01.02.2026
15

Qanday go‘shtlarni yeymiz?

 

Alloh taolo yer yuzidagi barcha narsalarni insoniyat uchun yaratib, ular ichidan faqat halol va poklarini yeyishni buyurdi. Odamlar eng ko‘p iste’mol qiladigan narsalardan biri go‘sht va go‘sht mahsulotlaridir. Har bir musulmon yeb-ichayotgan narsasining o‘ziga halol yoki harom ekanligini yaxshilab o‘rganib chiqishi shart. Ushbu moʻjaz maqolada shariatimizga ko‘ra iste’moli halol va harom qilingan hayvonlar haqida ma’lumot beramiz.
Alloh taolo Moida surasida:
“Sizlar uchun — (quyidagi oyatlarda haromligi) tilovat qilinadigan narsalardan boshqa chorva hayvonlari halol qilindi.”  deb aytdi.  (Moida 1-oyat) 
Shariatimizda go‘shtini yeyish joiz bo‘lgan  hayvonlarni “tazkiya” qilinsagina halol bo‘lishi aytilgan. Tazkiya – hayvonni so‘yishdan oldin “Bismillah va Allohu akbar” ni aytish va shariatda belgilab berilgan uslubda so‘yishdir. 
Alloh taolo “An’om” surasida bunday deydi:
“Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni yemanglar. Albatta, bu ish fisqdir.” (121-oyat).
Agar musulmon hayvonni so‘yayotib, Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, so‘ygan go‘shti halol ammo, bilib turib, qasdan zikr qilmasa, unday go‘sht harom bo‘ladi. 
Go‘shtini yeyish halol qilingan hayvonni so‘yishda tomoq va ko‘krak orasidan halqum, qizilo‘ngach va ikki qon tomirini kesish kerak bo‘ladi.
So‘yilgan hayvonning go‘shti halol bo‘lishi uchun so‘ygan odam  musulmon yoki ahli kitob bo‘lishi shart. 
Ahli kitob bo‘lmagan mushrik, vasaniy, dinsiz, murtad so‘yuvchilarning so‘ygan go‘shtlarini yeb bo‘lmaydi.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra barcha oziq tishli yirtqich hayvonlar va changali tirnoqli qushlar halol bo‘lmaydi.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam barcha oziq tishli yirtqichlardan va tirnoqli qushlardan nahyu qildilar”. (Muslim va Abu Dovud rivoyati) 
Oziq tishli yirtqichlarga sher, yo‘lbars, qoplon, bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, fil, maymun, ayiq kabi hayvonlar kiradi
Tirnoqli yirtqich qushlarga esa, burgut, lochin, qirg‘iy, tasqara kabi go‘sht yeydigan qushlar kiradi.  
Barcha hasharotlar harom sanaladi. 
Chayon, ilon, shilliqurt, chuvalchang, sichqon, chumoli, suvarak, o‘rgamchak, ari kabi hasharotlarni yeyish haromdir. Faqatgina chigirtka islom shariatiga ko‘ra haloldir. 
Baliqlardan boshqa barcha suv hayvonlari harom sanaladi. Dengiz yoki daryoda o‘zi o‘lib qolgan baliq ya’ni suvda qorni osmonga bo‘lib o‘lib yotgan baliq haromdir. Ovlangandan so‘ng o‘lgan baliq haloldir. Baliqni tazkiya qilib so‘yish shart qilinmagan. Hanafiylardan boshqa mazhab egalari baliqdan boshqa suv hayvonlarini ham halol deganlar. Hanafiy mazhabiga amal qiluvchi odamlar uchun uchun esa baliqdan boshqa suv hayvonlarini yeyishlarini mutlaqo nojoiz. 
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Bizga ikki o‘limtik va ikki qon halol qilindi. Ikki o‘limtik baliq va chigirtkadir. Ikki qon bo‘lsa, jigar va qora taloqdir”, – dedilar”.
(Ibn Moja va al-Hokim rivoyati) 
Ot go‘shti haqida mazhabimizda ikki xil qavl mavjud. Abu Hanifa (ra) ot go‘shtini makruhi  tahrimiy deganlar. Abu Hanifa (ra) o‘z so‘zlariga quyidagi oyatni dalil qilib keltiradilar:
“Otlar, xachirlar va eshaklarni minishingiz va ziynat uchun (yaratdi) va siz bilmaydigan narsalarni yaratur”, ( Nahl 8-oyat)
Ushbu oyati karimada zikr qilingan hayvonlar yeyish uchun emas, minish va ziynat uchundir deydilar. 


Abu Yusuf (ra) va Muhammad (ra) ot go‘shti hech karohatsiz haloldir, deganlar va o‘z so‘zlariga dalillar keltirganlar:
Asmaa roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi.
“Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida ot so‘ydik va uni yedik”. (Ikki Shayx rivoyati) 
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Xaybar kuni xonaki eshaklarning go‘shtidan nahiy qildilar va yilqining go‘shtiga izn berdilar”.
Abu Yusuf (ra), Muhammad (ra) va ular bilan bir fikrda bo‘lgan Shofe’iy (ra), Ahmad ibn Hanbal (ra) lar ot go‘shtni yemaslik haqida kelgan hadislar, vaqtinchalik, jihod uchun ot minishga hojat kuchayganda aytilgan, keyinchalik, nasx qilingan deydilar.
Ot go‘shti haqidagi xulosa qiladigan bo‘lsak, jumhur ya’ni ko‘pchilik olimlar mazhabboshilar ot go‘shtini halol sanaganlar. 
Ot sutining halolligi  haqida esa ixtilof yo‘q.


 Suvda ham quruqlikda ham yashayveradigan hayvonlar harom sanaladi. Qurbaqa, toshbaqa va timsoh kabi hayvonlar bunga misol bo‘la oladi. 
Go‘shti halol hayvonlarning o‘zi o‘lib qolgani ya’ni harom o‘lgani, bo‘g‘ilib o‘lgani, boshqa bir hayvon suzib o‘ldirgani, urib o‘ldirilgani, yuqoridan yiqilib  tushgani, yirtqich hayvon yorib ketgani sababli o‘lganlari haromdir. 
Xonaki eshak harom yovvoyi eshak va zebra haloldir. 
Halol va harom hayvonning qo‘shilishidan tug‘ilgan hayvonlar ham haromdir. Misol uchun, ot va eshakning qo‘shilishidan tug‘ilgan xachir haromdir.
Musicha, kabutar, chumchuq, zag‘izg‘on, bedana, o‘rdak, g‘oz, tovuq, tuyaqush, bulbul kabi yirtqich bo‘lmagan qushlar haloldir. 
Go‘shti yeyiladigan va go‘shti yeyilmaydigan hayvonlarni ovlash shar’an joiz. Go‘shti yeyiladigan hayvonlarni yeyish uchun ovlanadi. Go‘shtini yeyish mumkin bo‘lmagan hayvonlar esa terisi, juni, tishi yoki shohidan foydalanish uchun ovlanadi. Go‘shtini yeyish uchun ovlayotgan paytda “Bismillah Allohu akbar” deb aytish lozim, aks holda ovlangan hayvon go‘shti harom bo‘ladi. Ovchi o‘qni otayotganda yoki ovlashga o‘rgatilgan ovchi hayvonini ov uchun qo‘yib yuborayotganda bismillahni aytishi shart. 
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim bo‘lgan bir masala bor bo‘lib, ko‘pchilik bunga e’tibor bermayotganini ham kuzatish mumkin. Go‘shti yeyiladigan hayvonlarning hamma a’zosi ham yeyilavermaydi. Jumladan:
1. Erkak hayvonning erkaklik a’zosi
2. Erkak hayvonning ikki moyagi 
3. Urg‘ochi hayvonning jinsiy a’zosi
4. Hayvondagi bez
5. O‘t pufak
6. Umurtqa orqasidagi harom mag‘iz
7. Hayvondan otilib chiqqan qon
Onasini so‘yilganida qornidan o‘lik holda chiqqan homila harom sanaladi. Agar tirik holda chiqsa va uni ham tazkiya qilib so‘yib olinsa halol bo‘ladi. 
Cho‘chqa go‘shti ham uning barcha a’zolari ham harom sanaladi. Cho‘chqadan boshqa barcha go‘shti yeyilmaydigan hayvonlarning oshlangan terisi, tuki, sochi, juni, pati, suyagi, shohi va tishi kabi a’zolari pok bo‘lib, ularni yeyishdan boshqa ehtiyojlar uchun ishlatish mumkin.

Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti va 
Xadichai Kubro ayol- qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
katta o‘qituvchisi Surayyo Ibragimova

Другие новости

Sendan yetimlar haqida so‘raydilar
20.04.2026 2
Sendan yetimlar haqida so‘raydilar Islom dinida yetimlarga rahm-shafqat qilish, ularning huquqlarini himoya qilishga targ‘ib qilingan ko‘plab oyat-hadislar bor. Islom tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak sahobalar, tobe’inlar va taba’ tobe’inlar davrlarida musulmonlarning...
Подробнее
UZR SOHIBLARIGA DOIR FIQHIY HUKMLAR
19.04.2026 2
UZR SOHIBLARIGA DOIR FIQHIY HUKMLARUzr sohibi badanidan uzluksiz tahorat sindiruvchi narsa chiqib turgan kishidir. Masalan bavlni tuta olmaslik, ich ketishi, uzluksiz yel kelib turishi, ko‘zdagi kasal sabab undan rangi o‘zgargan,...
Подробнее
Jihod tushunchasini soxtalashtirayotganlardan ogoh boʻlaylik
10.04.2026 9
Oxirgi yillarda jihod qilayotganini daʼvo qilib urush boʻlayotgan yurtlarga ketib qolayotganlar haqidagi xabarlar koʻpaydi. Bunga sabab boʻlayotgan narsa esa jihodning asl mohiyati, uning qanday amal ekani haqida ilmga ega boʻlmaslikdir....
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry