03.03.2026
1

Mahmud Zamaxshariy adabiy merosi (2-qism)

Shuningdek, manbalarda asarning nomi bir necha xil ko‘rinishda nomlanganini ko‘rish mumkin. Abdulqodir Bag‘dodiy “Xizonatu-l-odob”,  Hojjiy Xalifa “Kashfu-z-zunun” kitobida “Navobig‘u-l-kalim” deb zikr qilib o‘tgan bo‘lsa, Suyutiy, Yoqut Hamaviy, Toshko‘prizoda, Sofadiy va Maqorriylar “Alkalimu-n-navobig‘” deb keltirgan (ya’ni so‘zlar o‘rni almashgan). Bunga yana Nosir Zaydiy, Domadzoda kabi bir qancha asarning shorihlarining “Sharhu-l-kalimu-n-navobig‘” deb nomlashlari ham dalil bo‘ladi. Taftazoniy va Xivaqiylar asar sharhida  “Annavobig‘”ning sharhi deyishlik bilan kifoyalanganlar. Ibn Hanbaliy “Almiatu-n-navobig‘” deb aytgan. Izlanishlar natijasidan ma’lum bo‘ladiki, birinchi va ikkinchisi mashhur nomlari bo‘lib, uchinchisi ikkisidan birining qisqartirilgan shakli hisoblanadi. Aynan shu asarning muqaddimasida ham muallifning o‘zi asar nomini “Alkalimu-n-navobig‘” deb birinchi nom bilan atagan va quyidagi iboralarni keltiradi:

اللهم ان مما منحتني من النعم السوابغ، الهام هذه الكلم النوابغ،

(Ey Allohim, menga bergan mukammal ne’matlaringdandir, fasohatli so‘zlarga ilhom qilganing.) Demak, asarning haqiqiy nomi “Alkalimu-n-navobig‘” ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Shunday bo‘lsa-da asarning nomi ko‘pgina qo‘lyozma va toshbosmalar ustida “Navobig‘u-l-kalim” (so‘zlar fasohati) deb yozib qo‘yilgan. Buning sababi allomaning o‘zi boshqa kitoblarida shu nomni ham tilga olgan. Jumladan, “Robi’u-l-abror”ning “Osmon va yulduzlar” hamda “Arsh va kursi zikri” bobida quyidagicha keltiradi: “Navobig‘u-l-kalim” da aytilgandek:

“شيع الحسنة بحسن الجزاء. فما احسن  الشعرى خلف الجزاء”[1] 

Shuningdek, “Asosu-l-balog‘a”ning “jadb”[2] (lug‘atda “qurg‘oqchilik” ma’nosida) bobida “Navobig‘u-l-kalim”da aytilgandek: “من كان آدب كان رحله اجدب” (kimki ziyofatni ko‘paytirsa, hech narsasiz qoladi) aynan shu kitobning “roqn”[3] (lug‘atda “chiroyli yozish” ma’nosida) faslida:

 “العلم درس و تلقين. لا طرس و ترقين” (Ilm bu-o‘rganish va fahmlashlikdir. Varoq va chiroyli yozishlik emas.) deb aytadi. Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, birinchi va ikkinchi nomlar asarning haqiqiy nomi hisoblanadi [6, b. 836]. 

Ammo to‘rtinchi nomni mulohaza qilib ko‘rilsa, mazmunidan 100 hikmat ma’nosi kelib chiqadi. Bu esa asardagi hikmatlar soniga mos kelmaganini ko‘ramiz. Sababi, “Navobig‘u-l-kalim”da kelgan hikmatlar soni 291 tadan iborat. Shuningdek, birorta qo‘lyozma yoki toshbosma manbalarning unvonida ham bunday nomlanishiga guvoh bo‘lmadik.

Bu yerda Zamaxshariy ilmiy merosini o‘rgangan tadqiqotchilar o‘rtasida bahs munozarali yana bir masala bor. Bu masala shundan iboratki, Jorulloh Xorazimiyning ahloqshunoslikka doir bir nechta asarlari bor bo‘lib, shulardan uchtasi chop etilgan[4]. Bular “Maqomat”, “Atvoqu-z-zahab” va “Navobig‘u-l-kalim”dir. Bundan tashqari, alloma asarlarining ro‘yxati keltirilgan ba’zi tarix va taboqot kitoblarida yana ikki “Nasoihu-s-sig‘or”[5] va “Nasoihu-l-kibor” asarlari sanab o‘tilgan. Bu ikki asar alohida kitoblarmi yoki yuqoridagi nasihatomoz asarlarning boshqa nomlarimi? Ayrim olimlar bu ikki asar alohida boshqa-boshqa kitob desalar, boshqalari yuqorida sanab o‘tilgan kitoblarning turlicha nomlari deb hisoblaganlar. Xususan, “Nasoihu-s-sig‘or” bu “Navobig‘u-l-kalim”ning ikkinchi nomi deb hisoblaydilar. Masalan: Ibn Xollikon va ibn Ammodlar allomaning ahloqshunoslikka oid kitoblari ro‘yxatiga “Nasoihu-s-sig‘or” va “Nasoihu-l-kibor”ni kiritib, yuqoridagi uch asarni kiritmagan [4, b. 16]. Demak, “Maqomat”, “Atvoqu-z-zahab” va “Navobig‘u-l-kalim”lar alohida asar bo‘lmasdan shu ikki nomning biri ostida hisoblanadi. Yoqut Hamaviy, Toshko‘prizoda, Hojji Xalifa, Ismoil Bog‘dodiy, Abdu-l-Fattoh Abu G‘uddalar ro‘yxatlar qatoriga beshta nomni ham kiritgan. Bunda “Nasoihu-s-sig‘or” va “Nasoihu-l-kibor” alohida asar ekaniga ishora bor. Imom Suyutiy va Abu-l Abbos Muqriylar esa “Nasoihu-s-sig‘or” va “Nasoihu-l-kibor”ni asarlar ro‘yxatiga kiritmagan. Dovudiy esa “Navobig‘u-l-kalim”ni ro‘yxatlar qatoridan tushirib qoldirgan. Chunki ba’zi manbalarda “Navobig‘u-l-kalim” bilan “Nasoihu-s-sig‘or” yoki yana bir ko‘rinishi bo‘lgan “Nasoihu-s-sug‘ro” (ko‘plik shakli) bitta risola ekanligi aytilgan. Xattoki qo‘lyozma asarlarda ham bunday chalkashlikni uchratish mumkin. Masalan, Britaniya muzeyida 3733-invertal raqami ostidagi “Navobig‘u-l-kalim” qo‘lyozmasi “Nasoihu-s-sig‘or” nomi bilan saqlangan. Biroq ushbu qo‘lyozmani tadqiq qilgan Bog‘dod universiteti doktori Bahija Husayniy bu nom xato ekanligi aslida “Atvoqu-z-zahab”ning yana bir nomi bo‘lib, unitilib ketganligini qayd etgan [6, b. 836].  (“Atvoqu-z-zahab” ham Zamaxshariyning ahloqshunoslikka oid asarlaridan ekanligi yuqorida o‘tdi). Shuningdek, Iroq muzeyidagi 563-invertal raqami ostidagi “Navobig‘u-l-kalim” qo‘lyozmasining birinchi sahifasiga “Navobig‘u-l-kalim fi adabiyoti va yusamma Nasoihu-s-sig‘or” ya’ni, asar nomi (Navobig‘u-l-kalim), adabiyotshunoslikka doir ekani va “Nasoihu-s-sig‘or” (kichik nasihatlar) deb ham nomlanishi yozilgan. Misrning “Daru-l-kutub” fihrestida ham asar nomi “Navobig‘u-l-kalim” yoki “Nasoihu-s-sig‘or” deyilgan [6, b. 838]. Biz tadqiqotimizda istefoda etgan Misr kutubxonasida saqlanadigan 435-invertal raqamli qo‘lyozmaning birinchi sahifasida Ar-Riyoz universiteti kutubxonasining qo‘lyozmalar fondi pechati bosilgan bo‘lib, katologida asarning nomi “Alkalimu-n-navobig‘ va-n-nas’hu-s-savobig‘” (bunday nomlanishi  boshqa qo‘lyozmalardan farq qiladi) deb yozilgan. Shuningdek, katologda asarning boshqa nomlari ham aytib o‘tilgan. Ular quyidagilar: “Nasoihu-s-sig‘or”; “Navobig‘u-l-kalim va javomi’u-l-hikam”[6]. O‘zbek adabiyotshunoslarning asar va  tadqiqotlarida ham bu holatlarni uchratish mumkin. Jumladan, “O‘zbekiston milliy ensiklapediyasida”,  A.Rustamovning “Mahmud Zamaxshariy” nomli kitobida hamda bir qancha maqolalarda “Navobig‘u-l-kalim” alohida, “Nasoihu-l-sig‘or” alohida  sanab o‘tilgan.

Aslini olganda esa “Nasoihu-l-sig‘or” yuqorida doktor Bahija Husayniy aytib o‘tganidek, Zamaxshariyning ahloqshunoslikka oid asarlaridan biri bo‘lgan “Atvoqu-z-zahab”ning ikkinchi nomidir. “Atvoqu-z-zahab” dastlab “Nasoihu-l-sig‘or” nomi bilan atalgan [7, b. 43]. “Nasoihu-l-kibor” esa Zamaxshariyning axloqshunoslikka oid “Maqomat” asarining boshqa nomi hisoblanadi. Bunday xulosaga kelishimizga bir qancha sabablar bor. Birinchidan, “Atvoqu-z-zahab”ning qo‘lyozma nusxalarida shumladan, Misr kutubxonasida saqlanayotgan 1275 raqam ostidagi qo‘lyozma nusxaning muqovasiga, hamda katologiga  “Nasoihu-l-sig‘or” li-z-Zamaxshariy deb yozilgan bo‘lsa-da  asar “Atvoqu-z-zahab” ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Rog‘ib Posho kutubxonasidan 1057 raqam ostidagi qo‘lyozma nusxaning birinchi sahifasida Zamaxshariyning “Atvoqu-z-zahab” asari ekanligi hamda bu asar “Nasoihu-l-sig‘or” deb ham nomlanishi yozilgan. Ushbu qo‘lyozmaning 198 sahifasidan allomaning “Maqomat”i ko‘chirilgan bo‘lib, unga  “Nasoihu-l-kibor” deb nom qo‘yilgan. Bundan tashqari, biz o‘rganayotgan asarning alloma Taftazoniy tomonidan yozilgan “Ni’amu-s-savobig‘” nomli sharhini tahqiq qilgan olimlardan biri Hamza ibn Muhammad Vasim o‘z muqaddimasida ushbu masala bo‘yicha to‘xtalib quyidagi mulohazalarni keltiradi: “Zamaxshariy  “Robi’u-l-abror” asarining uch o‘rnida, “Kashshof” asarining bir joyida “Nasoihu-l-sig‘or”da shunday keltirilgan deya, “Atvoqu-z-zahab”dagi hikmatlarni keltirgan. Shuningdek, “Robi’u-l-abror” asarining boshqa ikki o‘rnida “Nasoih”da  deya (qisqa ko‘rinishi), bir hikmatni “Atvoqu-z-zahab”dan yana birini “Maqomat”dan iqtibos keltirgan. Shuningdek, alloma o‘zining “Muqaddimat” asariga yozgan sharhining bir necha joyida asar nomini “Nasoih” deb nomlagan.” [4, b. 16].

Bundan quyidagicha umumiy xulosalar  kelib chiqadi:

- Alloma Jorulloh Zamaxshariiy “Nasoih” deya mutlaq qisqa shaklda aytganda o‘zining ikki asarini ya’ni, “Atvoqu-z-zahab” hamda “Maqomat”ni nazarda tutgan bo‘ladi;

- “Nasoihu-l-sig‘or” deganda faqat “Atvoqu-z-zahab”ga ishora qilgan bo‘ladi; 

- Bundan ma’lum bo‘ladiki, “Nasoihu-l-kibor” deganda faqat “Maqomat” haqida gap yuritayotgan bo‘ladi. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, “Nasoihu-l-sig‘or” va “Nasoihu-l-kibor”lar allomaning alohida asari emas. Shuningdek,  “Nasoihu-l-sig‘or” biz o‘rganayotgan “Navobig‘u-l-kalim” asarining ikkinchi nomi ham emas. Bundan yuqorida aytib o‘tilgan, Imom Suyutiy va Abu-l Abbos Muqriylarning “Nasoihu-s-sig‘or” va “Nasoihu-l-kibor”ni ahloqshunoslikka oid asarlar ro‘yxatiga kiritmagani to‘g‘ri ekanligi, Ibn Xollikon va ibn Ammodlar bu ikkisini kitoblar ro‘yxatiga kiritib, qolgan uch asarni kiritmagani to‘g‘riga yaqinroqligi  ammo beshta nomni ham alohida asar sifatida sanab o‘tganlari xato ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ko‘rib turganimizdek, Jorulloh Zamaxshariyning bizga qoldirib ketgan ma’naviy merosini chuqur tadqiq etishda qilinadigan ishlar bisyor bo‘lib, matnshunos va adabiyotshunoslarning oldida bir qancha vazifalar borligini ko‘rsatadi.

 

Adabiyotlar:

  1. Islamov.Z. Maxmud Zamaxshariy ilmiy maktabining shakllanishi. Moturidiy /2022/4/1.
  2. Abu-l-Abbos Muqriy. (1939). Azharu-r-riyod fi axbori-l-iyod.
  3. Muhamedxodjaeva.S. Alloma Mahmud Zamaxshariy va uning ijodiy faoliyati. /O‘zbekiston. Til va madaniyat/2025/2/64.
  4. 4,5. Hamza ibn Muhammad Vasim (2018). “Nia’mu-s-savobig‘” Istanbul. Daru-l-lubab. Omosiy. Rovzu-l-axyari-l-muntaxob min robi’i-l-abror. -B. 294

6. H.Bahiyja. Majallatu-l-arab. (1970). Riyoz. J.9.-B.839.

7. Sulaymonova.N. (2019) Mahmud Zamaxshariyning Toshkent fondlarida saqlanayotgan asarlarining manbashunoslik tahlili. –T.: ToshDShI.

O‘zbekiston milliy ensiklapediyasi. (2010). Buyuk  ajdodlarimiz. Toshkent. 

Aytbaev M. (2023) Mahmud  Zamahshariy va uning ijtimoiy-axloqiy ta’limotining o‘ziga xos jihatlari. O‘zbekistonda fanlararo innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar /25/53.

Sulaymonova.X. “Rasailu-l-Xorazmiy” asarining qo‘lyozma nusxalari geografiyasi/ O‘zbekiston. Til va madaniyat/2025/2/52.

Suyutiy. Bug‘yatu-l-vuot. J.2.-B.280.

Toshko‘prizoda. Miftahu-s-saodat. Bayrut. 1985. J.2. -B.88.

Yoqut Hamaviy. Irshodu-l-arib ila 


 

[1] “Робиъу-л-аброр”. Байрут. 2006.-Б.13.

[2] Асосу-л-балоға. Байрут.1996. -Б.125.

[3]  Асосу-л-балоға. -Б.378.

[4] Робиъу-л-аброр ҳам ахлоқшунослик китобига киради аммо бу асар умумийроқ бўлиб, сиёсий, ижтимоий каби бошқа мазуларни ҳам ўз ичига олган.

[5] Баъзи манбаларда “Насоиҳу-с-суғро” деб юритилади.

[6] №435-рақамли қўлёзма.

Другие новости

Ziyoli ayol – komil inson murabbiyasidir!
04.03.2026 1
Ayol ma’rifati – jamiyat baxtiOila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onning ziyosi bo‘lgan ayollar azaldan vafoli yor, mehribon ona, oila boshlig‘ining asosiy maslahatchisi sifatida qadrlanib kelganlar. Onalik naqadar mas’uliyatli va sharafli maqom...
Подробнее
Mahmud Zamaxshariy adabiy merosi (1-qism)
03.03.2026 1
AbstraktUshbu maqolada Xorazm faxri, Jorulloh (Allohning qo‘shnisi) nomi bilan mashhur bo‘lgan Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Ahmad Xorazmiy Zamaxshariyning hayoti, ilm yo‘lidagi safarlari va ta’lim olgan ustozlari haqida ma’lumotlar berilgan....
Подробнее
ISLOM SHARIATIDAGI BARCHA RO‘ZA TURLARI VA ULARNING HUKMLARI
02.03.2026 1
Ro‘za so‘zi arab tilida “siyom” deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoq ma’nosini bildiradi. Shariat istilohida esa: “Ro‘za tong otgandan ya’ni subhi sodiqdan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry