20.01.2026
2

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnalidan nasriy va nazmiy asarlar tahlili (3-qism)

Adabiy-tanqidiy maqolalar. “Oyna”ning 1913-yil 9-sonida Hoji Muinning “Muhtaram shuaromizga” maqolasi nashr qilingan. Unda ko‘tarib chiqilgan asosiy muammo oldi-qochdi she’rlarning ko‘payib borayotganligi masalasidir. Muallif may va jom ta’rifi keltirilgan, hajv va madhiyadan iborat axloqsiz she’rlardan qochib, “fanniy, milliy va axloqiy she’rlar” yozishga chaqiradi. Va buni zamon taqozosi deb biladi. Milliy she’rlar namunasi sifatida tatar, ozarbayjon shoirlari ijodini keltiradi. Ushbu maqolada Hoji Muin keng yo‘sinda bayon qilish, atroflicha tushuntirish yo‘lidan boradi: “... she’rg‘a ham suiiste’mol qilinib, alalxusus, bu zamonda she’r ta’rifi xat va hol, tavsifi may va jom yo ta’magirona madhiyot va g‘arazgarona hajviyotdan iborat bo‘lib qoldi”.  Shoirlarni milliy ruhda, zamon talabiga mos, nafli she’rlar yozishga chaqiriqlar “Oyna” va shu kabi boshqa nashrlarda ham muhim masala sifatida ko‘tarilgan edi.

 Mubohasalar. Behbudiy Samarqand viloyat harbiy gubernatoriga yozgan arizasida “Oyna” sahifalarida 16 xil materiallarni berishni va’da qilgan. Ro‘yxatdagi eng oxirgi mavzu – bu hajv (satira va aralash) edi. “Oyna” turli nomlar ostida mubohasalar e’lon qildi. Ushbu parchalarni o‘qib, jurnalning o‘ziga xos tanqid “nafasi” ni sezish mumkin. Ulardan aniqlangan adabiy taxalluslar va hajviy asarlar esa bugungi kungacha mavjud ko‘pgina qarashlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Misol uchun, biz unda “Mushmirzo”, “Pishak so‘fi”, “Gumnom”, “Some’”, “Xushyoqmas”, “Mullo Xokiro”, “Go‘rbe” kabi yangi nomlarga duch kelamiz. Taxalluslar bir qarashdayoq o‘zining hajviy “libos”ini ko‘rsatib turibdi. Ular kimga tegishli ekani haqida yakdil fikr yo‘q. Solih Qosimov[1] va Boybo‘ta Do‘stqorayev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, “Xushyoqmas” va “Mushmirzo” imzosini Behbudiyga tegishli, deb hisoblab kelinardi. Biroq behbudiyshunos olim Sirojiddin Ahmad o‘z kuzatishlari natijasi o‘laroq, bu taxalluslarning haqiqiy “ega”si Hoji Muindir, degan xulosaga kelgan. Ya’ni, Hoji Muin ibn Shukrullo ismidagi “mim” hamda “shin” harflarini birlashtirish orqali Mush taxallusi kelib chiqqaniga ishora qilgan. Bizningcha ham, hajviyalar Hoji Muinga tegishli. Sababi, Behbudiyga nisbatan Hoji Muin qalamida hajvga moyillik ko‘proq seziladi. “Mushmirzo” (Sichqonmirzo) “Oyna” jurnalida nashr qilingan hajviy asarlarda eng ko‘p qo‘llangan adabiy taxalluslardan biri. Uning “Gumnom”, “Some’”197 taxalluslari bilan uzviyligi “Musohiba yoki mubohasa” suhbatida ko‘rinadi. Mubohasaning muallifi Some’, Gumnom va Xokiro suhbatga kirishuvchi shaxslar. Unda “Gumnom” tilidan aytilgan shunday gap bor: “Nima qilay, jo‘ra! O‘zumga Mushmirzo nom qo‘ydim, mirzolar e’tiroz qildilarki, bizlarni masxara qilasan deb... Agar Mullo Mush ot qo‘yay desam, o‘ylaymanki, mullolar «Ulamoni istixfof etding” deb, albatta, mani takfir etarlar. ...hatto jonimdan aziz iymonimg‘a to‘qunarlar». 

Haqiqatda, “Mushmirzo” ismining tanqid qilinganligi “Mushmirzog‘a ochiq maktub” maqolasida ham uchraydi. Unda dastlab Mushmirzo qalamiga tashakkur aytilib, so‘ngra “Mushmirzo” va “Pishakso‘fi” taxalluslariga to‘xtalib, ulardagi “mirzo” va “so‘fi” iboratlari “bir necha kishilarg‘a giron tegib” ketgani sababli, ularga “tag‘yir berib, lutfan yana latifago‘ylikda davom etsangizlar” deb mayl bildiriladi. Maqolada yana bir e’tibor qaratish lozim bo‘lgan o‘rin bor. Maktub egasining xabar berishicha, Mushmirzo nomiga Xo‘qand va buxorolik maslakdoshlari, muxlislaridan idoraga maktublar yo‘llangan. Idora bu maktublarni e’lon qilish uchun Mushmirzoga o‘z laqabini o‘zgartirishni shart qilib qo‘yadi. Ushbu maktub muallifsiz bo‘lib, “Oyna” nomidan berilgan. Mushmirzoning “Otingni sot, to‘nungni sot, do‘qtur bo‘l!” mubohasasi hajman kichik. Unda ilmni yoyish, ma’rifatga suyanish g‘oyasi bosh maqsad qilib olinadi. Asosiy qahramonlar Mushmirzo hamda xizmatkor obrazi. Epizodik obraz sifatida bemor (buxorolik janob) ni ko‘rsatish mumkin. Suhbatda yetilib turgan vaziyatdan muammo sifatida foydalaniladi; asosiy muammo ilmsizlikka qarshi kurashish, yordamchi muammo bemorning ahvoli edi. Asardagi barcha detallar unsurlari to‘lig‘icha asosiy muammoni ochishga yo‘naltirilgan. Bunda jadid adabiyoti namunalariga xos bo‘lgan usul qo‘llangan, ya’ni muammo hal qilinmagan, balki uni yechish yo‘li ko‘rsatilgan. “Mubohasa” hikoyasida Mushmirzo va Pishak so‘fi muloqotga kirishadi. Pishak so‘fi badiiy to‘qima bo‘lib, u sichqon obraziga qarama-qarshi tarzda tanlangan. Avvalgi hikoyadan farqli o‘laroq, unda kundalik hayotda uchraydigan murakkab vaziyat haqida suhbat bo‘lib o‘tadi. “Mubohasa” hikoyasiga “Samarqand” gazetasida e’lon qilingan “Suhbat” hikoyasi mantiqiy bog‘lanib ketgan. Sheva sof samarqandcha ifoda bilan berilgan. Hikoyada mullo Xokiro epizodi ham uchraydi. Biroq uning Mushmirzo shaxsi bilan bog‘liq nuqtalari tahlil qilinmagan. Shu o‘rinda mullo Xokironing “Oyna” jurnalida nashr qilingan bir mubohasasi haqida aytib o‘tish joiz. Bu “Suhbat”ning asosiy qatnashchilari Xokiro va namakfurush ishtirok etishgan. Suhbat asnosida Xokiro o‘zi guvohi bo‘lgan bir holatni suhbatdoshiga so‘zlab beradi. Unga ko‘ra, bir necha musulmon yigit-qizlar ruslarga taqlidan kiyinishib, o‘zlariga Ivan Petrovich, Feodr Kirpich kabi ruscha nom qo‘yib olganliklari, lekin o‘zlari na musulmoniy xatni, na rusiyni o‘qiy olmas darajada besavod ekanliklarini ko‘rib, bu holni “ilmsiz yoshlarning maymun bo‘lgani” deb kinoya qiladi. Va ularni “jonlik surat yoinki naqshin maymun” deya ataydi. Bu kabi mubohasalarda oddiy ko‘ringan maishiy mavzular vositasida mahalliy xalq dunyoqarashi, ularning ong va turmush darajasi bir qadar piching va istiora yo‘li bilan ochib berilgan, deb aytish mumkin. 

Feleton.      XX asrga kelib o‘zbek adabiyotida ko‘pgina janrlarga sinov sifatida qo‘l urila boshladi. E’tibor beradigan bo‘lsak, jadidlar ko‘pincha o‘z yozganlariga aniq bir janr belgilab o‘tmagan. Matbuotda ham feleton ruknida bir nechta janrdagi (hikoya, roman, tanqidiy maqola, sayohatnomalar, she’r) asarlar e’lon qilinavergan. Holbuki, vaziyat shunday ekan, ularga aniq bir janrni tirkab qo‘yish ham tadqiqotchiga mushkullik tug‘diradi. Masalaning yana bir tomoni, vaqtli matbuotda feleton so‘zi ham rukn, ham janr sifatida qo‘llanilavergan. Biz feleton deb atamoqchi bo‘layotgan quyidagi nasriy parchalarda ko‘p jihatdan esse janri talablariga yaqinlikni ko‘ramiz. Essening shu kungacha mavjud ta’riflariga tayanadigan bo‘lsak, hajman kichik, “erkin kompozisiyali, maxsus mavzuga bag‘ishlangan, shaxsiy mulohaza va taassurotlarga asoslangan” lik tamoyillari bu jihatdan fikrimizni dalillaydi. Xususan, jurnalda keltirilgan “Xushyoqmas” imzoli muallifning “Xushim kelmaydur”[2] maqolasi shariatga va insoniylikka mos kelmaydigan ishlarni tanqid qilib yozilgan. Muallif uslubi o‘ziga xos. U yozmoqchi bo‘layotganlarini go‘yoki yozishni xohlamayotganday (“Istaymanki, yozayin.... ..... lekin hushim kelmaydur”)[3] qilib ko‘rsatadi. Biroq ularni shu “ehtiyotkorligi” bilan “yeng ichida” anglatib ketadi: “Istaymanki, yozayin: boylarimizdan biri talabamiz uchun 5 so‘m iona tilaganda bermay, har bayramda rus xonimlarini ziyofat qilub, 100 so‘m-100 so‘m xarj qiladurda, o‘zini eng muqaddas va mutadayyin odam hisob qiladur, oh, xushim kelmaydur”206. 1914-yilning 34-sonida “Gumnom” taxallusi bilan yozilgan “Orzu yoki xayol” maqolasida “Xushim kelmaydur” uslubini sezish mumkin. Dastlabki maqolada “istaymanki, yozayin...” tarzida o‘z mulohazalarini beradi: “Istaymanki, yozayin: bu yaqin vaqtlarda katta kishilarimizdan biri katta to‘y qilib, necha shaharlardan davlatmandlarni to‘yig‘a da’vat aylab, alarg‘a necha ming so‘mlar sarf qilganda, faqir odamlarni va benavo talabalarni yodig‘a ham solmadi. Lekin xushim kelmaydur...”. “Orzu yoki xayol” da o‘qiymiz: “Agar manim nufuz va iqtidorim bo‘lsa edi, barcha maktab va madrasalarni muvofiq zamoni isloh etib, ta’limi ibtidoiyni majburiy qilib, o‘g‘lini o‘qutmagon kishilarg‘a jazo berur edim va muning ila 25-yil ichida butun Turkistonni maorif va madaniyat nuri ila ziyolandurar edim. Lekin oh! Chi koraki....”. Maqola xuddi shu uslubda davom ettiriladi. Bundan Xushyoqmas va Gumnom uslubidagi o‘xshashlikni sezish mumkin. Latifalar. Jurnalning 1915-yil 9-sonidan boshlab latifalar berib borilgan. Turli mavzudagi, kichik hajmli latifalar hajv, kinoya, istehzoga yo‘g‘rilgan. Ularda hozirjavoblik, so‘zamollik, nodonlikni qoralash holatlari ustuvorlik qiladi: “Qarzxoh qarzdor eshigini taq-taq qilar. Qarzdor panjare (deraza)dan boshini chiqarib, ani ko‘rib pisinur. Xizmatkori chiqib derki: xo‘jayin uyda yo‘q! Tashqari ketdi. Qarzxoh der: ko‘b yaxshi. Kelsa deginki: yana tashqari chiqsa, boshini panjara oldig‘a unutib ketmasunki, ko‘rganlar uyda gumon qilurlar”. Latifalar orasida “Ota ila o‘g‘ul” latifasi o‘zining satirik ruhi, kinoyaga boyligi, ko‘tarilgan mavzuning dolzarbligi bilan ahamiyatga ega. Unda avom orasida avj olib ketgan savodsizlik qoralanadi. O‘zining besavodligi tufayli o‘g‘liga jabr berish davomida o‘zi ham izza bo‘lgan otaning tipik qiyofasida butun millat otalarini kulgi ostiga olib, ayovsiz “savalaydi”. Albatta, bundan boshqa latifalarning ham hammasini o‘z yuki, anglatmoqchi bo‘lgan g‘oyasi mavjud. Jurnaldagi mazkur latifa va hajviy asarlar mushtariylarda yengil kayfiyat uyg‘otishi barobarida, ularni atrofdagi o‘zlari bilishi va e’tibor berishi kerak bo‘lgan illatlardan qochishga chaqirgan, deb aytish mumkin.

 Maktub va reklama-tanqidlar.[4] XX asr boshi matbuot sahifalarida “Idoraga”, “... dan maktub”, “Ochiq xat”, “Idoraga maktub” deb nomlangan ruknlar ko‘p uchraydi. Bunday maktublar keng mavzularni qamrab olishi hamda idora-mushtariy munosabatlarini chetdan baholashga qo‘l kelishi bilan ahamiyatlidir. Ushbu maktublarda biror asar yuzasidan fikr bildirib, pesa taassurotlarini bayon qilib yoxud mualliflarga murojaat tarzida yozilgan maktublar ham uchraydiki, ularni adabiy-tanqidiy maktub janriga oid deb olishimiz mumkin. Adabiy mavzudagi maktublardan biri “Mushmirzog‘a ochiq maktub”dir. Unda muallif dastlab Mushmirzo qalamiga tashakkurdan so‘ngra “Mushmirzo” va “Pishakso‘fi” taxalluslariga to‘xtalib, ulardagi “mirzo” va “so‘fi” iboratlari “bir necha kishilarg‘a giron tegib” ketgani sababli, ularga “tag‘yir berib, lutfan yana latifago‘ylikda davom etsangizlar” deb mayl bildiriladi. Maqolada yana bir e’tibor qaratish lozim bo‘lgan o‘rin bor. Maktub egasining xabar berishicha, Mushmirzo nomiga Xo‘qand va buxorolik maslakdoshlari, muxlislaridan idoraga maktublar yo‘llangan. Bundan kelib chiqadiki, Mushmirzo Xo‘qand yoki Buxorodan emas, Samarqand adabiy doirasidan, deb taxmin qilish mumkin. Idora bu maktublarni e’lon qilishi uchun Mushmirzoga o‘z laqabini o‘zgartirishi shart qilib qo‘yiladi. Va “Oyna”ni kuzatadigan bo‘lsak, Mushmirzo taxallusi shu maqoladan so‘ng qaytib davom etmaydi. 1914-yil 35-sonidan “Gumnom” bo‘lib qatnasha boshlaydi. Ushbu maktub muallifsiz bo‘lib, “Oyna” nomidan berilgan. Matbuot muharrirlari yangi asar yozilganda yoki biror pesa sahnada qo‘yilishidan oldin ular haqida kichik e’lonlar berib borishgan. Bunday e’lonlardan o‘quvchi asar haqida dastlabki ma’lumotlarga ega bo‘lgan va muharrirning qisqa munosabati bilan ham tanishish mumkin bo‘lgan. Bu reklama-tanqidlardir. Ular orqali “yangi adabiyotlar bilan tanishibgina qolmay, balki ularga berilgan ilk bahodan, ilk tanqidiy nazardan” xabardor bo‘lingan. “Turkiston viloyatining gazeti”, “Ulug‘ Turkiston, «Sadoi Turkiston”da berilgan “Yangi kitoblar” ruknida reklama-tanqidlarni uchratish mumkin. “Oyna”da nashr qilingan “To‘y” reklama-tanqidi idora tomonidan yozilgan bo‘lib, “To‘y” risolasi muallifi, risola qiymati, manzili, qisqacha mazmuni yoritilgan. Shuningdek, idoraga kelgan yangi asarlar, usuli jadid maktablari uchun yozilgan darsliklar, sahna asarlari haqida xuddi shunday e’lonlar berib borilgan. yuqorida bildirilgan mulohazalar “Oyna” jurnalida adabiy muhit qanday aks etganligi yuzasidagi umumiy bir qarashlardir. Kichik hajviy parchalar hamda satirik esse va maktublar nainki ularni XX asr jadid hajviyoti sifatida kashf etishni, balki “Oyna” minbaridagi adabiy-tanqidiy muhit haqida tasavvur hosil qilish imkonini ham bera oladi

XIX asr oxirlaridan boshlangan milliy uyg‘onish davri bosqichiga kelib endi she’riyatdagi mavzu ham, uslub ham keskin o‘zgardi. Agar jadid she’riyatining birinchi bosqichi 1905-1917-yillar oralig‘i deb belgilansa, shu qisqa vaqt ichida yuz bergan jarayon ko‘p asrlik an’ana qolipini parchalab yubordi. Bu bosqich she’riyatda “tajriba bosqichi” bo‘ldi va u ifodaning to‘porilikdan jozibadorlikka o‘tishiga zamin hozirladi. “Kuydan da’vatga” aylangan bu davr she’riyatini ma’rifiy ruhdagi she’rlar bayozi, deyish mumkin. Unda “erkinlik”, “taraqqiyot”, “ma’rifat” mavzulari qizil chiziq bo‘lib o‘tganini ko‘ramiz. Mutaxassislar XX asr boshlaridagi jadid adabiyotini “badiiyatiga ko‘ra u qadar yuksak emas” - deb baholashadi.


 

[1] Қосимов Б. Беҳбудий ва жадидчилик. – Тошкент: Ўзбекистон адабиёти ва санъати. 1990.

[2] Хушёқмас Хушим келмайдур. – Оренбург: Ойна, 1913. №11. –Б 170. 

[3] Хушёқмас Хушим келмайдур. – Оренбург: Ойна, 1913. №11. –Б 191.   

[4] Тожибоев Р. ХХ аср бошлари ўзбек адабий тарихидан. – Тошкент, 1993. –Б 81. 

Другие новости

Ziyoli ayol – komil inson murabbiyasidir!
04.03.2026 1
Ayol ma’rifati – jamiyat baxtiOila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onning ziyosi bo‘lgan ayollar azaldan vafoli yor, mehribon ona, oila boshlig‘ining asosiy maslahatchisi sifatida qadrlanib kelganlar. Onalik naqadar mas’uliyatli va sharafli maqom...
Подробнее
Mahmud Zamaxshariy adabiy merosi (2-qism)
03.03.2026 1
Shuningdek, manbalarda asarning nomi bir necha xil ko‘rinishda nomlanganini ko‘rish mumkin. Abdulqodir Bag‘dodiy “Xizonatu-l-odob”, Hojjiy Xalifa “Kashfu-z-zunun” kitobida “Navobig‘u-l-kalim” deb zikr qilib o‘tgan bo‘lsa, Suyutiy, Yoqut Hamaviy, Toshko‘prizoda, Sofadiy va...
Подробнее
Mahmud Zamaxshariy adabiy merosi (1-qism)
03.03.2026 1
AbstraktUshbu maqolada Xorazm faxri, Jorulloh (Allohning qo‘shnisi) nomi bilan mashhur bo‘lgan Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Ahmad Xorazmiy Zamaxshariyning hayoti, ilm yo‘lidagi safarlari va ta’lim olgan ustozlari haqida ma’lumotlar berilgan....
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry