19.04.2026
2

UZR SOHIBLARIGA DOIR FIQHIY HUKMLAR

UZR SOHIBLARIGA DOIR FIQHIY HUKMLAR

Uzr sohibi badanidan uzluksiz tahorat sindiruvchi narsa chiqib turgan kishidir. Masalan bavlni tuta olmaslik, ich ketishi, uzluksiz yel kelib turishi, ko‘zdagi kasal sabab undan rangi o‘zgargan,  yiringli suyuqlik oqib turishi, quloq yoki ko‘krak yoki kindikdan qon oqib turishi kabi holatlar kiradi. Kishi uzr sohibi sanalishi uchun bir farz namozining vaqti mobaynida tahoratni buzadigan narsadan xoli bo‘lib, tahorat qilib,  namoz o‘qib oladigan  vaqt topa olmasligi kerak. Bu degani uning tahoratini buzib turadigan uzri o‘rta hisobda 6 yo 7 daqiqa ham to‘xtamasligi kerak. Chunki 6 yo 7 daqiqada tahorat qilish va kamida to‘rt rakat namoz o‘qish uchun ulgursa bo‘ladi. Islom shariati yengillikka asoslanganligi sababidan uzrli kishilarga har namoz vaqti uchungina tahorat qilish  va  shu tahorati bilan bir namoz vaqti ichida xohlaganicha farz, nafl namozlarini o‘qiyverishiga ruxsat bergan. Bunga Nabiiy sollallohu alayhi vasallam qoni to‘xtamayotgan mustahoza ayolga: “Har bir namoz vaqti uchun tahorat qil”, deganlarini dalil qilib keltirishimiz mumkin. Sohibi uzrlar haqida gap ketganda eng avvalo mustahoza ayol haqida aytib o‘tish o‘rinli. Chunki boshqa uzr sohiblari mustahoza ayolga qiyoslanadi. Mustahoza ayol – hayzning o‘ninchi kunidan keyin ham, nifosning qirqinchi kunidan keyin ham qon ko‘rib, qoni to‘xtamayotgan ayoldir. Hayzning eng kam muddati bo‘lmish uch kundan kam qon ko‘rgan ayol ham, homilador bo‘lsada qon ko‘rayotgan ayol ham mustahoza sanaladi. Ayolning mustahoza sanalishi va unga tegishli hukmlar fiqh kitoblarida batafsil yoritilgan. Mustahoza ayolni sohibi uzrlar qatoriga kiritish ham kiritmaslik ham mumkin. Ushbu risola sohibi uzrlar xususida bo‘lganligi sababli mustahoza ayollarning faqat sohibi uzrlar qatoriga kiradiganlari haqida so‘z yuritamiz. Demak, farjidan doim qon kelib turadigan ayollarning qoni uzluksiz bo‘lsa, hech to‘xtamasa ular uzr sohiblari qatoriga kiradilar. Yuqorida aytib o‘tganimizdek ularning uzrlari bir namoz vaqti ichida aqalli 6 yo 7 daqiqa ham to‘xtamaydigan bo‘ladi. Agar kun davomida  oz-oz kelib tursa, orada 10 yo 15 daqiqa bo‘lsa ham to‘xtasa ular uzr sohibi hisoblanmaydilar va har namoz vaqti uchun emas, har bir namoz uchun tahorat oladilar. Namoz asnosida qon kelib qolsa qayta tahorat qiladilar. 

Sohibi uzrlar qatoriga kirgan kishi  uzri kelib turgan vaqtda tahorat qilgach, yana uzri kelib qolsa tahorati buzilmaydi. Xuddi shunday uzri to‘xtagan vaqtda tahorat qilib keyin uzri kelib qolsa  ham tahorati buzilmaydi. Lekin uzr kelgani sababli tahorat qilsa, so‘ng tahorat buzuvchi boshqa narsa chiqsa tahorati buziladi. Masalan,  bir kishini doimiy burni qonab turadi va 7 daqiqa ham to‘xtamaydi. Shu sababli u sohibi uzrlardan edi. Bir namoz vaqti uchun bir tahorat qilib o‘sha tahorati bilan istaganicha namoz o‘qir edi. Burni qonaydigan kishi tahorat qildi, so‘ng undan bavl yoki yel chiqdi tahorati buziladi. Chunki uning uzri burnining qonashi edi. Yel chiqishi yoki bavl chiqishi uning uzri sanalmaydi va shu sababli tahorati buziladi. 

Agar bir kishining uzri burnining bir tarafidan qon oqishi bo‘lsa, u tahorat qilsa so‘ng burnining boshqa tarafi qonasa uzridan boshqa betahoratlik yetgani sabab tahorati o‘sha zahoti buziladi. 

Uzrli kishining tahorati namoz vaqti chiqishi bilan buziladi. Masalan uzri to‘xtamay turgan bir kishi peshinni oxirgi vaqtida tahorat olgan bo‘lsa, so‘ng asr vaqti kirsa tahorati buziladi. Ammo agar uzri to‘xtab turgan bo‘lsa namoz vaqti chiqsa ham tahorati buzilmaydi, chunki uni tahoratini buzuvchi narsa sodir bo‘lmadi.

Hamma yaxshi bilib olishi shart bo‘lgan eng muhim uchta masala bor. 

Birinchisi − har bir uzrning boshlanish sharti. (Ya’ni bir insonning sohibi uzrlar qatoriga kirish sharti bor)

Ikkinchisi−  har bir uzrning davom etish sharti. (Ya’ni bir insonning sohibi uzrlar qatorida qolishi sharti bor)

Uchinchisi− har bir uzrning tugash sharti. (Ya’ni bir insonning sohibi uzrlar qatoridan chiqishi sharti bor)

Sohibi uzrlar qatoriga kirish uchun uning uzri to‘liq farz namoz vaqtini uzluksiz darajada qamrab olishi kerak. Ya’ni peshindan asrgacha bo‘lgan vaqtda uzri umuman to‘xtamay, tahorat qilib namoz o‘qib olishga yetadigan miqdorchalik ham pok bo‘lib tura olmasligi shart.  Uzr sohibinig uzri bir farz namozining to‘liq vaqtini qamrab olishi kerak deb qaydlashdan maqsad, hayit va zuho namozlari kabi farz bo‘lmagan namozlarni chiqarib tashlashdir. Demak sohib  uzr sanalish uchun farz namozi vaqti ahamiyatli. 

Insonning sohibi uzrlar qatorida qolib turishi sharti – har namoz vaqtida bir marta bo‘lsa ham uzri kelishidir. Sohibi uzrlar qatoriga kirib bo‘lgan kishining hanuz uzr sohibi sanalishi uchun uning uzri to‘liq namoz vaqtida  kelishi shart qilinmaydi. Peshindan asrgacha bo‘lgan vaqtda bir marta bo‘lsa ham ham kelsa, u hamon sohibi uzrlardan ekani ma’lum bo‘ladi. 

Insonning sohibi uzrlar qatoridan chiqishi sharti ­– uning uzri to‘liq  bir namoz vaqtida to‘xtashidir. Ya’ni peshindan asrgacha bo‘lgan vaqtda umuman bir marta ham uzri kelmasligidir. Bir namoz vaqtida biror marta ham uzri kelmas demak u shar’iy uzrlilar qatoridan chiqib ketadi. 

Bir kishi tishini peshin namozi kirishidan biroz oldin tishini oldirsa, tish qonashi to‘xtashini namozning oxirgi vaqtigacha kutadi. Agar to‘xtamasa tahorat qilib namozning oxirgi vaqtlarida  o‘qiydi. Peshin namozini oxirgi vaqtlarida o‘qiganidan so‘ng peshin namozining vaqti chiqib ketishidan oldin tish qonashi to‘xtab qolsa, demak bu kishi uzr sohibi emasligi ma’lum bo‘lib qoladi. O‘qigan namozini qaytadan iahorat bilan o‘qishi lozim bo‘ladi. Qayta tahorat qilib kelganida peshin vaqti tugab qolsa ham bu kishidan namoz soqit bo‘lmaydi, qazosini o‘qiydi. Tishi qonayotgan kishining qoni peshin namozining vaqti tugasa- da to‘xtamasa endi o‘qigan namozini qayta o‘qimaydi. Chunki uning haqiqiy sohibi uzr ekanligi ma’lum bo‘ldi, uning uzri to‘liq farz namozi vaqtini qamrab oldi. 

Sohibi uzrlarga tegishli yana bir qancha masalalar bo‘lib, quyida ular haqida so‘z yuritamiz. 

Agar bir kishining oyog‘i jarohatlangan  bo‘lib, namoz asnosida tik tursa qon oqib, o‘tirsa oqmaydigan holatda bo‘lsa namozini o‘tirib o‘qiydi. 

Agar kishining bavl tomchilash uzri bo‘lsa, tik turganda tomib, o‘tirganida to‘xtasa, namozni o‘tirib o‘qiydi. 

Agar kishining jarohatidagi qon tik tursa ham o‘tirsa ham oqadigan bo‘lsa, faqat yotib o‘qiganda to‘xtaydigan bo‘lsa, tik turib namozini o‘qiydi. 

Sohibi uzrdan chiqayotgan narsalar barchasi najas sanaladi. Ushbu najosatlar uning kiyimlariga tegsa,  dirham miqdoridan ko‘p bo‘lsa, uni tozalash shart bo‘ladi. Namozga kirishishdan oldin kiyimini poklaydi. Saraxsiy (ra) aytadilar:  Agar namoz asnosida kiyim najas bo‘lib qolsa kiyimni poklab qayta o‘qiydi. Bu ish ikki marta takrorlansa, qayta poklamay namozini o‘qiyveradi. Muqotil (ra) har namoz uchun bir marta kiyim almashtirishi yetarli deydilar. Yel chiqib turadigan sohibi uzr kishi bavl chiqib turadigan sohibi uzr kishiga namozda iqtido qila olmaydi. Chunki yel chiqadigan kishidan ko‘ra bavl chiqib turadigan kishining holati yomonroq. Chunki uning kiyimida ham najosat bor. Bu vaziyatda imom ikki uzr sohibi, unga ergashuvchi esa bitta uzr sohibidir. Xuddi shuningdek bavl tomchilab turadigan uzri bor kishi yel chiqib turadigan va jarohatidan qon tomib turadigan kishiga iqtido qila olmaydi. Bu vaziyatda ham imomning ikkita, ergashuvchining esa bitta uzri bor. Iqtidodagi qoida esa imomning holati muqtadiyning holatidan yaxshiroq bo‘lishi kerakligini taqozo qiladi. Sohibi uzr kishilarning tahoratlari namoz vaqti chiqishi bilan buziladi. Bu qavl Abu Hanifa (ra) va Muhammad (ra) ga oid. Abu Yusuf (ra) namoz vaqtining kirishi ham, chiqishi ham ularning tahoratini buzadi deydilar. Zufar (ra) esa namoz vaqtining kirishi ularning tahoratini buzadi deydilar. Imomlar o‘rtasidagi ushbu ixtilofning farqini quyidagi masaladagina tushunish mumkin.  Aytaylik, sohibi uzr kishi bomdod namozi vaqti kirganida tahorat qildi, so‘ng quyosh chiqdi.  Bu vaziyatda uchta imomizga ko‘ra uzr sohibining tahorati buzildi. Chunki bomdod namozining vaqti chiqdi. Zufar (ra) ga ko‘ra esa uning tahorati buzilmadi. Chunki peshin vaqti kirmadi. 

Sohibi uzr quyosh chiqib, bomod namozining vaqti tugab bo‘lganidan so‘ng tahorat qilsa Abu Hanifa (ra) va Muhammad (ra) ga ko‘ra uning tahorati peshin namozi vaqti kirganida buzilmaydi. Chunki u kishi peshin namozi vaqtiga kirdi. Quyosh chiqqanidan so‘ng chiqib ketayotgan namoz vaqti topilmadi, aksincha peshin vaqti kirdi. Abu Yusuf (ra) uning tahorati sindi deydilar. Chunki u kishiga ko‘ra vaqtning kirishi ham chiqishi ham sohibi uzrning tahoratini sindiradi.

Zufar (ra) ga ko‘ra ham uning tahorati buziladi. Chunki u kishining qoidalariga ko‘ra namoz vaqtining kirishi  sohibi uzrning tahoratini sindiradi. 

 

Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti va 

Xadichai Kubro ayol- qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi

 katta o‘qituvchisi Surayyo Ibragimova

Другие новости

Sendan yetimlar haqida so‘raydilar
20.04.2026 2
Sendan yetimlar haqida so‘raydilar Islom dinida yetimlarga rahm-shafqat qilish, ularning huquqlarini himoya qilishga targ‘ib qilingan ko‘plab oyat-hadislar bor. Islom tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak sahobalar, tobe’inlar va taba’ tobe’inlar davrlarida musulmonlarning...
Подробнее
Jihod tushunchasini soxtalashtirayotganlardan ogoh boʻlaylik
10.04.2026 9
Oxirgi yillarda jihod qilayotganini daʼvo qilib urush boʻlayotgan yurtlarga ketib qolayotganlar haqidagi xabarlar koʻpaydi. Bunga sabab boʻlayotgan narsa esa jihodning asl mohiyati, uning qanday amal ekani haqida ilmga ega boʻlmaslikdir....
Подробнее
“Tuhfatul atfol” asari haqida
20.03.2026 20
Qur’oni karimni nozil qilgan, uni maxsus qoidalarga to’liq rioya etib o’qishni buyurgan va tilovati uchun behisob ajr-u savoblarni va’da qilgan Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar bo’lsin. Qur’on qorilarining ustozi Payg’ambarimiz...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry