Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnalidan nasriy va nazmiy asarlar tahlili (2-qism)
Jadid adabiyoti har qancha o‘ziga xosliklarga ega bo‘lmasin, u ,avvalo, mumtoz adabiyotda mavjud an’analardan ozuqa olib rivojlandi. Xususan, Sharq mumtoz adabiyotida tanqidni she’riy yo‘lda ifodalash an’anasi XX asr boshlari adabiyotida ham ko‘p uchraydi. Buni “Oyna” jurnalida uchraydigan ma’rifiy she’rlarning barchasiga nisbatan aytish mumkin. Sababi, bunday she’rlarda ta’sir o‘tkazish, qo‘zg‘atish katta ahamiyatga ega. Shoir millatdoshlari holiga achinib, illatlarni ko‘rsatibgina qolmay, uni boshqa xalqlar bilan taqqoslaydi, millatdoshlarini keskin tanqid qiladi. Jurnalda keltirilgan xuddi shunday ma’rifiy-tanqidiy she’rlarga misol qilib, Milliyning “Iltijo” (1913, №1), Vasliyning “Tanbeh va bayoni voqe’” (1913, №1), Hoji Muinning “E’tirof” (1913, №3), Faxriddin Rojiyning “Tabib hikoyati” (1913, №3), Tavalloning “Oh va hasrat” (1913.№10), Ibrohim Davronning “Sindilar”(1914.№27), Ajziyning “Vatan manzumasi”(1914.№36), Rojiyning “Nosozligimiz uchun”(1914.№57(5)) she’rlarini aytish mumkin. Bu she’rlarda, asosan, ilmsizlik, loqaydlik, yalqovli illatlari tanqid qilingan. Shu bois ularda millatga xitoban yozilgan misralar ko‘p uchraydi:
Ey musulmonlar! Uyg‘oning emdi, Dard uchun tarmashing davolarg‘a. (Hoji Muin)
Keling islomlar yuguring, o‘lung emdi Xudo haqqi, Nifoq ila taassubdan qoching bug‘zu adovatdan. (Ubaydullaxo‘ja Sulaymoniy)
Sharqdin Mag‘ribgacha bizdek jahonda xor yo‘q, Bizga ne bo‘ldi bilolmam, yo rasuli Mustafo. (Tavallo)
“Oyna” jurnalida mahalliy shoirlar va turk, tatar shoirlari ijodidan namunalar berish bilan bir qatorda, jahon adabiyoti misolida Gyotening “Faust” asaridan, Hodiy devonidan, Umar Xayyomning ruboiylaridan, Bedilning ijodidan, “Shayboniynoma” dan parchalar keltirilganligi jurnal sahifalarining badiiy qimmatini yanada oshirgan. Jurnalning she’riy matnlarni berishdagi o‘ziga xoslik yana shunda ko‘rinadiki, unda “Mutafarriqa” sarlavhasi ostida bir shoirga tegishli turli she’rlardan parchalar keltirib borilgan. (Mutafarriqa // Oyna, 1913 №1 b.27; №5, b.118; №8. b.188). “Oyna” o‘z davrida muhim bo‘lgan fikrlarni she’riyat orqali ham o‘rtaga tashlay oldi. Janr va mavzu jihatidan ko‘lamdor materiallarni nashr qildi. Jurnal materiallari misolida jadid she’riyatiga nazar solinadigan bo‘lsa, yangi mazmunni ifodalash uchun yangi poyetik shakllarni izlash boshlangani, ijtimoiy-siyosiy fikr aytish birinchi pog‘onaga
Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning “Oyna” jurnali ko‘tarilgani ravshanlashadi. Bu davrdagi she’rlar “o‘tish davri” she’riyatidir. Ularga ko‘p nazariy talablar yuklashmas, ijtimoiy g‘oyaviy talablarni kuzatish kerak. Xulosa qilib aytish mumkinki, “Oyna”da e’lon qilingan she’riy materiallar turkiy hamda forsiy tilda. She’rlar, asosan, masnaviyda yozilgan bo‘lib, musaddas, musamman, g‘azal, fard, she’riy doston, ruboiylar kam miqdorda uchrab turadi. Jurnal birgina ma’rifiy she’rlar bilan cheklanib qolmay, balki ishqiy, hajviy, ijtimoiy mavzudagi she’rlar ham e’lon qilib borgan.
XX asr boshlari o‘zbek adabiyoti juda murakkab adabiy jarayonni boshidan kechirdi. Bu davrda qarashlar, ifoda yo‘llari, maqsad o‘zgardi, keskinlashdi. Badiiy tafakkur va estetika yangilana boshladi. Gʻarb adabiyoti va publisistikasining ta’sirida hikoya, roman, drama janrlari va tanqidiy maqola va esse, taqriz, obzor, feleton kabi adabiyotshunoslik sohalari o‘zlashdi. Mumtoz adabiyotda “Navoiy asri” qanchalik keskin burilish yasagan bo‘lsa, yangi o‘zbek adabiyotidagi jadidchilikning o‘rni va salmog‘i ham undan kam emas. Jadid adabiyotining haqiqiy bahosini berish shu davrga mansub adabiy merosni chuqur o‘rganish bilangina amalga oshadi. Bu davr adabiy muhitida nazmdan ko‘ra ko‘proq nasrda muhim yangilanishlar, badiiy kashfiyotlar ro‘y berayotgandi. Shu sababli jadid adabiyotining ko‘pgina o‘ziga xosliklari undagi nasriy namunalarida ko‘zga tashlanadi. Buni adabiyotga kirib kela boshlagan yangi janrlar misolida ham ko‘rish mumkin. Jadidlar tanqidni asr adabiyotining eng katta yutug‘i deb tan olishdi. Deyarli barcha ma’rifatparvarlar tanqid haqida gap aytishga kirishdi. Behbudiy ham o‘zining “Tanqid saralamoqdur” maqolasi bilan o‘z qarashlarini maydonga tashladi va tom ma’noda XX asr o‘zbek adabiy tanqidi nazariyotchisi sifatida e’tirof topdi. Tanqidning dastlabki sodda ta’riflarini biz XX asr boshlari matbuotida tez-tez uchratishimiz mumkin. Xususan, “bir kishining yozganiga ikinchi bir kishining nazari”[1], “boisi isloh”[2], yozuvchining o‘z ustida ishlashiga undab, uni “barmoq bilan turtub ko‘rsaturg‘a loyiq adib sifatida tarbiyalovchi kuch”[3] singari ta’riflar jadidlarning tanqidga munosabati va uni qanday qabul qilganliklarini ko‘rsatib beradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, dastlabki tanqid namunalarini sof adabiy ko‘rinishda deb bo‘lmaydi. Ularda qorishiqlik va tajribasizlik sezilib turadi. Faqat XX asrning 10-yillaridan so‘ng “tanqid” istiloh sifatida adabiy tanqid ma’nosida ishlatila boshlandi. Teatrning kirib kelishi, sahna asarlari va ularga yozilgan taqrizlar haqiqiy ma’nodagi tanqid adabiyotini yuzaga keltirdi. Tanqidning muhim janri bo‘lgan taqriz eng ko‘p qo‘l urilgan yo‘nalish bo‘ldi. Jadidlar teatrni madaniyatning bir ko‘rinishi deb qabul qildilar: “Taraqqiy qilmoqning eng birinchi sabab va boislaridan biri tiyotrlardur deyurlar”. Behbudiy teatr to‘g‘risidagi qarashlarida dramaning uch turiga ishora berib o‘tadi: “Tiyotrxona sahnalarinda qo‘yulaturgon asarlar fojia, ya’ni qayg‘ulik, mazhaka, ya’ni kulgu, drama, ya’ni hangomalik bir voqea va hodisani tasvir etib xaloyyuqg‘a ko‘rsatilur”. Asta-sekin drama jadid adabiyotining yetakchi sohasiga aylandi. Sahna asarlariga yozilgan taqrizlar esa adabiyotning, adabiyotshunoslikning yangi imkoniyatlarini ochdi. “Oyna” o‘zining tanqid maktabiga ega edi. Unda muntazam ravishda Behbudiy, Hoji Muin, Fitrat, Rasuliy, No‘shiravon Yavushev, Mirmuhsin Shermuhamedov, S.Ayniy, Vasliy singari davrining fikri ochiq ijodkorlari ishtirok etib turgan va boshqa nashrlararo munozaralarda ham jurnal o‘zining munosabatini bildirib borgan. Jurnalda uchrovchi nasriy materiallarniquyidagicha tasniflash mumkin: 1. Taqriz. 2. Adabiy-tanqidiy maqola. 3. Mubohasa. 4. Feleton. 5. Latifa. 6. Maktub. 7. Reklama-tanqid. Taqrizlar. Asarning haqiqiy bahosini beruvchi va “tanqidiy bahoning harakatdagi jonli o‘lchovi” hisoblanuvchi taqrizni “tanqidning tikonli guli” deb ham e’tirof etishadi. XX asr dramaturgiyasida taqrizlar ana shunday, tanqidning asosini tashkil qiluvchi faol janrga aylandi. Bu davrda, asosan, taqrizning sharh-taqriz va xabar-taqriz turlarini uchratish mumkin. O‘zbek adabiy tanqidchiligida dastlabki taqrizni Furqatga nisbat beriladi. 1890- yilda yozilgan bu sharh-taqrizda rus shoirlaridan birining (muallifi aytilmagan) o‘zbek tiliga o‘girilgan erkin tarjimadagi she’riga munosabat bildirib o‘tiladi. Matbuotda e’lon qilingan ilk o‘zbekcha taqrizlarga “Turkiston viloyatining gazeti”da nashr qilingan “Yangi alifbo darsligi haqida” maqolasini misol qilish mumkin. “Oyna” jurnalida uchrovchi xabar hamda sharh-taqrizlar, asosan, “Padarkush” dramasi uchun yozilgan edi. Jurnalning 1913- yil 10-sonida “Samarqandda tiyotr” nomli kichik xabar-taqriz berilgan. U “Padarkush” dramasining, shu bilan birga, o‘zbek dramasining ilk sahna yuzini ko‘rishi xabari hamdir. Unda o‘zbek va tatar taraqqiyparvarlari bilan birgalikda “Padarkush” hamda “Oldaduk ham oldanduk” asarining Samarqandda qo‘yilishi va Qo‘qon, Toshkentda sahnalashtirish uchun tayyorgarlik ko‘rilayotganligi haqida xabar keltirilgan: “Xo‘qand va Toshkandda ham “Padarkush” fojiasini sahnada qo‘ymoq uchun mashq qilmoqda emishlar”. Shu yilning 12-sonida xabarning davomi e’lon qilingan. Xabarda dramaning o‘ynalishi uchun Samarqand gubernatoridan ruxsat olinganligi, biletlarni kimdan sotib olish mumkinligi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot olish mumkin. Jurnalning 1914-yil 25-yanvar 14-sonida “Turkistonda birinchi milliy tiyotr” deb nomlangan sharh taqriz berilgan bo‘lib, “Padarkush”ning qay darajada o‘ynalganligi, xalq tomonidan qanday kutib olinganligi, dramaning ijrochilari, yutuq va kamchiliklari atroflicha sharhlab o‘tilgan. Ushbu sharh-maqolaning muallifi turli manbalarda turlicha ko‘rsatiladi. Xususan, adabiyotshunoslar Begali Qosimov, Uzoq Jo‘raqulovlar “muallifi noma’lum” ekanligini aytish bilan cheklangan bo‘lsalar, behbudiyshunos Solih Qosimov uni Behbudiy maqolalari qatoriga kiritadi. “Jadid dramasi” monografiyasida maqola muallifi Hoji Muin degan taxminiy fikr o‘rtaga tashlanadi. Shu narsa aniqki, “Padarkush” ga yozilgan har to‘rt taqriz bitta muallifga tegishli. Sababi, “Turkistonda birinchi milliy tiyotr” maqolasining davomi “Samarqandda tiyotr” deb nomlangan holda, 1914-yil 10-12-sonda berilgan taqrizlar ham xuddi shunday sarlavhalangan. Taqrizlarda keltirilgan dramaning tili haqidagi fikrlar, “Baland darajalik Samarqand voliysidan muharririmiz ruxsat ham oldi” jumlalari drama muallifiga tegishli bo‘lolmaydi (Behbudiy o‘zga shaxs nomidan yozgan bo‘lishi ham ehtimol). Va bu narsa taqrizchi Behbudiy emas, degan to‘xtamga olib keladi. Maqolalar muallifini Hoji Muin deb belgilash haqiqatga yaqinroq bo‘ladi. Ushbu “Turkistonda birinchi milliy tiyotr” maqolasi o‘zida ham sharh, ham talqinni birlashtirgan bo‘lib, o‘zbek sahnasining ilk asariga yozilgan birinchi taqriz ekanligi bilan ahamiyatlidir. Teatr asarlariga yozilgan taqrizlar bilan bir qatorda adabiy asar va she’rlar tahlil qilingan taqrizlar ham uchraydi. Shunday taqrizlardan biri No‘shiravon Yavushev[4]ning “She’r yozuvchilar diqqatina” maqolasidir. Unda jurnalning ilk sonida e’lon qilingan “Iltijo” musaddasiga fikr bildiriladi. Yavushev she’rni sarf va nahv qoidalariga amal qilmay yozilgan deb topadi. Undan ma’no anglamoq mushkulligini ayrim misralari misolida isbotlashga urinadi. Munaqqid (N.Yavushev) rus va arab shoirlarining ijodini o‘rnak sifatida keltiradi. Yavushevning o‘zi she’rlarini sodda tarzda va asosan barmoqda ifodalashga e’tibor qaratgan. O‘z o‘rnida idora Yavushevning fikrlariga e’tiroz bildirib, “Iltijo”[5] she’rini qoidaga muvofiq yozilgan deb himoya qilib chiqadi. “Oyna”dagi taqrizlarning nisbatan mukammalrog‘i “To‘y” pesasiga yozilgan “Tanqid emas, tanbeh” taqrizidir. Dastlab “To‘y” muallifi Nusratilla Qudratilla qalamiga tashakkur aytilib, munaqqid pesani o‘qib quvonganligini, “mazmuni nofe’”, jamiyat uchun foydali asar bo‘lganini ta’kidlaydi. Shundan so‘ng ushbu pesa va u orqali boshqa asarlarning ham “har nav nuqsondan toza chiqmog‘”i uchun bir-ikki so‘z aytishni lozim topadi. Bu esa “Matbuot muhibi”ning tanqid madaniyatidan xabardorligini bildiradi. Muallif sahna madaniyati va tanqid ta’siridan so‘zlab, pesadagi ayrim “adabdan xorij” so‘z va harakatlarning sahna uchun to‘g‘ri kelmasligi va tomoshabinlarning “yuz qizarmoqlarig‘a” sabab bo‘lishini yozib turib, pesadagi shunday so‘zlarni sahifasi bilan sanab o‘tadi. Misol uchun, “eshak” (13-sahifa), “oluftalik” (18-sahifa), “gadoy” (31-sahifa), “padar...” (35-sahifa), “jurmi boshdan” (44-sahifa) so‘zlari uchraydi. Lekin bu so‘zlar tanqidchi ayb yuklaydigan darajada “qabih va uyat” deb bo‘lmaydi. Shu bilan birga, “To‘y” qahramonlarining kasb-kori (ko‘bkoritoz, ko‘knoritoz, bedanaboz, chitfurush va h.k.) va shaxsiyatiga qaralsa, ular nutqida bunday so‘zlarni berish haqiqatga ancha yaqin va tabiiydir. Taqrizchi Milliyni o‘z asarini qayta tahrir qilishga chaqiradi. Va yo‘l-yo‘lakay “Padarkush”da ham yuqoridagi kabi e’tibor berish kerak bo‘lgan o‘rinlarni ko‘rsatib, har ikki muallifdan “afvi marju” tilaydi. Ushbu taqriz javobsiz qolmagan. Lekin Milliy emas, Hoji Muin javob yozgan. Buning sababini uning o‘zi shunday izohlaydi: “Mazkur «To‘y” risolasining yarmidan ziyodasi manim shikasta qalamim ila yozilub, qolgani ham o‘zimning isloh va tas’hihim ila tartib qilinganligi uchun bu to‘g‘rudagi adabiy mas’uliyat manim ustimg‘a tushsa kerak».185 Muinning javobiga ko‘ra, asardagi nuqsonlarning sababi ikkita: birinchisi, turk, tatar teatr risolalaridagi shunday so‘zlarning borligini “taftish etmagan”i bo‘lsa, ikkinchisi, bu so‘zlarni u o‘z ixtiyori bilan qahramonning “qabihligini ko‘rsatmoq qasdila” yozganini aytadi. Yana Hoji Muin pesa yozilgan vaqtdagi o‘zining noqisligini asta-sekin tuzalishini umid qiladi. E’tibor berilsa, maqolaning biror joyida Milliy (Nusratilla Qudratilla) nomi tilga olinmaydi. Nuqsonlarning egasi ham Hoji Muin, kimdir aybdor bo‘lish kerak bo‘lsa ham u, pesani qayta tahrir qiluvchi ham uning o‘zi. Agar Hoji Muinning so‘zlariga qaraydigan bo‘lsak, “To‘y”ni yozishda Milliyning roli umuman bo‘lmaganligi tushuniladi. Aslida ham shunday bo‘lganmi? O‘sha davr munaqqidlari asarlarida va matbuotda “To‘y” haqida ham fikrlar va e’lonlar uchraydi. Xususan, “Turkiston viloyati gazeti”ning 1914-yil sonlarida “To‘y” pesasining tahririyatga kelib tushgani va muallifi Nusratilla Qudratilla (Milliy) ekani aytiladi. M.B.Solihov tadqiqotida ham ushbu pesa haqida gap ketganda, faqat Milliy nomi tilga olingan. Aynan “Oyna”ning o‘zida ham “To‘y” deb sarlavhalangan e’lon berilgan. E’londa “Muharrir va noshiri Nusratilloh Milliy ibn Qudratilloh, Turkiston maishatidan olib yozilgan ikkinchi risola” deb ta’riflanadi[6]. Hoji Muinning javob maqolasi Milliy vafotidan so‘ng yozilgan va ehtimol u “Oyna” muharriri sifatida idoraga kelgan pesani ko‘zdan kechirgandir. Lekin bu narsa unga mualliflik da’vo qilish huquqini berolmaydi.
[1] Ҳайбулло А. Танқид. // Садои Туркистон. – Тошкент, 1914. –Б 64.
[2] Маҳмудхўжа Б. Танқид – сараламоқдир. – Оренбург: Ойна, 1914. № 32. –Б 63.
[3] Зоҳирий А. Садои Туркистон. – Тошкент, 1914. №. 49. –Б 128.
[4] Yavushev N. – Turkiston madrasalarida ishlagan tatar sayyohi, muharrir, shoir, publisist.
[5] Миллий Илтижо. // Ойна. – Оренбург, 1913. №1. –Б 10.
[6] Тўй. // – Тошкент: Ойна, 1914. №54. –Б 30.
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية