03.03.2026
1

Mahmud Zamaxshariy adabiy merosi (1-qism)

Abstrakt

Ushbu maqolada Xorazm faxri, Jorulloh (Allohning qo‘shnisi) nomi bilan mashhur bo‘lgan Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Ahmad Xorazmiy Zamaxshariyning hayoti, ilm yo‘lidagi safarlari va ta’lim olgan ustozlari haqida ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, uning pand-u nasihat va hikmatlarni o‘z ichiga olgan “Navobig‘u-l-kalim” risolasi, uning ahamiyati, asar mavzulari, kitobning muallifga tegishli ekani, asar turlicha nomlar bilan nomlangani,  buning sabablari va aslida qaysi nom to‘g‘ri ekanligi borasida olib borilgan izlanishlar natijasi ma’lum qilingan. Bundan tashqari, maqolada allomaning axloqshunoslikka oid yana ikki asari ya’ni “Nasoihu-s sig‘or” va “Nasoihu-l-kibor” haqidagi tadqiqotchilarning bahs va munozaralari, bu ikki asarning “Navobig‘u-l-kalim” bilan qanday bog‘liqlik jihati borligi haqidagi xulosalar bayon etilgan. 

Kalit so‘zlar: Zamaxshariy, “Maqomat”, “Atvoqu-z-zahab”, “Navobig‘u-l-kalim”, “Nasoihu-s sig‘or”, “Nasoihu-l-kibor”, axloqshunoslik, hikmatlar,

Abu Muzar, Sibavayh, Makka.

 

          Oʻrta Osiyo qadimdan koʻplab allomalar va buyuk mutafakkirlar zamini boʻlib, bu yerda jahonga yuz tutgan olimlar yetishib chiqqan. Ana shunday mutafakkirlardan Mahmud Zamaxshariy ham ijodiy faoliyati va oʻlmas asarlari bilan  dunyo xalqlariga Mashriqzamin yerlarini tanitdi. Xususan, lugʻat va arab grammatikasiga oid asarlari diqqatga sazovordir. Bu ilmlarni dastlab u Xorazmda ustozi Abu Muzar Mahmud ibn Jarir Zobiy Asbahoniy Xorazmiy Mo‘taziliydan (1113-yil Marvda vafot etgan) olgan. Zamaxshariy  ustozini yo‘lidan borib, undan ko‘p ta’sirlangan, shu sababli o‘zi ham mo‘tazila e’tiqodida bo‘lgan[1]. Maxmud Zamaxshariy o‘z ustozini juda sevgan va hurmat qilgan, unga vafodor bo‘lgan hamda fazilatlarini e’tirof etgan. Zamaxshariy ustozi Abu Muzarni xotirlab, unga bag‘ishlangan maqtov va olqishlarni o‘zining qasidalarida keltiradi. Olim ustoziga bag‘ishlangan oltmish bir baytdan iborat qasidani devoniga kiritgan. Mazkur qasida quyidagi xotima bilan tugaydi: 

“U haqiqatan o‘z asrining yagonasi,

Ko‘zlar undan keyin unga o‘xshashni ko‘rmadi...” [1, b. 1].

Shuningdek, alloma Xorazmdan tashqari Mashriqdagi bir qancha yurtlarda bo‘lib, diniy ilmlarni puxta egalladi.  Jumladan, Bog‘dodga 500 hijriy (1107mil.) yildan oldin safar qilgan va bir jamo’adan hadis ilmini o‘rgangan. 515-yil (1122 mil.) atrofida, yoshi 50 ga yaqinlashib qolganda Abu Bakr Yobiriy Andalusiydan “Kitobu-s-Sibavayh”ni o‘qish uchun Makkaga safar qiladi. U yerda ikki yil qolib Sibavayhning kitobini to‘liq va mukammal o‘rganadi [2, b. 76-77]. Zamaxshariy bu kitobdan juda ko‘p foydali ilmlarni olgan. Shundan so‘ng alloma o‘z yurtiga, ya’ni Xorazmga qaytib keldi. Ammo uni Makkaning sog‘inchi o‘rtab 526 yilda (1132mil.)yana qaytib borishlik nasib qildi. U yerda 5 yil yashadi. Makkaga qo‘shni bo‘lib yashagani uchun ham “Jorrulloh” (Allohning qo‘shnisi) deya atalgan. Zamaxshariy bunday nomlanishdan faxrlanib, ba’zi kitoblarida o‘zini shunday nomlagan ham. Masalan, “Robi’u-l-abror”[2] hamda “Devoni Zamaxshariy”[3]da o‘ziga “Jorrulloh”  nisbatini berganini uchratish mumkin. 531-yilda yurtiga qaytar ekan, yo‘lda Hijoz va Madinani ziyorat qilib, Bog‘dodda bir necha oy qoladi hamda barcha kitob va daftarlarini Abu Hanifaning maqbarasida qoldiradi. Bu haqida Hofiz Salafiyga yozgan maktubida quyidagicha aytadi: “Kitoblarimning hammasini Abu Hanifaning mashhadiga olib kelib qo‘ydim. Qo‘limda hech narsa qolmadi. Birgina Allohning kitobini saqlovchi o‘laroq qo‘limda qoldirdim” [2, b. 285]. Zamaxshariy Xorazmga qaytgach vafot etgunga qadar u erda qoladi hamda 538 (1144) yilning arafa kechasida Jurjoniyada (Urganch) vafot etadi. 

Allomaning bizga qoldirib ketgan ilmiy merosi olimlarimizning oxirgi tadqiqotlari natijalariga ko‘ra 90 ga yetgan [3, b. 64]. Tafsir, lug‘at, aruz ilmi bo‘yicha shuningdek,  masal (asl ma’nosi maqol, ammo bu o‘rinda hikmatli so‘z, pand-nasihat) va she’riy asarlari bor bo‘lib, katta hajmda devoni Zamaxshariyni yozgan. Adabiyotshunoslikka oid asarlarida insho’, saj’, nasr, tiboq kabi uslublardan mohirona foydalangan. Bunday asarlar sirasiga  “Robi’u-l-abror”, “Muqaddimat”, “Asosu-l-balog‘a”, “Navobig‘u-l-kalim” asarlari kiradi.  Bu asarlarning har biri o‘z adabiy va tarixiy qiymatga ega. Ishonchli manbalarga ko‘ra Zamaxshariy uylanmagan, bo‘ydoq o‘tgan[4]. Bir qancha baytlarida uylanishdan bo‘ydoqlik afzalligiga ishoralar qilgan. Masalan,  tadqiqotimiz asosi bo‘lgan “Navobig‘u-l kalim”da quyidagi hikmat keltiriladi:

Kim ko‘proq mashaqqatda ekanini bilmayman?, to‘lqinlar ichida  suzayotgan odammi yoki turmush asnosida yashayotgan  odam[5].  Biroq ba’zi tadqiqotchilar jumladan, Zamaxshariyning “Ru’usu-l-masoil” asarini tadqiq qilgan Abdulloh Nazir asar muqaddimasida shuningdek, Abul Amir Muhanna “Robi’u-l-abror”ning muqaddimasida Zamaxshariy oila qurgani, ammo farzandi bo‘lmaganini aytadi va buning  isboti o‘laroq turmush qurganiga nadomat qilgan ma’noni ifodalovchi ikki baytni keltirgan. Ammo tadqiqotchilar bu ikki bayt Zamaxshariyning devonidan emasligi, balki devonga qo‘shilib qolganini ta’kidlaganlar [4, b. 294; 5, 294]. Bundan esa Zamaxshariy uylanmagan degan xulosa kelib chiqadi. 

Endi tadqiqotimizning asosiy ob’ekti bo‘lgan “Navobig‘ul-l-kalim” asari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak,  asar hikmat va nasihatlar majmuasidan iborat bo‘lib, Zamaxshariyning o‘tkir iste’dodi, fikrining terangligi,  bilimining chuqurligini namoyon etadi. Alloma asarda hayotning mazmun-mohiyatini ochib berishga, inson ma’naviyatini yuksaltirishga, jamiyatda yuksak fazilatli kishilarni  ko‘paytirishga intilgan. O‘zining hikmatlari, fasohatli iboralari  bilan insonning qalbiga chuqur kirib borib, inson qalbidagi his-tuyg‘ularni ma’naviyatning eng cho‘qqisiga olib chiqadi, vijdonini uyg‘otadi. Dinni mahkam tutishga, fazilatli, adolatli,  shijoatli, pokdomon bo‘lishga, boshqalarni hurmat qilish va  yaxshi ko‘rishga chaqirgan. Shuningdek, razolat, zalolat, johillik, dangasalik, hasad, zulm, manmanlik, ochko‘zlik kabi insoniyat va jamiyatni qoloqlikka olib boradigan har bir yomon ishlardan qaytaradi. Demak, ko‘rib turganimizdek, asar har qaysi davr uchun zaruriy ko‘rsatma,  pand-nasihatlar va tarbiyaviy qo‘llanma sifatida ahamiyatga ega. Zero, yuqorida sanab o‘tilgan fazilatlarga targ‘ib qilmasdan, yomonliklardan qaytarmasdan turib barkamol va ma’rifatli avlodni tasavvur qilish mushkul. Shunday ekan, ushbu va’z-nasihatlarni o‘zida ja’mlagan, qisqa iboralar bilan keng ma’nolarni o‘z ichiga qamrab olgan asarni har taraflama tadqiq qilish, vatandoshimizning ilmiy merosini kelajak avlodga yetkaza olish muhim vazifalardan bo‘lib turibdi. 

Alloma Jorrulloh Zamaxshariyning ushbu risolasi axloqshunoslikka oid bo‘libgina qolmay, balki tarixiy hamda diniy  asar sifatida ham baholanadi. Chunki unda V asrning ikkinchi yarmi va VI asrning birinchi yarimida sodir bo‘lgan siyosiy, ijtimoiy va diniy  voqealar va olimning unga bo‘lgan tanqidiy munosabati bayon qilingan bo‘lib, bu ma’lumotlar orqali o‘sha davrning afzalliklari va kamchiliklarini hamda davr muhitini anglab olish mumkin. 

Asarning Zamaxshariyga mansubligi tarix, adabiyot, tabaqot kitoblarida va asar sharhlarida hamda muallifning o‘zining kitoblarida  aytib o‘tilgan. Jumladan, “Kashshof” nomli tafsir kitobining ikki joyida: “Navobig‘u-l-kalim”da shunday deb”, ishora qilingan, “Robi’u-l-abror”ning 14 ta o‘rnida ham asar nomi keltirilib, asardan bir necha hikmatlar aytib o‘tilgan, ammo aynan shu kitobning  besh joyida “Navobig‘ul-l kalim”da deyilganu bu kitobdan bo‘lmagan hikmatlar keltirilgan. Demak, bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, alloma “Navobig‘u-l-kalim” deganda ba’zi o‘rinlarda asarni nazarda tutgan bo‘lsa, ba’zi o‘rinlarda bu nomning ma’nosi ya’ni “fasohatli so‘zlarda”  degan iborani o‘zini nazarda tutgan. Xuddi shunga o‘xshash mavhumlikni “Maqomatu-z-Zamaxshariy” hoshiyasida ham uchratish mumkin. Bu kitobda 8 ta joyda  asar nomi aytilgan bo‘lib, uch o‘rinda asar nomi, so‘ngra asardan bir necha hikmatlar keltirilgan  ammo qolgan joyida “Navobig‘u-l-kalim”da deyilgan bo‘lsada bu kitobdan bo‘lmagan hikmatlarni uchratish mumkin. “Asosu-l-balog‘a”ning ikki joyida esa alloma bu ilmiy merosni o‘ziga nisbat bergan va sanab o‘tilgan ushbu kitoblarda “Navobig‘u-l-kalim”dan iqtibos keltirgan. Demak, ushbu hikmatlarga boy risola aynan Mahmud Zamaxshariyga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ladi. 

 

Другие новости

Ziyoli ayol – komil inson murabbiyasidir!
04.03.2026 1
Ayol ma’rifati – jamiyat baxtiOila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onning ziyosi bo‘lgan ayollar azaldan vafoli yor, mehribon ona, oila boshlig‘ining asosiy maslahatchisi sifatida qadrlanib kelganlar. Onalik naqadar mas’uliyatli va sharafli maqom...
Подробнее
Mahmud Zamaxshariy adabiy merosi (2-qism)
03.03.2026 1
Shuningdek, manbalarda asarning nomi bir necha xil ko‘rinishda nomlanganini ko‘rish mumkin. Abdulqodir Bag‘dodiy “Xizonatu-l-odob”, Hojjiy Xalifa “Kashfu-z-zunun” kitobida “Navobig‘u-l-kalim” deb zikr qilib o‘tgan bo‘lsa, Suyutiy, Yoqut Hamaviy, Toshko‘prizoda, Sofadiy va...
Подробнее
ISLOM SHARIATIDAGI BARCHA RO‘ZA TURLARI VA ULARNING HUKMLARI
02.03.2026 1
Ro‘za so‘zi arab tilida “siyom” deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoq ma’nosini bildiradi. Shariat istilohida esa: “Ro‘za tong otgandan ya’ni subhi sodiqdan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry