davlat vakillari bir joyga yig‘ilib, bir xil ibodatni bajaradilar. Bu Islom dinining butun insoniyatni birodarlikka chaqirishini ko‘rsatadi. Haj insonni gunohlardan poklaydi. Hajdan qaytgan inson odatda hayotini yaxshilashga, gunohlardan tiyilishga harakat qiladi. Chunki haj katta ma’naviy maktabdir. Shuningdek, haj insonni sabrli, kamtar va mehribon bo‘lishga undaydi. Haj davomida hojilar bir-birlariga yordam beradilar, sabr bilan qiyinchiliklarni yengadilar.

 

Hajning farz bo‘lish shartlari

 

Haj ibodati har bir musulmonga ham farz bo‘lavermaydi. Uning farz bo‘lishi uchun ma’lum shartlar mavjud. Birinchidan, inson musulmon bo‘lishi kerak. Chunki haj Islom ibodatlaridan biridir. Ikkinchidan, aqli raso va balog‘at yoshiga yetgan bo‘lishi lozim. Yosh bolalarga haj farz emas, ammo ular haj qilsa savob oladilar.

       Shuningdek, haj qilish uchun inson moddiy va jismoniy imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni safar xarajatlarini qoplay olishi, oilasini ta’minlab ketishi va sog‘ligi safarga yaroqli bo‘lishi lozim. Yo‘l xavfsiz bo‘lishi ham hajning farz bo‘lish shartlaridan hisoblanadi.

       Ayollar uchun esa mahram bilan safarga chiqish masalasi ham muhimdir. Islom dini ayol kishining xavfsizligini ta’minlashga katta ahamiyat beradi.

   Hajning turlari

 Hajning uch turi mavjud:

1. Hajji ifrod

   Bu faqat haj niyati bilan ehromga kirib, haj amallarini bajarishdir. Bunda umra qilinmaydi.

2. Hajji tamattu’

   Bu haj oylarida avval umra qilib, keyin ehromdan chiqib, haj kunlari yana haj uchun ehromga kirishdir. Hozirgi kunda ko‘pchilik hojilar shu turdagi hajni ado etadilar.

3. Hajji qiron

   Bu bir ehrom bilan haj va umrani birgalikda ado qilishdir.

Har bir haj turi o‘ziga xos hukmlarga ega bo‘lsa-da, ularning barchasi Allohning roziligini topishga xizmat qiladi.

 

Hajning asosiy amallari

Haj ibodatining o‘ziga xos rukn va vojiblari mavjud. Ularni to‘g‘ri ado etish hajning mukammal bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

     Ehrom

Haj ehromdan boshlanadi. Ehrom — haj yoki umra niyati bilan ma’lum kiyimga kirish va ayrim ishlardan tiyilishdir. Erkaklar ikki bo‘lak oq mato kiyadilar. Ayollar esa oddiy, pok va shariatga mos kiyim kiyadilar. Ehrom musulmonlar orasidagi tenglik ramzidir. Chunki boy ham, kambag‘al ham bir xil kiyimda bo‘ladi. Bu insonlarga dunyo boyligi emas, taqvo muhim ekanini eslatadi.

     Ka’bani tavof qilish

 Makkaga kirgan hojilar Ka’batullohni tavof qiladilar. Tavof — Ka’ba atrofida yetti marta aylanishdir. Ka’ba musulmonlarning qiblasi bo‘lib, dunyodagi eng muqaddas maskan hisoblanadi. Tavof vaqtida hojilar Allohni zikr qiladilar, duo va ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Bu amal musulmonning qalbini poklaydi va Allohga bo‘lgan muhabbatini kuchaytiradi.

       Sa’y

 Sa’y — Safo va Marva tepaliklari orasida yetti marta yurishdir. Bu amal Hazrati Hojar onamizning o‘g‘illari Ismoil alayhissalom uchun suv izlab yugurganlarini yodga soladi. Alloh taolo Hazrati Hojarning sabr va tavakkulini qadrlab, Zamzam suvini ato etgan. Bugungi kunda ham hojilar Zamzam suvidan ichadilar va uni muborak suv deb biladilar.

      Arafotda turish

 Hajning eng muhim rukni Arafotda turishdir. Zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni hojilar Arafot maydonida jam bo‘lib, ibodat va duo qiladilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Haj — Arafotdir”, — deganlar.

Arafot kuni musulmonlar Allohdan mag‘firat so‘rab, tavba qiladilar. Bu kun juda fazilatli kunlardan biri hisoblanadi.

      Muzdalifa

 Arafotdan keyin hojilar Muzdalifaga boradilar. Bu yerda namoz o‘qib, ibodat qiladilar va shaytonga otish uchun tosh teradilar.

     Shaytonga tosh otish

 Mino vodiysida hojilar ramziy ma’noda shaytonga tosh otadilar. Bu amal insonning yomonlik va gunohlarga qarshi kurashishini bildiradi.

     Qurbonlik qilish

 Haj vaqtida qurbonlik qilish ham muhim amallardan biridir. Bu amal Ibrohim alayhissalomning Alloh yo‘lida fidokorliklarini eslatadi.

    Soch oldirish yoki qisqartirish

 Haj amallarining yakunida erkaklar sochlarini oldiradilar yoki qisqartiradilar. Ayollar esa hammasini yig‘gan holatda, uchidan bir bo‘g‘im miqdorida qisqartiradilar. Shundan keyin ehromdan chiqiladi.

   Haj-Islom dinining eng ulug‘ ibodatlaridan biridir. U insonni Allohga yaqinlashtiradi, qalbini poklaydi va musulmonlar orasidagi birlikni mustahkamlaydi. Haj davomida inson sabr, tavozu’, mehr-oqibat va intizom kabi ko‘plab yaxshi fazilatlarni o‘rganadi. Shu sababli har bir musulmon imkon topganda ushbu muborak ibodatni ado etishga harakat qilishi kerak.

Другие новости

          Zulhijja oyining fazilati
17.05.2026 6
Zulhijja oyining fazilati Alloh taolo nazdida zamon va makonlar fazlda barobar. Bir-biridan ortiq yo kam joyi yo’q. Lekin Oʻzi fazilatli qilgan zamon va makonlar bundan mustasno.“Albatta, Allohning kitobida oylarning soni...
Подробнее
KAHF SURASI VA UNING FAZILATLARI
15.05.2026 4
KAHF SURASI VA UNING FAZILATLARIAlloh taologa bitmas-tuganmas hamd-u sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga mukammal va batamom salavot-u durudlar bo‘lsin.KAHF SURASIMakkada nozil bo‘lgan. 110 oyatdan iborat. «Kahf» so‘zi «g’or» ma’nosini...
Подробнее
Yasin surasining fazilati
05.05.2026 12
Yasin surasining fazilati Qur’on — musulmonlarning muqaddas kitobi, Alloh taoloning insoniyat uchun yo‘llagan so‘nggi va mukammal kalomidir. U nafaqat diniy yo‘riqnoma, balki hayotning barcha jabhalarini o‘z ichiga olgan hikmat manbai...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry