“Tuhfatul atfol” asari haqida
Qur’oni karimni nozil qilgan, uni maxsus qoidalarga to’liq rioya etib o’qishni buyurgan va tilovati uchun behisob ajr-u savoblarni va’da qilgan Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar bo’lsin. Qur’on qorilarining ustozi Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo’lsin. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Insonlarning eng yaxshisi- insonlarga manfaati ko’prog’idir”. Shubhasiz, insonlarga berilishi mumkin bo’lgan eng katta manfaat bu Qur’onni to’g’ri o’qishi uchun ta’lim berishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: (وَرَ تّ ِل ِ القُرآن َ تَرْ تِيَل َ ً ) “Qur’onni “tartil” bilan tilovat qiling”. (Muzzammil surasi, 4-oyat) Qur’oni karim Rosululloh sollallahu alayhi vasallamga nozil etilganidan so’ng, sahobiylar roziyallohu anhum u zotdan Qur’oni karimni tilovatdagi o’ziga xos xususiyat va talaffuz qoidalariga ko’ra o’zlashtirganlar. So’ngra, o’zlaridan keyingilarga aynan shu tarzda, mukammal yetkazganlar. Bu xususiyat kalimalarni mukammal, maxrajlari tugal, talaffuzni go’zal qilish orqali har bir harfning haqqini ado etishdir. Buni bir so’z bilan “tajvid” yoki “tartil” deb atash mumkin. Qur’oni karim nozil bo’lgan vaqtdan bugungi kunga qadar barcha ulamolar Qur’oni karimni tajvid qoidalariga ko’ra tilovat qilish vojibligiga ittifoq qilishgan. Ma’lumki, Allohning kalomiga xizmat o’laroq tajvid ilmiga bag’ishlab bir necha asarlar ummatga taqdim qilingan. Ulardan biri Shayx Sulaymon Jamzuriy Misriy Shofeiy rohmatullohi alayhning qalamiga mansub “Tuhfatul atfol” asaridir. U quyi bosqichdagi talabalarga tajvid qoidalarini yoritib beruvchi yengil matn hisoblanadi. U nazm “urjuza” uslubida hijriy 1198, milodiy 1784 yilda yozilgan bo’lib, jami 61 baytdan iborat. Ushbu asar muallifining ixlosi barokatidan Alloh taolo unga qabuliyat ato etgan. “Tuhfatul-atfol” Qur’on va tajvid oshiqlariga taqdim etilganiga bir necha asrlar o’tgan bo’lsa-da, hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini also yo’qotgan emas va unga har zamon va har makonda ko’plab sharhlar yozilgan. Dunyoning ko’plab musulmon mamlakatlarida ushbu asar talabalarga Imom Jazariyning “Al-muqaddima al Jazariyya” asaridan avval yodlatiladi va mazmun mohiyati puxta o’rgatiladi. Va tajvid ilmi borasida “Tuhfatul atfol” asari “Manzumatul muqaddima” nazmiy asaridan keyingi o’rinda turadi. Bu asar tajvidning barcha qoidalarini qamrab olmagan bo’lsa-da, har bir davrning qiroatlar va tajvid ilmidagi yetuk ulamolar tomonidan unga bir qancha sharhlar yozilgan va yuksak baholangan. Asar matni “Tuhfa al-jamzuriyya fi tajvidi qalami Robb al-bariyya”, “Tuhfatul atfol val g’ilmon fiy tajvidil Qur’an” kabi nomlarda ham uchraydi. Unga yozilgan sharhlarning soni taxminan 15ta va ularning eng mashhuri muallifning o’zining asariga yozga sharhi: “Fath al-aqfol bisharhi tuhfa al-atfol” asaridir. Bu asarda muallif “Tuhfatul atfol”da bayon qilmagan boshqa ko’plab ma’lumotlarni va mavzularni keltirgan. Asar nomining tarjimasi “Bolalarga tuhfa” bo’lib, muallif “tuhfa” deb tajvid qoidalarini nazarda tutgan. “Atfol” lug’atda voyaga yetmagan bolalar ma’nosida ishlatiladi. Bu o’rinda “bolalar” deb - balog’atga yetmagan bolalar yoki tajvid ilmida boshlang’ich bo’lganlar nazarda tutilgan. Bu haqida Imom Jamzuriyning o’zi shunday deydi: “Atfol” deganda - balog’atga yetmagan bolalar yoki bu fanda o’zimga o’xshashlar nazarda tutilgan”. Muallif tavoze’ va kamtarlik bilan o’ziga shunday ta’rif bergan. Xulosa qilib aytganda, “Tuhfatul atfol” asari tajvid ilmida mo’tabar asarlardan biri hisoblanadi. Alloh taolo bizga ushbu asarni o’rganib, Qur’oni Karimni bexato va tajvidga rioya qilgan holda o’qishimizni barchamizga nasib qilsin. Bizga tajvidni o’rganishni osonlashtirish yo’lida xizmat qilgan olimlardan, jumladan Shayx Sulaymon Jamzuriydan ham Alloh taolo rozi bo’lsin. Tayyorladi: Azimbayeva Fotima Mas’ul ustoz: Xodjayeva Munisa FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Qur’oni Karim. 2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tafsiri Hilol”. – Toshkent: “HILOL-NASHR” nashriyoti, 2022. 3. Jahongir Ubaydulloh. “Qiroat va tajvid fanidan qo’llanma”. – Toshkent: “Sharq” nashriyoti, 2020. 4. Sulaymon Jamzuriy. “Fath al-aqfol bisharhi tuhfa al-atfol”. – Riyoz: “Avzo as-salaf” nashriyoti, 2001. 5. Odinaxon Muhammad Sodiq. “Tuhfatul atfol”. – Toshkent: “HILOL NASHR” nashriyoti, 2023.
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية