20.04.2026
2

Sendan yetimlar haqida so‘raydilar

Sendan yetimlar haqida so‘raydilar

 

Islom dinida yetimlarga rahm-shafqat qilish, ularning huquqlarini himoya qilishga targ‘ib qilingan ko‘plab oyat-hadislar bor. Islom tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak sahobalar, tobe’inlar va taba’ tobe’inlar davrlarida musulmonlarning yetimga nisbatan o‘ta ehtiyotkor bo‘lganlari, uni yedirib-ichirishni, tarbiyasini va muhofazasin o‘z zimmalariga olganlariga guvoh bo‘lamiz. Yetimga yaxshilik qilish naqadar savobli ish ekani, unga nisbatan nohaqlik qilish gunohi kabiralardan ekanini yaxshi anglaganliklari uchun oralarida biror kishi vafot etib, yetim bolalar qolgan bo‘lsa, uni o‘z qaramog‘iga olish uchun hamma shoshilgan, hattoki bu xususda ya’ni bolani olish masalasida bir-birlari bilan tortishib ham qolganlar. Yetim bolani o‘z qaramog‘iga olganlar unga nisbatan aslo zulm qilmaganlar va o‘z bolalaridan ayirmaganlar.

Fuqaholar nazdida yetim deb balog‘atga yetmasidan otasidan ajralgan ya’ni otasi vafot etgan bolalarga nisbatan ishlatiladi. 

Qur’oni Karimda yigirma uchta  joyda turli ko‘rinishlarda yetimlar haqida oyatlar nozil qilingan. 

Sunnatda ham yetimning haqi, uni o‘z qaramog‘iga  olish savobli ekanligi, unga nisbatan nohaqlik qilmaslik haqida yuzlab hadislar vorid bo‘lgan.

Alloh taolo:

“Ammo yetimga qahr qilmagin”

deb amr qilgan (Zuho, 9-11).

Abu Hurayra (ra) dan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Musulmon oilalarning eng yaxshisi yetimga yaxshilik qiluvchisidir, eng yomoni esa, yetimga yomonlik qiluvchisidir”, deyilgan. (Ibn Moja rivoyati)

Yana boshqa bir oyatda Alloh taolo 

“U yetimni qo‘pollik bilan haydaydir”, degan (Ma’un 2-oyat).

Oxiratdagi jazoni yolg‘onga chiqruvchi odamgina yetimlarni xo‘rlashi mumkin. Balog‘atga yetmagan va ota-onasidan yoki otasidan ayrilgan bolalarni shariatda yetim deb ataladi. Yetim bolalar, ojiz, zaif va ko‘ngli o‘ksik bo‘ladi. Yetimni xorlovchi, unga zulm qiluvchi, haqqini poymol qiluvchi va bolalarning yetim bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan insonlar o‘ta gunohkor kishilardir.

Alloh taolo:

“O‘zlari taomni yaxshi ko‘rib tursalar ham,  uni miskin, yetim va asirlarga berarlar”. (Inson 8-oyat)

Ushbu oyati karimada Alloh taolo yaxshi bandalarining sifatlarini sanab, ular ichiga yetimlarga yaxshilik qiluvchilarni ham kiritgan

Alloh taolo:

“Bu dunyo va oxirat haqida. Sendan yetimlar haqida so‘rarlar. Sen: “Ularga isloh qilish yaxshidir”, deb ayt. Agar ularning (mollarini) aralashtirib yuborsangiz, bas, birodarlaringiz. Alloh buzg‘unchini ham, islohchini ham biladi. (Baqara, 220).

 

Yetimlarga yaxshilik qilishda biz bilgan-bilmagan dunyoviy va uxroviy foydalar mavjuddir. Yetimlarga g‘amxo‘rlik qilinadigan jamiyatlarda insonlar o‘rtasida o‘zaro muhabbat va samimiyat hukmron bo‘ladi. Otasidan ayrilgan yetim bolalarni qarovsiz qoldirish barchaga birdek zarar keltirishi islom diniga amal qilmaydigan jamiyatlarda juda ko‘p kuzatilgan. Yetim bolalarga e’tibor qilinmasa, ularning holidan xabar olinmasa, ular duch kelgan qiyinchiliklari va tarbiya qilinmaganliklari tufayli turli nojoiz ishlarga yo‘l qo‘yadilar. Natijada jamiyatda jinoyatchiliklar, o‘zaro adovat, bir-biriga nisbatan beshafqatliklar yuzaga keladi. Insonlarning yordamiga muhtoj bo‘lgan vaqtida ulardan hech bir yordam, mehr-shafqat ko‘rmagan bolalar keljakda xuddi shunday berahm va alamzada bo‘lib ulg‘ayishlari ko‘p kuzatilgan.  Yuqorida sanab o‘tgan holatlarimiz jamiyatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yomon ehtimollarning ba’zisi xolos. Bundan tashqari yetimlarga g‘amxo‘rlik qilmaganlar, ularning haqqini poy-mol qilganlarning oxiratda chekadigan azoblari ham juda katta bo‘ladi. 

 

Alloh taolo yana:

“Albatta, yetimlarning molini zulm ila yeganlar, qorinlarida olovni yegan bo‘lurlar. Va, shubhasiz, do‘zaxga kirurlar”, degan (Niso, 10).

Kim yetimlarning mollarini zulm qilib yesa, qiyomatda qorinlaridagi u narsa olovga aylanadi va qorinlaridagi olov alangalagan holda do‘zaxga kiradilar. Yetim  molini yeyuvchi odam ham o‘z qornidagi ham do‘zaxdagi dahshatli olov bilan jazolanadi. 

Abu Barzodan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh alayhissalom:

“Qiyomat kuni bir qavmlar og‘izlaridan olov purkalib turgan holda tiriltiriladilar”, dedilar.

Odamlar:

“Ey Allohning Rasuli, ular kimlar?”deb so‘rashdi.

Rasululloh alayhissalom:

“Alloh taolo: “Albatta, yetimlarning molini zulm ila yeganlar, qorinlarida olovni yegan bo‘ladilar”, deganini bilmaysanmi?” dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam:

“Ikki zaifning - ayolning va yetimning molidan uzoq bo‘lishingizni vasiyat qilaman”, deganlar. (Ibn Moja rivoyati)

Islom shariatiga ko‘ra yetim bolalarga nisbatan qilinishi lozim bo‘lgan majburiyatlar mavjud bo‘lib ular quyida keltiramiz:

  • Yetimni o‘z qaramog‘iga olish uning eng yaqin erkak qarindoshlariga ketma-ketlikda vojib bo‘ladi.  Akasi, akasining bolalari, amakisi, amakisining bolalari va hakazo yaqinlariga vojib. Agar ular bo‘lmasa uzoqroq qarindoshlar, ular ham bo‘lmasa qo‘ni-qo‘shnilar, qo‘shnilari ham bo‘lmasa, musulmon ummatining barchasiga vojib bo‘ladi. Musulmon yetim bola kimsasiz va qarovsiz qolib ketishi shar’an harom ish sanaladi, hech kim buni o‘z zimmasiga olmasa barcha barobar gunohkor bo‘ladi. 
  • Yetim bolani yaxshilab yedirib-ichirish
  • Yetim bolani yaxshilab kiyintirish
  • Yetim bolani yaxshi maskanda yashatish (ya’ni imkoniyati chegarasida, bularni eplolmasa boshqalardan yordam olish, bolani qiyinchilikka mahkum qilmaslik. Chunki u kichik yoshda bo‘lgani uchun o‘zini ta’minlay olmaydi va uni qaramog‘iga olgan odamning qashshoqligi sababli qiynalsmasligi lozim.)
  • Yetimni qaramog‘iga olgan ham boshqalar ham doimo unga ehson qilib turishlari
  • Yetimning molini saqlash ham  uni zimmasiga olgan kishiga vojibdir 
  • Yetimning molini faqat yetim bolaning o‘ziga sarflash
  • Uni himoyasiga olgan odam yetimning molini yeb tugatmasligi ham o‘ta zarur. Agar bu odam kambag‘al bo‘lsa va yetimning otasidan qolgan moli bo‘lsa yetimdan ortganini insof bilan yeyishi mumkin bo‘ladi. 
  • Yetim bola ulg‘ayib, aqlli-hushli bo‘lganida unga molini to‘la- to‘kis qilib qaytarib berish
  • Yetimga so‘z va hatti harakatlarda ham yaxshilik qilish, unga eng go‘zal holatda muomala qilish.
  • Yetimni o‘qitish, unga din va dunyo bilimlarini o‘rgatish, kasb-korli qilish.
  • Yetimning tarbiyasiga ham qattiq e’tibor qilish. Solih inson qilib yetishtirish.
  • Yetimga mehr-shafqat ko‘rsatish, uni haqiqiy ma’noda yaxshi ko‘rish va buni unga bildirish.

 

Otasidan erta aytilgan yetim bolalarni o‘z kafolatiga olgan kishilarga ko‘plab xushxabarlar vorid bo‘lgan:

åÅ

Saxl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Men va yetimning kafili jannatda mana bundoqmiz», deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini birlashtirib ko‘rsatdilar”.

(To‘rtovlari rivoyat qilishgan.)

 

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Kim ikki musulmondan bo‘lgan yetimni tutib taom va sharob bersa, albatta, Alloh uni jannatga kiritadi. Kechirilmaydigan gunoh qilgan bo‘lsagina, bundan mustasno”, dedilar”.

Termiziy rivoyat qilgan.

 

Bugun jamiyatimizda haqiqiy yetimlardan tashqari ota-onasi bor bo‘lsa-da mehrga zor, tarbiyaga muhtoj bo‘lgan bolalarni ko‘rishimiz mumkin. Bunga turli holatlarni sabab qila olamiz. Yaqin o‘tmishga qadar bizning yurtlarda ham yetimxonalar bo‘lmagan. Insonlar yetim bolani jannatga kirishga bir vosita o‘laroq ko‘rib uni tez o‘z qaramog‘iga olishga shoshilishgan. Hozirda esa er-xotinning turmushlari buzilgani uchun o‘rtada sarson bo‘lib qolgan minglab bolalar haqlari poymol bo‘layapdi. Ajralgan otalar xotinga achchiq qilib hatto o‘z pushti kamaridan bo‘lgan bolaga aliment nafaqa to‘lashdan ham bosh tortayotgan holatlar ham juda ko‘p. Bolasini boqish uchun ishga tushib ketgan onalar uydagi bolalari holidan bexabar, tirik yetimlarni qornini to‘yg‘azishdan boshqani o‘ylashga vaqti yo‘q. Shu yerda bir savol tug‘ilish mumkin. Bolani balog‘atga yetib, o‘zini eplay oladigan darajaga yetguncha boqishi vojib bo‘lgan otasi tirik bo‘lsa-da, bolasini boqmasa, shunday bolalar yetim sanaladimi, ularni boqish qaramog‘iga olish yetim boqish bilan bir xilmi?

Shariat jihatidan bunday bolalar yetim sanalmaydilar. Avvalda qozilar xotin va bolalariga, ota-onasiga, umuman olganda boqishi shart qilinganlarga nafaqa bermaganlarni ta’minot qilishga  majburlagan. 

Bolalariga nafaqa bermaydigan ota-onalar qattiq gunohkor bo‘ladilar. Bunday bolalarga ehson qilguvchilar yetim bolani boqqan savobini olmasalarda, boshqa ko‘plab ajrlarga ega bo‘ladilar. 

Barchamizga lozim bo‘lgan ish yetimlarni himoya qilish va bolalarning tirik yetim bo‘lib qolishlarini oldini olishga qo‘ldan kelgan hissamizni qo‘shishdir.

 

 

Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti va 

Xadichai Kubro ayol- qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi

 katta o‘qituvchisi Surayyo Ibragimova

Другие новости

UZR SOHIBLARIGA DOIR FIQHIY HUKMLAR
19.04.2026 2
UZR SOHIBLARIGA DOIR FIQHIY HUKMLARUzr sohibi badanidan uzluksiz tahorat sindiruvchi narsa chiqib turgan kishidir. Masalan bavlni tuta olmaslik, ich ketishi, uzluksiz yel kelib turishi, ko‘zdagi kasal sabab undan rangi o‘zgargan,...
Подробнее
Jihod tushunchasini soxtalashtirayotganlardan ogoh boʻlaylik
10.04.2026 9
Oxirgi yillarda jihod qilayotganini daʼvo qilib urush boʻlayotgan yurtlarga ketib qolayotganlar haqidagi xabarlar koʻpaydi. Bunga sabab boʻlayotgan narsa esa jihodning asl mohiyati, uning qanday amal ekani haqida ilmga ega boʻlmaslikdir....
Подробнее
“Tuhfatul atfol” asari haqida
20.03.2026 20
Qur’oni karimni nozil qilgan, uni maxsus qoidalarga to’liq rioya etib o’qishni buyurgan va tilovati uchun behisob ajr-u savoblarni va’da qilgan Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar bo’lsin. Qur’on qorilarining ustozi Payg’ambarimiz...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry