ISLOM SHARIATIDAGI BARCHA RO‘ZA TURLARI VA ULARNING HUKMLARI
Ro‘za so‘zi arab tilida “siyom” deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoq ma’nosini bildiradi.
Shariat istilohida esa:
“Ro‘za tong otgandan ya’ni subhi sodiqdan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zini tiyishdir”.
Islom shariatida ramazon ro‘zasidan tashqari yana bir necha xil ro‘za turlari mavjud. Ro‘za tutish mohiyat jihatidan bir xil bo‘lsa-da, hukmlari va mashru’ bo‘lish darajasiga ko‘ra farqlanadi.
Muayyan vaqtga xos bo‘lgan farz ro‘za.
Muayyan vaqtga xos bo‘lmagan farz ro‘za.
Muayyan vaqtga xos bo‘lgan vojib ro‘za.
Muayyan vaqtga xos bo‘lmagan vojib ro‘za.
Nafl ro‘za
Makruhi tanzihiy ro‘za.
Makruhi tahrimiy ro‘za.
1. Muayyan vaqtga xos bo‘lgan farz ro‘za.
Bu ro‘za ramazon oyining ro‘zasidir
Ramazon oyi ro‘zasini tutish hijriy ikkinchi sanada, sha’bon oyida farz qilingan. Ramazon oyida ro‘za tutishga sabab bo‘ladigan narsa ramazon oyning kelishidir. Ramazon oyi ro‘zasini tutish Qur’on, sunnat va ummatning ijmosi bilan sobit bo‘lgan.
Alloh taolo “Baqara” surasida:
“Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz.” degan (183-oyat).
Musulmon, oqil va bolig‘ kishiga ramazon ro‘zasining adosi, ado qila olmaganida esa qazosi farzi ayndir.
2. Muayyan vaqtga xos bo‘lmagan farz ro‘za.
Ramazon ro‘zasining qazosi va kafforot ro‘zalar ushbu ro‘za turiga mansub. Ramazon ro‘zasini uzr sababli yoki hech bir uzrsiz tutmagan kishiga uning qazosini tutib berishi farzi ayndir. Qazo ro‘zalarni darhol tutib berish shart emas. Umr davomida tutib berish yetarli. Lekin qazolarni imkon qadar tezroq bajarish maqsadga muvofiq. Qazo ro‘zalarni ketma-ket, orasini uzmay ado qilish ham shart emas.
Kafforot ro‘zalar ham muayyan vaqtga xos bo‘lmagan farz ro‘zadir. Kafforot ro‘zalarni tutib berish kishiga bir-qancha sabablar tufayli farz bo‘lib qoladi. Masalan Allohning nomi bilan qasam ichgan odam qasamini buzib qo‘ysa bu gunohi uchun kafforot o‘tashi kerak bo‘ladi. Chunki Alloh nomini o‘rtaga qo‘yib qasam ichib, unga vafo qilmaslik o‘ta katta gunoh sanaladi. Imkon qadar qasam ichishdan saqlanish lozim.
Alloh taolo “Moida” surasi 89-oyatida:
“Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmaydi. Lekin qasd ila tukkan qasamlaringiz uchun tutadi. Bas, uning kafforoti o‘z ahlingizni o‘rtacha taomlantirish miqdorida o‘nta miskinga taom berish yoki ularga kiyim berish yoxud bir qul ozod qilishdir. Kim topa olmasa, bas, uch kun ro‘za tutsin. Ana o‘sha, agar qasam ichgan bo‘lsangiz, qasamingizning kafforotidir. Qasamlaringizni muhofaza qiling. Alloh sizga shunday qilib o‘z oyatlarini bayon etadi. Shoyadki, shukr qilsangiz”, degan
Ushbu oyatda qasamning kafforoti sifatida avvalgi uchtasi ya’ni qul ozod qilish yoki o‘nta miskinni taomlantirish yoxud o‘nta miskinni kiyintirish o‘rtasida tanlov qilish, ularga qodir bo‘lmasa uch kun ro‘za tutishga amr qilinyapti. Yuqoridagi uchta amalga qodir bo‘lmagan kishi uch kun ketma-ket ro‘za tutib kaffortni o‘taydi.
Zihor kafforoti uchun ham kafforot to‘lashda ro‘za tutiladi.
Zihor shariatda erning o‘z xotiniga: “Sen men uchun onamning orqa ya’ni bel tomoni kabisan” deyishidir. Bu “Xotinim menga onam kabi harom bo‘lsin”, degan ma’noni anglatadi. Bu o‘ta katta gunoh va harom bo‘lgan ishdir. Shu sababli bu ishni qilgan erkakka og‘ir kafforot to‘lash buyurilgan.
Alloh taolo “Mujodala” surasi 3-4-oyatlarida shunday degan:
“Xotinlaridan zihor qilganlar o‘z aytganlaridan qaytsalar, (qayta) qo‘shilishlaridan avval bir qul ozod qilsinlar. Bu (hukm) va’zlanishingiz uchundir. Alloh qilayotgan ishingizdan xabardordir” (3-oyat).
“Kim (qul) topmasa, bas (qayta) qo‘shilishdan avval ikki oy ketma-ket ro‘za tutsin. Kim (ro‘za tutishga) qodir bo‘lmasa, oltmish miskinni to‘yg‘izsin. Bu (hukm) Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirishingiz uchundir. Va bu(hukm)lar Allohning chegaralaridir. Va kofirlarga alamli azob bor”
Demak xotiniga zihor qilgan kishi afsulanib, xotini bilan qayta yashashni, er-xotin munosabati qilishni istasa qul ozod qilishi, bunga qodir bo‘lmasa oltmish kun ketma-ket ro‘za tutishi, bunga ham qodir bo‘lmasa oltmishta miskinni to‘ydirishi kerak bo‘ladi. Zihor kafforotidagi oltmish kunlik ro‘za ham muayyan vaqtga xos bo‘lmagan farz ro‘zadir.
Shariatda yana bir kafforot ro‘za turi bor bo‘lib, bugun ko‘pchilik insonlar bundan bexabar qolganlar. Moʻmin ya’ni musulmon kishini xatoan o‘ldirib qo‘ygan odam islom shariatiga ko‘ra marhumning oilasiga xun puli to‘lab berishi bilan birgalikda o‘zining gunohini yuvish uchun kafforot o‘tashi ham farzi ayndir. Alloh taolo Niso surasi 92-oyatda shunday deydi:
Mo‘min mo‘minni o‘ldirmas. Magar bilmasdan qilishi mumkin. Kimki mo‘minni bilmasdan o‘ldirib qo‘ysa, bas, unga mo‘min qulni ozod qilish va (o‘lganning) ahli kechirmasalar, xun berish vojib bo‘lur...
Oyatnining davomida
“Kim topmasa, Allohga tavba uchun ketma-ket ikki oy ro‘za tutish vojib bo‘lur.” deyiladi
Demak moʻmin kishini xatoan o‘ldirib qo‘ygan odam uchun yo qulni ozod qilish, qul topa olmasa oltmish kun ketma-ket ro‘za bilan kafforotni ado qilish farzdir. Hozirga kunlarda qul topish imkonsiz bo‘lganligi uchun qatlning kafforoti oltmish kun ketma-ket ro‘za tutish bilan amalga oshiriladi.
Xatoan o‘ldirib qo‘yishga quyidagilarni misol qilish mumkin:
Bir kishi qoidalarga amal qilagan holda avtomobil boshqarib kelayotgan bo‘lsa-da biror piyodani bilmasdan o‘ldirib qo‘ysa ham kafforot lozim bo‘ladi. Biror ov hayvonini poylab turib o‘q otsa va u insonga tegib ketib, vafot etsa ham kafforot to‘laydi. Yuqorida aytib o‘tilgani kabi xun puli marhumning yaqinlariga beriladi. Kafforot esa gunohni yuvish uchun qilinishi farz bo‘lgan amaldir.
Ramazon ro‘zasini niyat qilib tutishni boshlagan shaxs uni qasdan, uzrsiz buzib yuborsa ham unga kafforot vojib bo‘ladi. Bu kafforot turida ham oltmish kun ro‘za tutish farz bo‘ladi. Bu kafforot turi zihor kafforoti bilan bir xil.
Kafforot ro‘za ehromdagi kishiga ham farz bo‘lib qolishi mumkin. Ehromdagi kishi quruqlikdagi ov hayvonini o‘ldirib qo‘ysa ikki adolatli hakam o‘sha o‘ldirilgan hayvonga qiymat belgilab beradilar. Jinoyatni qilagan kishi o‘sha qiymatga xohlasa biror qurbonlikka yaroqli hayvon sotib olib Makkada so‘yadi va sadaqa qilib yuboradi. Hoxlasa o‘sha qiymat miqdoricha bug‘doy sotib olib miskinlarga yarim so’dan sadaqa qilib chiqadi. Yarim so’ ikki kilogrammga teng. Xohlasa ushbu jinoyatining jazosini ro‘za tutish bilan o‘taydi. Bunda belgilab berilgan qiymatga necha so’ bug‘doy to‘g‘ri kelsa, har yarim so’ uchun bir kundan ro‘za tutib berali.
Uzr sababli ehromda man qilingan ishlarni qilishga majbur bo‘lib qolgan kishiga ham shariat ma’lum kafforotni belgilab bergan bo‘lib, ularning ichida ro‘za tutish ham bor. Masalan haj yoki umra uchun ehromga kirgan kishi haqiqiy bir uzr sababli sochini olishga yoki tikilgan kiyim kiyishga majbur bo‘lib qolsa qo‘y so‘yish yoki oltita miskinga yarim so’dan bug‘doy sadaqa qilish yoxud uch kun ro‘za tutib berishdan biri bilan kafforotni to‘laydi. Bu ro‘za ham muayyan vaqtga xos bo‘lmagan farz ro‘zadir.
Tamattu’ yoki qiron hajini bajargan hoji uchun qo‘y so‘yish vojib bo‘ladi. Lekin hojining qo‘y so‘yishga imkoniyati yetmaydigan bo‘lsa shariat unga keyingi imkoniyatni buyuradi. Bu, ro‘za tutish bilan zimmasidagi farzni ado qilishdir. Qo‘y topa olmagan hoji ehromdalik holida qurbon hayitigacha uch kun to‘za tutadi. Haj amallarini bajarib bo‘lganidan so‘ng yetti kun ro‘za tutadi. Hammasi bo‘lib o‘n kun ro‘za tutib berish farz bo‘ladi.
3. Muayyan vaqtga xos bo‘lgan vojib ro‘za.
Bunga muayyan vaqt bilan belgilangan nazr ro‘za misol bo‘ladi. Bir kishi falon kuni bir kun yoki ikki kun va hakazo ma’lum bir kunni falon vaqtda ro‘za tutib berish zimmamga vojib bo‘lsin deb aytsa, yoki nazr qildim deb aytsa o‘sha belgilagan kunida shuncha kun ro‘za tutib berishi vojib bo‘ladi.
4. Muayyan vaqtga xos bo‘lmagan vojib ro‘za.
[05.03.2026 9:32] Bexato: Bunga muayyan vaqt bilan belgilanmagan nazr ro‘za misol bo‘ladi. Bir kishi bir kun yoki ikki kun va hakazo ma’lum bir kun ro‘za tutib berish zimmamga vojib bo‘lsin deb aytsa, yoki nazr qildim deb aytsa shuncha kun ro‘za tutib berishi vojib bo‘ladi. Bu holda yilning xohlagan paytida tutib berishi mumkin. Lekin ro‘za tutish harom qilingan kunlarda tutish mumkin emas.
Ushbu ro‘za turiga yana bir misol:
Nafl ro‘za tutishga kirishgan kishi mehmonga borganligi yoki uyiga nozik mehmon kelib qolganligi sababli ro‘zasini buzsa mana shu ro‘zaning qazosini tutib berishi vojib bo‘lib qoladi. Qazosini tutib berish uchun esa shariat ma’lum kunni belgilab bermagan. Yil davomida ro‘za tutish harom qilingan kunlardan boshqa har qachon tutishi mumkin.
5. Nafl ro‘za
Farz va vojib ro‘zalardan boshqa mashru’ ro‘zalar umumiy tarzda nafl ro‘zalar deb ataladi. Bu ro‘zalarning ba’zilariga sunnat, ba’zilariga mandub va ba’zilariga nafl iborasi ham ishlatiladi. Nafl ro‘zalarga quyidagilar kiradi:
a) Muharram oyining to‘qqiz va o‘ninchi kuni yoki o‘n va o‘n birinchi kuni ro‘za tutish.
b) Arafa kuni ya’ni to‘qqizinchi zul hijja kuni ro‘za tutish.
v) Har oydan uch kun ro‘za tutish. Bunda oyning o‘rtasidan tutish mustahabb sanaladi. Masalan oyning o‘n uchinchi, o‘n to‘rtinchi va o‘n beshinchi kunlari. Oy deganda qamariy hisobdagi oylar nazarda tutiladi.
g) Bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmaslik ham mustahab ro‘za sanaladi.
d) Arafadan oldingi sakkiz kunni tutish.
ye) Sha’bon oyida tutish.
yo) Haftaning dushanba va payshanba kunlarini tutish.
j) Shavvoldan olti kun tutish.
6. Makruhi tanzihiy ro‘za.
Bu ro‘za turiga quyidagilar kiradi:
a) Muharram oyining o‘ninchi kunini bir kun avvalgi yo bir kun keyingi kunni qo‘shmay yolg‘iz o‘zini tutish.
b) Shanba kunini alohida o‘zini tutish.
v) Yakshanba kunini yolg‘iz o‘zini tutish.
Yuqoridagi kunlarda atayin yakka holda ro‘za tutsa gunoh sanaladi, lekin doim tutib yuradigan kunlari shu kunlarga to‘g‘ri kelib qolsa zarari yo‘q. Masalan bir kun ro‘za tutib bir kun tutmaydigan kishining ro‘zasi shanba va yakshanba kunlariga to‘g‘ri kelib qolsa joiz.
g) Juma kunini o‘zini xoslab ro‘za tutish.
d) Doim ro‘za tutib yurish ham makruhi tanzihiydir, agarchi ro‘za tutish man qilingan kunlarni chiqarib tashlab tutsa ham.
ye) Gapirmay ro‘za tutish.
yo) Ulab ro‘za tutish. Bu ro‘zada iftorlik va saharlik qilmay tutiladi. Rasululloh sav bu ro‘zadan qaytarganlar. Lekin o‘zlari orada bu ro‘zani tutganlar.
j) Musofirning qiynalib ro‘za tutishi.
7. Makruhi tahrimiy ro‘za.
Makruhi tahrimiy hanafiy mazhabiga ko‘ra haromga juda yaqin sanaladi. Imom Muhammad (ra) makruhi tahrimiy harom bilan bir xil deganlar.
a) Ramazon hayiti kuni ya’ni shavvol oyining birinchi kuni ro‘za tutish.
b) Qurbon hayiti ya’ni zulhijja oyining o‘ninchi kuni ro‘za tutish
v) Tashriq kunlari ya’ni qurbon hayitidan keyingi uch kun zulhijja oyining o‘n birinchi, o‘n ikkinchi va o‘n uchinchi kunlari ro‘za tutish.
Islom shariatiga ko‘ra mazkur besh kunda ro‘za tutish man qilingan.
g) Ayol kishining erining iznisiz yoki roziligini bilmay turib nafl ro‘za tutishi.
d) Shak kuni ro‘za tutish.
ye) Hayzli va nifosli ayolning ro‘za tutishi.
yo) Ro‘za tutsa halok bo‘lishini bilib turib ro‘za tutgan odamning ro‘zasi.
Shuni ham alohida ta’kidalab o‘tish lozim-ki, shariatda ba’zi ro‘zalar ketma-ketlikda ado etilishi lozim qilib belgilangan bo‘lsa, ba’zilarini ketma-ket ado etish shart emas.
Masalan Ramazon ro‘zasining adosi, xatoan qatl qilgan kishining kafforoti, qasamning kafforoti, ramazon ro‘zasini qasdan buzgan kishining kafforoti, zihor qilgan kishining kafforoti, muayyan vaqtga belgilab nazr qilingan ro‘zalar ketma ket tutilishi lozim bo‘lganlarga misol bo‘ladi.
Ketma-ket tutish va ketma-ket tutmaslikda ixtiyoriy bo‘lgan ro‘zalarga esa nafl ro‘zalar, qazo ro‘zalar, tamattu’ va qiron hajini qilgan hoji tutishi lozim bo‘lgan ro‘zalar, ehromda uzr sababli soch oldirgani uchun fidya o‘laroq tutilgan ro‘zalar va mutlaq nazr ro‘zalar misol bo‘ladi.
Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti va
Xadichai Kubro ayol- qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
katta o‘qituvchisi Surayyo Ibragimova
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية